Ardoqlaymiz sizni, ustozlar
Yosh avlodni ham ma’nan, ham jismonan yetuk, barkamol qilib tarbiyalash yo‘lida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyos. Mamlakatimizda barcha sohalar singari ta’lim tizimida ham soha xodimlarini mukofotlash, ayniqsa, ustozlarga alohida ehtirom ko‘rsatish yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizdagi 28-umumta’lim maktabida ham 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni ko‘tarinki ruhda nishonlandi.
Mazkur ta’lim maskanida 96 nafar pedagog 1 ming 819 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ularning 230 nafari 9-sinf bitiruvchilaridir. O‘tgan 2014–2015 o‘quv yilida o‘tkazilgan fanlar olimpiadasida 9-sinf o‘quvchilari ishtirok etib, tuman bosqichida Dilnoza Akmalova ingliz tilidan 1-, Durdona Botirova iqtisodiy bilim asoslari fanidan 1–hamda Farangiz Jamolova rus tilidan 3-o‘ringa munosib topildi. “Umid nihollari” sport musobaqasida boks bo‘yicha 1-o‘rinni egallab g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Islom Ergashev bugun maktabning faxriga aylangan.
Muassasada “Ustoz – shogird” yo‘nalishining yaxshi yo‘lga qo‘yilgani ertangi yutuqlarga zamindir.
– Maktab mustaqil hayotga zamin yaratuvchi ta’lim-tarbiya maskanidir. Shu bois jamoamiz bilan hamjihatlikda bitiruvchi sinf o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish bo‘yicha astoydil ish olib boramiz. Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning “Ochiq eshiklar kuni”da ishtirok etamiz. “Qiziqishlar xaritasi” orqali o‘quvchilarning qaysi kasbga qiziqishi aniqlanadi. Ota-onalardan ham anketa savollariga javob olamiz. Shu qatorda ishlab chiqarish korxona va sexlari, va hunarmandlar ishlari bilan tanishtirish orqali o‘quvchilarda biror kasbga qiziqish uyg‘otishga harakat qilamiz, – deydi maktab direktori Malika Azimova. – Ayniqsa, bu borada o‘quvchilar orasida o‘tkaziladigan “Men orzu qilgan kasb”, “Kasbim – faxrim”, “Men tanlagan kasbning kelajakdagi o‘rni” mavzularidagi insholar tanlovi muhim ahamiyatga ega.
Tantanali bayram tadbirida o‘quvchilarning ustozlarga atab yozgan she’rlari yangradi. Ular ijrosidagi badiiy va musiqiy dasturlar barchaga a’lo kayfiyat ulashdi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri