BILLUR FAVVORALAR ZAVQI
“Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim-qadim zamonda, qalin bir o‘rmonda sehrli uycha bo‘lgan ekan, – deya ezgulikni tarannum etib boshlanuvchi ertakni eslaysiz-a? Axir ertaklarni, bolalik xotiralarni yod olmay bo‘larkanmi? Darhaqiqat, so‘lim Toshkentning Xadra maydonidagi O‘zbekiston Davlat sirki binosiga tutash bolalar maydonchasiga ko‘rk bo‘lib yarashib turgan ana shu sehrli mo‘jaz uychani ko‘rsangiz xuddi o‘sha uzoq qalin o‘rmondagi mo‘jazgina koshonaning o‘zi ekaniga yana bir bor amin bo‘lasiz.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yanada ko‘rkam chiroy ochib, gulu gulzorga burkangan Xadra maydonidagi zamonaviy yo‘llar va ko‘rkam ko‘priklar qatori bolajonlarni ertaklar olamiga chorlovchi bolalar maydonchasi kichkintoylarning haqiqiy dam olish maskaniga aylangan.
Bolalar maydonchasiga kiraverishda joylashgan rango-rang chiroqlarga burkangan, billur suvlarini kaftlarida zavq bilan uzatib xuddi bir-biri bilan kimo‘zarga o‘ynayotgandek qarama-qarshi holda joylashgan favvoralar kishi ko‘ngliga ajib bir xush kayfiyat bag‘ishlaydi.
Biz ham kuylovchi favvoralar qo‘ynidagi gavjum ko‘ngilochar maskanda bo‘lib buvijonlaru bobojonlar va nabiralar suhbatidan bahra oldik. Kichkintoy do‘stlarimizning so‘zlarini tinglar ekanmiz, ularning donoligidan hayratlanamiz. Bularning bilag‘onligini-chi… “Zamonasiga yarasha”, degani shu bo‘lsa kerak.
– Buvijon, men katta uyning rasmini chizdim. Endi siz ham, bobom ham menikiga ko‘chib kelasiz. Shunda Shirin ikkalamiz dadajonimga har kuni “bizni qishloqqa –buvijonimga olib boring”, – deb xarxasha qilmaymiz. Nabirasi Abbosning chizgan rasmiga nigoh qadagan Ruxsora buvi boshini sarak-sarak qilganicha: “O‘zim o‘rgilay bilag‘on nabiramdan, – deydi jilmayib. “Buvijon to‘xtab turing, uyni ikki qavat qilib chizaman, shunda yana ham ko‘rkamroq bo‘ladi”. Buvi mamnun qiyofada nabirasining boshini silab qo‘yadi.
– Bobojon keling siz ham yonimizga o‘tiring bu teplovoz tez yuradi, birgalashib yangi ko‘prikka chiqamiz, keyin sizga chiroqlari ko‘p yangi yo‘lni ham tomosha qildiraman, – bobosini shoshiradi Gulshanoy. – Xo‘p bo‘ladi asal qizim, bu yangi ko‘priging va yangi yo‘ling qayerda ekan?, – ajablanadi bobosi. – Ular-mi-i? Ana Xadra maydonida-da bobojon,– hayajondan entikib so‘zlaydi nabirasi. Atrofga razm solib shodu xurram quvnayotgan bolajonlarni ko‘rib, ularning zavqidan mamnuniyat bilan boqib turgan kattalarni kuzata turib Nusrat bobo beixtiyor bir entikish bilan astagina yetkazganingga shukur, ha bu Mustaqillik mevasi-da bolam, buning qadriga yetish keksayu yoshning burchi sanaladi,– deganicha nabirasining yelkasiga qoqib qo‘yadi.
– Bobojon ketmang, biznikida qoling ertaga sizni bog‘chamga olib boraman. U yerda ham shunday maydonchamiz bor.
Sizga ham bog‘chada shirin kulchalar berishadi. Mazza qilib yeymiz. Bog‘cha opamiz Vatan haqida she’r yodlatgan. Sizga aytib beraymi?
– Qani-i…? Eshitaylikchi bolam.
Doniyorning dona-dona so‘zlariga quloq tutgan Anvar bobo bolalar maydonchasidagi o‘tirg‘ichga suyanib oldi.
Bu gul Vatan g‘unchalari biz bo‘lamiz,
Ulg‘ayamiz bag‘rida kuchga to‘lamiz.
Bobom- buvim, ota-onam bir oila,
Ko‘ngillar shod opa-singil, aka- uka.
– Vatan, bir oila deysizmi?, – ataylab ajablanadi bobosi Doniyorjonni savolga tutib. – Vatan bu bizning uyimiz, oila degani siz, buvijonim, dadajonim, oyijonim hamda yonimizda o‘tirgan Mirhamid ukam va beshikdagi Gulhayo singlim-da bobojon.
Mazkur bolalar maydonchasidan chiqib Olmazor tumani Qoraqamish dahasida joylashgan kichkintoylar bilan gavjum ko‘ngilochar dam olish maskaniga yo‘l olamiz. Ushbu bolalar maydonchasida turfa rang qushlar va yovvoyi hayvonlar siymosi aks etgan haykalchalar diqqatimizni tortadi. Bag‘rida shodon bolalar bilan goh osmonga, goh zamin sari tebranib uchayotgan halinchaklar go‘yo tinchlik kuyini tarannum etayotgandek. Bolajonlarning qiqirlagan zavqli kulgusi ko‘kni tutadi. Ular bilan xayrlashib tengdoshlari bilan gavjum bo‘lgan Toshkentimizning Yunusobod tumanining 4-dahasida joylashgan “Bolalar maydonchasi”ga kirib boramiz. Kichkintoylarning shodligidan bir-birlari bilan quvlashmachoq o‘ynashlari, ayniqsa bolalar maydonchasida mo‘jizaviy tezyurar poyezdchalarga o‘tirib quvonch bilan kattalarga qo‘l silkitib ketayotganini ko‘rib zavqimiz oshadi. Go‘yoki ular bolalikning sehrli olamiga sayohat uyushtirayotganidek.
Ha, yurtimizga bunday baxt epkinini sochgan tinchlik so‘zi, hurlik o‘zi va ozodlik kalomidir. Biz esa o‘sha olis bolalik sari yetaklovchi ertaklardagi sehrli uychasi bor o‘rmonlarni endi yurtimizning har go‘shasidagi bolalar maskanlarida ko‘rib bolalik bilan bot-bot yuzlashaveramiz. Bundan esa o‘zimizning ko‘nglimiz yanada toza tuyg‘ularga burkanadi.
Jamila HAYDAROVA