YANGI O‘QUV YILI BOSHLANDI
Joriy yilning 15 sentyabridan respublikadagi mavjud 211 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlarida yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan mazkur markazlarda o‘quvchilar va ularning ota-onalari, ta’lim muassasasi xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlarida markazlardagi mavjud imkoniyatlar va faoliyat ko‘rsatayotgan to‘garaklar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuni ta’kidlash joizki, hozirgi kunda respublikadagi mavjud “Barkamol avlod” bolalar markazlarida uchta yo‘nalishda 36 nomdagi 4 ming 461 ta to‘garakka 108 ming nafardan ortiq o‘quvchi qamrab olingan. Ular o‘rtasida badiiy ijod yo‘nalishida bichish-tikish va to‘qish, yosh musavvir, texnik ijodiyot yo‘nalishida boshlang‘ich texnik modellashtirish, “Kompyuter dizayni va grafikasi”, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishida “Oila va salomatlik”, “Yosh tabiatshunos” kabi to‘garaklarga qiziqish ortmoqda.