OGOHLIK – TINCHLIK poydevori
Toshkent davlat islom universiteti qoshidagi akademik litseyda “Bizni hech kim ezgu niyatlarimizdan qaytara olmaydi”, deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirni Toshkent davlat pedagogika universitetining “Umumiy pedagogika” kafedrasi amaliyotchi talaba yoshlari ustozlari bilan birgalikda tashkil etdi. Unda Toshkent davlat pedagogika universitetining “Umumiy pedagogika” kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori Dilnoz Ro‘ziyeva “Ta’lim va g‘oyaviy tarbiyaning uyg‘unligi” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, tadbir davomida “Global xavfsizlik tahdid solayotgan diniy ekstremistik oqimlar”, “Diniy ekstremizm va terrorizmning ijtimoiy xavfi, insoniyatga bugungi tahdidi” mavzularida so‘zga chiqib yoshlarni hamisha sergak va ogoh bo‘lishga chaqirib, tinchligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash lozimligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir davomida akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Biz hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!” mavzusidagi insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Unga ko‘ra mazkur litseyning 43-guruh o‘quvchisi Munisa Mirzatillayeva g‘olib deb topildi.
F. SA’DULLAYEVA