Xalq omon, qo‘rg‘on but, farzand salomat
Yurtimizda istiqlol yillarida aholi salomatligini asrash, ayniqsa, onalar va bolalar sog‘lig‘ini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilib, bu boradagi sa’y-harakatlar izchil amalga oshirilmoqda.
Zero, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.
Prezidentimizning 2009 yil 13 apreldagi “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2009 yil 1 iyuldagi “2009–2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarorlari mazkur yo‘nalishdagi islohotlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishini ta’minlash uchun, avvalo, mavjud muammolar va ularning asosiy sabablarini aniqlash hamda tegishli choralarni o‘z vaqtida ko‘rish muhim hisoblanadi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab fuqarolar salomatligini asrash, bolalarni sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazish borasida samarali islohotlar amalga oshirildi. Ko‘plab zamonaviy tibbiyot muassasalari bunyod etilyapti, mavjudlari kapital rekonstruksiya qilinib zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda. Malakali shifokorlar tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan sifatli tibbiy xizmat ham fuqarolarimiz sog‘lig‘ini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda. Ayniqsa, rivojlangan chet davlatlarning nufuzli tibbiyot muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorlik aloqalari bu yo‘nalishda ulkan samara bermoqda.
Andijon viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti va YUNISEF bilan hamkorlikda olib borilgan faoliyat natijasida olti nafar oliy toifali shifokordan mahalliy va milliy murabbiylar tayyorlandi. Viloyat bo‘yicha shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari uchun dasturda belgilab berilgan mavzular bo‘yicha seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazilib, shu mavzular asosida amaliy-uslubiy yordamlar tashkil qilindi. Markazda viloyatimizning shahar va tumanlari bosh pediatrlari ishtirokida “Mahorat darslari” o‘quv-amaliy seminarlari o‘tkazilib kelinmoqda.
– Yurtimizda ona va bola salomatligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, – deydi muassasa bosh shifokori Bobur Rahimov. – Prezidentimiz rahnamoligida aholining reproduktiv salomatligini oshirish, ona va bola muhofazasini yanada yaxshilash, oila institutini mustahkamlashga doir samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tug‘ruqxona komplekslari va bolalar tibbiyot muassasalarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga mos ilg‘or tashxis qo‘yish, profilaktika va davolash texnologiyalari joriy etildi. Muxtasar aytganda, mamlakatimizda bolalar sog‘lom tug‘ilib voyaga yetishi, ulg‘ayganidan so‘ng jamiyatimizda o‘zining munosib o‘rnini topishi uchun barcha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi grantlari asosida 20 dona tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. Markazda hozirgi kunda 200 o‘rinli jarrohlik bo‘limlarining anestezilogiya bo‘limi binosi Germaniya banki loyihasi asosida 64 xil turdagi eng yangi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Joriy yilning shu davriga qadar muassasaning jarrohlik bo‘limlarida jami 180 nafar bemor davolanib, sog‘lomlashtirildi. Bu maskanda 150 qatnov quvvatiga ega bo‘lgan maslahat poliklinikasi faoliyat olib boradi. Maslahat poliklinikasida 14 xil turdagi tor soha mutaxassislari, viloyatdagi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga zarur maslahatlar berishmoqda. Shuningdek, mutaxassislar viloyatimizning barcha tumanlariga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan salomatlik haftaliklarida faol ishtirok etmoqdalar.
Markaz shifokorlari Andijon viloyatining barcha tumanlariga mas’ul etib biriktirilgan. Ular Andijon shahridagi mavjud mahalla fuqarolar yig‘inlari, maktab, kollej, litsey va oliy o‘quv yurtlarida “Sog‘lom turmush tarzi” mavzularida muntazam suhbatlar olib boradilar.
Muassasada joriy yilning aprel oyida “Sen yolg‘iz emassan” Bolalar jamoatchilik va Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondlarining “Bolalarga tabassum” loyihasi asosida viloyatimizdagi 12 nafar tug‘ma tanglay-lab nuqsonlari bo‘lgan bolalarda operatsiyalar o‘tkazildi, ular sog‘lomlashtirildi.
Har qanday jamiyat sog‘lom va barkamol, el-yurtiga sadoqatli, iymon-e’tiqodli farzandlari bilan faxrlanadi, ularga suyanadi. Shunday fazilatlarga ega avlodni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalq kelajakka katta ishonch bilan qaraydi.
Dunyo – bolalar kulgusi bilan charog‘on. Hamisha farzandlarimiz sog‘lom bo‘lib, ota-onalarining ko‘zlarini quvontirib yurishsin.
F. NURMUHAMMEDOV,
Andijon viloyati