Ma’rifat gulshanin oftobi
– Oyijon ustozim menga besh baho qo‘ydi! Bilasizmi, bugun muallimam Nilufarning uyiga borib ota-onasi bilan gaplashibdi. Endi Nilufar bemalol maktabga qatnaydigan bo‘ldi. Dadasi ruxsat beribdi, – maktabdan hovliqib qaytib kelgan Gulbahor eshikdan kirmasdanoq onasiga gapira ketdi. – Men ham katta bo‘lsam albatta o‘quvchilariga mehribon o‘qituvchi bo‘laman…
Bolalikda ko‘ngilga tugilgan orzu va qat’iy maqsad qizaloqning hayot yo‘lini belgilab berdi. Gulbahor maktabni tamomlagach, Chimkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kirdi. O‘z orzusi yo‘lida sabot bilan borgan qizaloq vaqti kelib o‘zi ham ustoz darajasiga erishdi.
Gulbahor Reymovani bugun Qoraqalpog‘istonda tanimaydigan odam yo‘q hisobi. 1991 yildan boshlab Shumanay tumanidagi 1-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida faoliyatini boshlagan Gulbahor opa bugungi kunda ko‘plab o‘quvchilarga ta’lim berib kelmoqda.
– Maktabga kelgan bolaning qo‘liga ilk bor qalam tutqazib, unga harf o‘rgatish qanchalar mashaqqatli va mas’uliyatli ish bo‘lsa shunchalar sharafli hamdir. Zero, bolaning kelajakdagi bilimi bugun aynan siz qo‘yadigan poydevorga bog‘liq bo‘ladi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanidagi 1-umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi Gulbahor Reymova.
Tajribali ustoz mehnat faoliyati davomida 20 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 30 dan ziyod elektron dars ishlanmalarini yaratgan.
– Har safar bolalar bilan suhbatlashar ekanman, o‘zimga nimanidir kashf qilaman. Ularning ko‘zlaridagi ifoda va sizga bo‘lgan ishonch o‘z ustingizda tinimsiz ishlashga, doimo yangiliklardan xabardor bo‘lishga undaydi. Shu sababdan bolalarga dars o‘tishdan avval har bir darsga alohida tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilaman.
2013 yilda G. Reymovaning “Boshlang‘ich sinflarda matematika fani orqali o‘quvchilarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirish” mavzusidagi o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi ta’lim markazining ilmiy-metodik kengashi tomonidan “Eng samarali metodik material” deb topilib, tuman miqyosida ommalashtirilgan. Uning tashabbusi bilan maktabda “Yosh ota-onalar” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu klub “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” konsepsiyasi asosida o‘quvchilarning ta’lim tarbiyasida ota-onalar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Har yili an’anaviy tarzda 1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan bir guruh soha xodimlari Prezidentimiz tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bu yilgi taqdirlanganlar orasida Gulbahor Reymova ham II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Birgina o‘quvchingiz bayram bilan qutlasa qancha sevinasiz, boshingiz osmonga yetadi. O‘qituvchilikni tanlab adashmaganligingizni his qilasiz. Kamtarona mehnatimni qadrlab, Yurtboshimizning farmoni bilan davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganimning hayajonini esa so‘z bilan izohlab berolmayman. Bu e’tibor meni yanada o‘z ustimda izlanishga, bolalarda ilmga mehr uyg‘otish yo‘lida sobitqadamlik bilan mehnat qilishimga undaydi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, zamonning o‘zi bizdan erishgan yutuqlar bilan kifoyalanmasdan, yanada yuksak marralar sari qat’iyat bilan borishni, shu yo‘lda o‘z bilim va tajribamizni, kasb malakamiz va mahoratimizni muttasil boyitib, takomillashtirishni talab etmoqda. Bugungi yoshlarimizning kelajagi buyuk. Buning uchun yurtimizda barcha sharoit muhayo qilingan. Ana shunday e’tibor va erkinlikda o‘sib ulg‘ayayotgan yoshlarning kelajagi esa yanada porloq bo‘lishi, shubhasiz.
Farhod TOLIPOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri