MUVAFFAQIYAT FORMULASINI bilimli bolalar topadi

Yurtimizda navqiron avlod istiqboli yo‘lida yaratilgan imkoniyatlar o‘g‘il-qizlarimizning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan va kam bo‘lmasdan voyaga yetishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bunday e’tibor natijasida O‘zbekiston yoshlari xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan turli nufuzli tanlovlar, festivallar, fan olimpiadalarida munosib ishtirok etmoqda. Joriy yilning 27-31 iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Chanchun shahrida matematika fanidan bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada O‘zbekiston jamoasi muvaffaqiyat qozongani buning dalilidir.

Mazkur intellektual bellashuvda o‘ttizga yaqin davlatdan olti yuzdan ortiq o‘quvchi qatnashdi. Ushbu musobaqaga mamlakatimiz yoshlari ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rdi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Bilimlar bellashuvi”ning tuman (shahar) va viloyat bosqichlarida faol qatnashgan 6-8-sinflarning 300 nafar o‘quvchisidan iborat maxsus jamoa shakllantirildi. Ular orasidan tanlov asosida saralab olingan to‘rt nafar o‘quvchiga algebra, geometriya, ehtimollar nazariyasi elementlari, matematik mantiq bo‘yicha masalalar ishlashning eng ilg‘or uslublari o‘rgatildi.

Natijada Xitoyda bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi 17-ixtisoslashtirilgan maktabning 8-sinf o‘quvchisi Jahongir To‘rayev, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 8-sinf o‘quvchisi Abbos Sayliyev yakka tartibdagi bellashuvda kumush medalga loyiq topildi. Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internatining 7-sinf o‘quvchisi Saydali Murodillayev, poytaxtimizdagi 50-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi 7-sinf o‘quvchisi Robert Chestnov faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Turnirda umumjamoa hisobida O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi o‘rinni egallab, musobaqa kubogini qo‘lga kiritdi.

– Xalqaro musobaqada ona Vatanimiz shon-shuhratini namoyish etganimiz ozod va obod Vatanda, istiqlolning cheksiz imkoniyatlaridan bahramand bo‘lib voyaga yetayotganimizning ifodasidir, – deydi xalqaro turnir sovrindori Jahongir To‘rayev. – Bundan cheksiz faxrlanamiz. Men matematika o‘qituvchisi bo‘lishni orzu qilaman. Buning uchun yurtimizda barcha zarur sharoit mavjud.

– Prezidentimiz tomonidan yosh avlod uchun yaratilgan ulkan sharoitlar farzandlarimizning orzulariga qanot bag‘ishlab, ularni yangi-yangi marralar sari ruhlantirmoqda, – deydi musobaqa g‘olibi Jahongir To‘rayevning otasi Husniddin aka. – Navqiron avlodning kamoloti yo‘lida ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor uchun davlatimiz rahbaridan g‘oyat minnatdormiz.

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Yana o‘qing:  KITOB BAYRAMI – MA’NAVIYAT BAYRAMI

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: