ShIORLAR ShIVIRLAB AYTILMAYDI

agar u Vatan haqida bo‘lsa

Askarshoh nabiram endigina ikkinchi sinfiga o‘tgan bo‘lsada juda zukko, diliga xush kelgan tushunchani birdaniga yod oladi. Ayniqsa, Vatan kuychisi – Muhammad Yusuf she’rlarini burro-burro o‘qiydi. Ikki yoshli Parizoda ham undan qolishmaslik uchun aytganlarini chuchuk tili bilan takrorlashga intiladi. Yaqinda ularni “oynai jahon” qarshisida, suxandonga qo‘shilib, nimalarnidir ko‘tarinki ruhda takrorlashayotgan holatda ko‘rdim.

– Nima aytayapsan, bolam, – so‘radim qiziqsinib.

– Shior aytayapmiz.

– Menga ham aytib beringlarchi.

Askarshoh qo‘llarini ko‘ksi ustida qovushtirdi:

– Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!

Bola shirin tilidan uchgan besh bebaho so‘z noyob qurilmaga mengzar, “betakror”, “yagona”, “ona” va “Vatan” so‘zlari to‘rt ustun misol “O‘zbekiston” nomini boshi uzra ko‘tarib turgandek edi go‘yo.

Bu go‘zal shior mazmun-mohiyatiga yetish uchun soatlab bosh qotirdim, voajab, Vatanni onadan boshqa hech narsaga qiyoslab bo‘lmas ekan, o‘rniga qo‘ymoqchi bo‘lgan tushuncha va so‘zlarim qancha urinmayin har gal zoye ketaverar, o‘zga bironta so‘z ham Vatan tushunchasi o‘rnini bosolmas edi, negaki, har kimning onasi o‘zi uchun tanho va yagona bo‘lgani qabi, Vatan ham betakrordir.

Meni ona tuproq sog‘inchi asradi

Qishloqdoshim Safar hoji Ha­yitov bir davrada ibratli voqeani gapirib berdi:

“Muborak haj safarida yurganimizda guruhimizga asl nasl-nasabi o‘zbekistonlik, ammo biron marotaba ham ota-bobolar yurtini ko‘rish nasib etmagan yigitcha yo‘lboshlovchi bo‘ldi. To‘g‘ri, u o‘zbek tilida qiynalibroq gapirar, ba’zan tegish­li so‘zni topish uchun kalovlanib qolardi. Bir kun undan:

– Uka, sen ota-bobolaring tug‘ilib-o‘sgan zamin haqida nimalarni bilasan, – deb so‘radim.

– Keksalardan tuprog‘i serhosil, osmoni serquyosh, odamlari bag‘rikeng ekanligi haqida ko‘p va xo‘b eshitganman, – javob berdi u ko‘zlari yonib.

Qiziquvchanligimga borib, uni imtihon qilishda davom etdim:

– Mana O‘zbekistonni biron marotaba ko‘rmaganligingni tan olayapsan, aytchi senga qay mamlakatning tuprog‘i aziz?

– Bu yerda baytulloh va payg‘ambarimiz ravzasi bo‘lmaganida, faqat va faqat O‘zbekiston tuprog‘ini ko‘zimga surtgan bo‘lardim”.

… O‘tgan asrning saksoninchi yillari jafokash Afg‘on tuprog‘idagi jangu-jadallardan sog‘-omon qaytgan Rustam jiyan ko‘zlariga yosh olib, Vatan tuprog‘ini yuziga surtdi:

Yana o‘qing:  BOLANGIZNING BO‘YI BARVASTA BO‘LSIN

– Shu kunlarga yetaman deb sira o‘ylamagandim. Dushman o‘qi har kun safingdan kimnidir olib ketavergandan keyin, tirik qolishinga ishonch daqiqa sayin kamayib boraverarkan. Ehtimol meni kindik qonim to‘kilgan tuproq sog‘inchi asragandir.

Yurtimizda har yili Istiqlolga erishgan kunimizni biri biridan go‘zal g‘oya va shiorlar ostida nishonlash yaxshi an’anaga aylanib borayapti. Ularning har biri qalbimizda alohida mehr uyg‘otib, o‘zini shu Vatan farzandi deb bilgan keksayu yoshni el-yurt farovonligi yo‘lida jipslashtirishga xizmat qilmoqda. Shu nurafshon kunlarimizda biz uchun olis moziy, buyuk ajdodlarimiz merosi va 24 yil ichida bosib o‘tgan yo‘limizga nazar tashlash, “Kim edik, kim bo‘ldik, kim bo‘lishimiz kerak?” degan savolga javob izlash har qachongidan muhimroq ahamiyat kasb etmoqda.

Yo‘q, men e’tiboringizni yakin o‘tmishda orzu qilish ham mumkin bo‘lmagan, istiqlol tufayli voqelikka aylangan taraqqiyot yo‘limizning hammamizga oynadek ayon ko‘rsatkichlariga emas, har birimizning ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lgan, bir qarashda oddiy tuyulgan haqiqatlarga qaratmoqchiman.

Eli boy bo‘lishni ko‘zlagan davlat qudratlidir

Olis oltmishinchi yillar, maktab ostonasini hatlagan davrim bir g‘alati suhbatning guvohi bo‘lgandim.

– Bugun kapitalistlarni chirqiratib, soliq undirdim, – dedi otam bilan gurunglashib o‘tirgan qishloq sovetining miqtigina soliqchisi.

“Soliqchi bobo shunchalik qud­ratga egamikin, kapitalistlarni chirqiratgan bo‘lsa”.

