SAMARQANDDA ShARQONA OHANGLAR TARANNUMI
“Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivalida ishtirok etish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan san’at namoyandalari, musiqashunoslar va badiiy jamoalar Samarqandga tashrif buyurdi. Ular Samarqandda istiqlol yillarida bunyod etilgan zamonaviy inshootlar, qayta tiklangan va yanada chiroy ochgan me’moriy yodgorliklar bilan tanishdi.
Xilde FRATUR, ijrochi (Belgiya):
– San’at olamida dong taratgan mashhur “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirok etish sharafiga erishganimizdan quvonchimiz cheksiz. Ushbu festival va uning ochilishiga bag‘ishlangan tantanalarni internet va oynai jahon orqali tomosha qilib, anjumanning nufuzi va jozibasidan hayratlangandim. O‘shanda Registon maydonida o‘tkaziladigan mazkur festivalda qatnashish orzusi paydo bo‘lgan edi. Orzuim ushalganidan juda xursandman. Mazkur festivalda “Trio Hop” guruhi bilan birgalikda Belgiya tarixi, madaniyati, urf-odatlari, odamlari, tabiati va iqlimi to‘g‘risida qo‘shiqlar kuylashni niyat qilganmiz.
Samarqandni bamisoli ertaklardagi shahar, deyishadi. Shaharni kezish asnosida bunga to‘la amin bo‘ldim. Ko‘hna madrasa-yu maqbaralar, tarixiy yodgorliklar, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yurtingizdagi tinchlik va osoyishtalik, o‘zbekona mehmonnavozlik, lutfu marhamatni ko‘rib, havasimiz ortdi.
Festival doirasida turli mamlakatlarning madaniyati va san’ati bilan tanishish, turfa xalqlarning navo va raqslaridan bahramand bo‘lish imkoniyati yaratilgani ham bizni juda quvontirmoqda.
O‘zA materiallari asosida tayyorlandi.