BU SENMISAN, ESHIK QOQQAN YURTIM BAHORI!

Bahor borliqni uyg‘otgan, mudroq vujudlarda ham tong otgan. Hamma uni sog‘ingan, o‘zicha peshvozga oshiqqan: bolalar ko‘chalarni ko‘chirib, varraklarni uchirib, boychechak qo‘shig‘ini aytib, momolar uni ko‘zlariga surtib. Qizaloqlar sochlarini maydalab o‘rdirib, onalar doshqozonni sumalakka to‘ldirib, otalar halimni suzib, dehqon dalasini kezib, tong azondan uyqusi qochib, yerga baraka urug‘ini sochib, gina-kuduratlar yo‘qolgan, kim kimning ko‘nglini olgan…

MAJNUNTOL

Qizaloqlar… Ularning murg‘ak ko‘ngillariga ham bahor quvonchlari allaqachon kirib kelgan. Majnuntollar, eng avvalo, qizaloqlarga salom bergan, ta’zim qilgan. Tol novdalarini bo‘rtib chiqqan go‘zallikni hech kim qizaloqlar kabi ilg‘ay olmas. Qizaloqlar kabi boshlariga ko‘tarib yurmas. Tol novdalaridan ajratib olingan bargaklar qizlarning sochlarida jamalaklarga, boshlarida chambaraklarga aylanadi. Bir go‘zal jilo beradi. Bolalik olamining musaffo suvrati tolbargak taqqan qirqkokilli qizlar yuzlarida aksini topganday xuddi.

Majnuntol esa… Shu qizaloqlar tufayli ko‘klamning timsoliga aylanadi. Yerga ta’zim bajo aylab turgan novdalarga boqqan kishi, u ayol bo‘lsa umrining bahor faslini – tolbargak taqib chopib yurgan, erkak bo‘lsa, bargak taqqan qizlarning sochlaridan tortqilagan damlarini eslaydi.

Yurak bolalik sog‘inchida og‘riy boshlaydi…

SUMALAK

Bu kunni onalar ham orziqib kutishadi. Hali qishning qirovi ketmay ular qalbini sog‘inch tuyg‘ulari zabt eta boshlaydi. Quloqlariga sumalakning vaqir-vuqir qaynagani eshitilganday, muattar hidi har yon taralganday bo‘ladi. Doshqozon atrofida davra tortib qo‘shiq aytganlarini eslashadi…

Sumalak bahonasida qo‘shnilari-yu qarindoshlari pishirib kelgan qovoq somsa-yu qat-qat patirni, ko‘k somsa-yu holvaytarni eslashadi. Ayniqsa, “uchpishar” deb nom olgan o‘zbekcha varaqining qat-qatidagi ajib ta’mni eslab, lablari tamshanadi.

“Kelinimning ko‘zi eson-omon yorisa, sumalak qilib qo‘shnilarga tarqataman…” “Qizim institutga o‘qishga kirsa, sumalak ulashaman…” “O‘g‘lim diplom olgan yili sumalak qilib beraman…” Yana kimdir biror mushkuli yechim topsa, kimdir savdosi baroridan kelsa, kimdir sog‘ayib ketsa… Yana kimdir… Ehhe… Dillarda tugilgan niyatlar shu qadar ko‘pki…

Niyatlari ijobat bo‘lgan onaxonlarning hovlilaridan erta bahorda sumalakning yoqimli qo‘shig‘i eshitilgani eshitilgan:

Aytmoqchi, sumalakning boshida qilingan niyat ijobat bo‘lgay, shul bois sumalak kavlash uchun qo‘liga kapgir olganlarning lablari pichirlab, dilidagini tiliga tushiradi: el shod bo‘lsin, yurt obod…

Яна ўқинг:  ОНА БАҒРИ – БАХТ ОШИЁНИ

Tong azondan bolakaylar chopqillab-chopqillab qo‘shnilarga Navro‘z taomlarini ulashadilar: sumalak, sumalak!

QALDIRG‘OCh

Bahorni kutayotganlarning ko‘zlari osmonda. Samo uzra belanchakday tebranib uchayotgan turnalar karvonlarini sog‘inishgan. Ularning “qurey-qurey”larini qo‘msashgan. Sog‘inch to‘la nigohlar intiqlik ila chinorlar tepasiga qarab qo‘ygan. Asrlar bilan tengdosh daraxtlarni o‘ziga maskan aylagan laylaklarni kutgan. Uylariyu ayvonlari peshtoqida in qurgan qaldirg‘ochlarni sog‘ingan. Ularning tashrifidan yuzlarida tabassum balqigan. Qaldirg‘och uyni qora tortib keldimi, demak, bahor o‘zi bilan birga xonadonga fayz-baraka olib kelgan. Qaldirg‘och in qurdimi, demak, Sharq taqvimidagi yangi yil xonadoni uchun xosiyatli kelgan.

Rivoyat qilishlaricha, odamizod ustidan Allohga arz qilib ketayotgan arining tilini qaldirg‘och uzib olganmish…

Emishki, qaldirg‘och insonning eng yaqin do‘sti…

Emishki, qaldirg‘ochning qanotlari shunchalik chiroyliki, suluv qizlarning qoshi unga qiyos…

Emishki, uning nomi ham chiroyli, qizlarga ism qilib berilgan…

Qaldirg‘och – xosiyatli qush…

Lola O‘ROQOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: