Nafosat va shijoat ko‘rigi
Poytaxtimizda “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida badminton va sport raqsi bo‘yicha “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi kubogi uchun sport festivali bo‘lib o‘tdi.
Fond tomonidan O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va Badminton federatsiyasi hamkorligida Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan mazkur festivalda yuz nafardan ortiq yigit-qiz ishtirok etdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S. Inomova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor ulg‘ayib kelayotgan avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, har jihatdan barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Sport raqsi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada Alisher Raimjonov va Komila Mirzaahmedova, Alan Usmonov va Asel Xalilulina, Borislav Komarov va Aleksandra Pak, Nikita Xvan va Karina Ibodxo‘jayeva, Behruz Sodiqov va Qumriniso Shoumarova juftliklari g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Bahslarda “Shans” jamoasi birinchi, “Alyans” jamoasi ikkinchi, “Daimond” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Badminton bo‘yicha musobaqalarda Ivan Qo‘ziyev, Ilya Lazakov, Ivan Barinov g‘olib bo‘ldi. Qizlar o‘rtasida Diyora Aripxonova, Nigina Isoqova, Barno Qosimxo‘jayeva shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Abbos ERGASHEV,
“Sog‘lom avlod uchun” fondi matbuot kotibi