Bolalik beg‘uborligi bilan dilimdan shu fikrlar o‘tgan esa neajab.

Dunyo ikkiga bo‘lingan, devorning ikkinchi tomoni ko‘zimizga olabo‘ji qilib ko‘rsatilgan zamonlarda bundan boshqacha fikr yuritish ham amrimahol edi.

– Ko‘pam ularga ozor beravermang aka, – dedi otam unga javoban. – Shularda bo‘lsa o‘zimiz to‘y-marakasida katta-katta yermiz, bir yerga olib ketishayaptimi?!

Soliqchi bobo nega shunday dedi, otam nega “dushmanlar”ning tarafini oldi, bu suhbat sir-sinoatiga oradan yillar o‘tib yetdim. Davlat odamining “kapitalist” degani qalovini topib ro‘zg‘or qora qozoni qaynasin uchun besh-o‘n qo‘y, echki qilganlar, safarga chiqqanda ortib qolgan puliga noyob gazlamami, ro‘molmi olib kelib, narxiga yo‘l xarjini qo‘shib sotganlar ekan. Biz bugun tijorat savob ekanini, shu kabi tadbirkorlar ko‘p bo‘lsa, narx-navo pasayib, el ehtiyoji qondirilishini ko‘rib, his qilib turibmiz va xulosa chiqarayapmiz: – hammani bir qolipga solishni ko‘zlagan davlatni ixtiro qilganlar odamlarni tanlash huquqidan mahrum qilgan, ularni topganini yeyish, kiyishga odatlantirishni o‘ylagan ekan. Eli boy bo‘lishini ko‘zlamagan davlatning esa oxiri voy ekanini vaqt atalmish oliy hakam yaqqol ko‘rsatib berdi.

Yana o‘qing:  Shifoxonadagi “qorbobo”

Davru-davronimizga ming qulluq

… Nayistonlik Murod rais oddiy yuk moshinasi haydovchisining farzandi.

Bugun yoshi to‘qsonni qoralab, ko‘ksiga to‘kilgan oppoq soqoli nuroniy qiyofasiga ulug‘vorlik ato etib turgan Jumaquli bobo o‘g‘il-qizlarini yozning jaziramasiyu, qishning izg‘irini demay temir changallab voyaga yetkazdi. Ro‘zg‘orning qora qozoni birda qaynab, ko‘pda bo‘sh turgan davr­larni ham ko‘rdi. Taqdiru-azalda yozilgan ekan bugun to‘rt o‘g‘il boshini biriktirib, nabira-chevaralar davrasida baxtiyor hayot kechirayapti, hatto har bir mo‘min-musulmon uchun farz sanalgan Haj safarini ado etib, muborak hojilik rutbasiga ham erishdi.

– Davru-davronimizga ming qulluq, – deydi shu kunlarga shukrona aytib xonadon farishtasi – Jumaquli bobo. – Kechagi kunimiz bilan bugunni taqqoslab ko‘rsam yurtimiz istiqlolga erishgani tufayli yayrab-yashaydigan zamonlarga yetgan ekanmiz. Bundan chorak asr muqaddam men kabi oddiy yuk mashinasi haydovchisi qadami muqaddas dinimiz belanchagi bo‘lgan zaminga yetib borishini o‘ychi o‘yiga sig‘dirib bilarmidi?!

Darvoqe, to‘ng‘ich o‘g‘il mustaqillik totli mevasi o‘laroq fermer xo‘jaligi tashkil etdi-yu, nafaqat mirishkor dehqon, balki ilg‘or xo‘jalik rahbari sifatida o‘ziga yarasha dong taratdi. Ukalar unga kamarbasta bo‘lishdi. Baxtli xonadon dasturxoniga ko‘rk berib turgan sarxil mevalar, hatto lo‘ppi kulchalar ham xo‘jalikning o‘z yerida yetishtirilayapti.

– Istiqlolimizning 24 yilligi nishonlanadigan sana arafasida katta to‘y dasturxoni yozishni rejalashtirganmiz, – deydi Murod rais. – Uch aka-uka kelin tushirayapmiz, bizga bosh-qosh bo‘lgan otamizning 90 yoshini nishonlaymiz.

O‘zbekiston atalmish go‘zal zamin bir maqsad yo‘lida birikish, Yurtboshimiz yo‘l-yo‘rig‘iga og‘ishmay amal qilish natijasida yorqin kelajak, yuksak taraqqiyot sari yo‘l tutayapti, Vatan go‘yo o‘z fuqarolariga ham “ahillikda hikmat ko‘p”ligidan saboq berayotgandek.

… Olis manzillardan so‘roqlab kelgan mehmonimni qishlog‘imiz bo‘ylab sayrga yetakladim. Yo‘l bo‘yi pishiq g‘ishtdan olti xonali imorat ko‘tarayotgan shogirdimning ustalari bilan “horma-bor bo‘l” qildik.

– Bu uyning egasi katta tadbirkormi, – so‘radi mehmon.

– Yo‘q, o‘qituvchi, birga ishlaymiz.

– Shukur, ming bora shukur, – dedi mehmon. – Muallimlari shunday imorat qurayotgan yurt sira kam bo‘lmaydi…

Baralla kuylanadigan so‘z

… Nabiram shiorni baralla ovozda aytdi.

Urinib qo‘rdim, shiorni shivirlab aytib bo‘lmas ekan.

Yana o‘qing:  BETAKROR VATANIMIZNING BUYUK BAYRAMI

Ayniqsa, u VATAN haqida bo‘lsa…

Abdunabi ABDIYEV,

Mirishkor tumani

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: