O‘zbekiston ozon qatlamini himoya qilishda ildam
Poytaxtimizdagi Toshkent mehmonxonasida 16 sentyabr – Ozon qatlamini muhofaza qilish xalqaro kuniga bag‘ishlangan “Ozon – ultrabinafsha nurlaridan bizni yagona himoyachimiz” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, BMTning taraqqiyot dasturi, Global ekologik jamg‘armasi va O‘zbekiston Ekologik harakati tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda ozon qatlamini muhofaza qilishga asos bo‘luvchi global tashabbuslar – Vena konvensiyasi hamda Monreal porotokolini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan ishlarning natijalari hamda erishilgan yutuqlari, shuningdek, mavzu yuzasidan respublikamizda qonunchilikni rivojlantirish masalalari, amaliy ishlar, qabul qilingan boshqa choralar haqida to‘xtalib, ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni qisqartirish borasidagi istiqbolli rejalar xususida so‘z yuritildi.
Mazkur tadbir respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilib, tadbir doirasida ozon qatlamini muhofaza qilishning ahamiyatini aks ettiruvchi interfaol o‘yinlar va tematik tanlovlar, fotosessiyalar va viktorinalar ham tashkil qilindi.
Ma’rifat Tolipova,
“Sog‘lom avlod” muxbiri