Shahrisabz kashtachiligi

naqqoshlik va o‘ymakorlikni o‘zida uyg‘unlashtirgan

Shahrisabz kashtachilik san’ati XIX asrga kelib, o‘ziga xosligi, an’anaviyligi bilan O‘rta Osiyoda shuhrat qozondi. Uning qadimgi nusxa kompozitsiyalari ko‘p jihatdan gilam ko‘rinishini eslatadi. Islomiy naqsh – to‘p barg, gulli, ko‘ngirali “Hirot zanjirlari” Shahrisabz so‘zanalarida uchraydigan naqshlarga ham tegishlidir.

Shaxrisabz kashtachiligi asosan “iroqi” uslubida tikilsa-da, unda “yo‘rma” va “kandaxayol” choklaridan keng foydalanilgan. Kashtaning hoshiyalari va markaziy maydonini ajratib turuvchi “oba” chiziq yo‘llari ham ana shunday uslubda bajarilgan.

O‘sha vaqtlarda beklar va amirlar saroylari kashtachilik namunalariga buyurtma beruvchi asosiy iste’molchilardan hisoblanar edi. Shu bois bu milliy mahsulot ko‘pincha shahar muhiti va tarovatining estetik didini o‘zida aks ettirgan.

Ma’lumki, ulug‘ sarkarda Amur Temur ham o‘sha vaqtlarda boshqa yurtlardan eng yaxshi naqqosh va hunarmandlarni olib kelganligi bois shaharda hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Natijada Shahrisabz kashtachiligida ham naqqoshlik, o‘ymakorlik bilan bog‘liqlik, gul shakllarining tushurilishi, barg naqshlari bilan boyitilgan o‘simlik shakllarini ifodalovchi bezak uslublari yaxshi rivojlangan va haqiqiy bezak kompozitsiyalarini, xalqona shakllarni o‘zida mujassamlashtirgan tasvirlar paydo bo‘lgan.

Kashtalarni tayyorlashda qo‘lda tikilgan paxta yoki shoyi matodan, shuningdek, ipak va jundan foydalanilgan. Shu tariqa kashtachilikning rivojlanishi tufayli Shahrisabzda hunarmandchilikning bu turi o‘z rang-barangligi, serjiloligi hamda sifatliligi bilan dovrug‘ qozongan.

Tadqiqotchilarning aytishicha, Shahrisabz kashtasi gulbezaklarining ko‘pligiga ko‘ra, Buxoro va Nurota kashtachilik namunalariga yaqindir. Nurota kashtachiligida gul tasvirlariga nazokat va nafislik baxsh etuvchi erkin tagligi katta o‘rin tutsa, Shahrisabz kashtachiligida taglikni to‘laligicha naqsh bilan bezash yoki bezakning bir tekisda taqsimlanishi yanada yorqin aks etadi. Shu sababli Shahrisabz kashtachiligining asosiy va qo‘shimcha bezaklari boy va turli tumanligi, jozibali va serqirraligi bilan ajralib turadi. Barglar va gul zangilaridan iborat cheksiz bu manzara mo‘l ko‘lchilik, jo‘shqinlik, bahor va hayot ramzlarini ifodalaydi.

Shahrisabz bezakchiligida keng tarqalgan yo‘nalishlardan biri, ko‘plab mayda gullar bilan bezatilgan novdalarning ko‘rinishidir. Bu uslub xalq kashtachilik san’ati hamda saroy san’atida ham keng tarqalgan. Ular Shahrisabz yodgorliklari va me’moriy bezaklarida ham o‘z aksini topgan. Ko‘p bargli bezakning o‘zi ham Sharq xalqlarida quyosh belgisini ifodalaydi.

Яна ўқинг:  ЁШЛАРНИНГ бизнес ғоялари қўллаб-қувватланмоқда

To‘yga atab tikilgan kashta va so‘zanalarida ham hayot, quyosh, hosildorlik ramzlari aks etadi. Kashtalarning rangi bezak sifatlarini kuchaytiruvchi yorqin ranglar jilosi bilan ajralib turadi.

XIX asr o‘rtasida anilin buyoqlaridan foydalanish Shahrisabz kashtalari sifatiga salbiy ta’sir qildi. Garchi kashta tikishda safsar, moviy, yashil kabi ranglardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lgan bo‘lsada, kashtalar o‘ziga xos bo‘lgan tabiiy ranglar uyg‘unligidan mahrum bo‘ldi.

XIX asr oxirlariga kelib, Shaxrisabz kashtalari xalq san’atining noyob asarlari darajasiga yetdi va temuriylar davridan beri saqlanib kelayotgan an’anaviy madaniyatning nechog‘li betakror bo‘lganligini yana bir bor isbotladi.

Gulnoza USMONOVA,

TDPU o‘qituvchisi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: