ERTAKLAR OLAMI
Qalin qorning g‘ijirlashiga mahliyo bo‘lib shahrimizning yuragi bo‘lmish Mustaqillik maydoniga yetib qolganimizni ham payqamay qolibmiz. Sovuq bo‘lishiga qaramay bu yerda odamlar gavjum. Chor-atrofi toza va ozoda, ko‘rkam maydonning go‘zalligidan zavqlanib, sof havodan to‘yib-to‘yib nafas olamiz. Qishki ta‘tilda sizlarni Mustaqillik maydoniga olib boraman, degan oyijonimni shu tobda biram yaxshi ko‘rib ketdimki asti so‘ramang.
– Voy! Oyijon, manavi archalarga qo‘ngan qorparchalarni qarang, xuddi kapalakka o‘xshaydi, deydi ukam Jasurbek quvonchdan ko‘zlari chaqnab, maydonga kiraverishdagi bir tekida turgan qator archalarni ko‘rsatib. Oyim jilmayib bosh irg‘ab qo‘yadi. Katta opam va akam oldinda, men va ukam oyimning yonida maydon bo‘ylab odimlaymiz. Barcha mustaqillik maydoni o‘rtasidagi bayram archasi sari oshiqadi. Uning rang-barang o‘yinchoqlar bilan yasatilganiyu, ko‘zni qamashtiruvchi bezaklariga qarab diling yayraydi. O‘yinchoqlarning ko‘pligini, yonuvchi chiroqlarning rang-barangligini ko‘rib xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek bo‘lasan. Archa atrofidagi shodiyonalar kechgacha davom etadi. Bayramni tomosha qilib, yangragan kuy va qo‘shiqlardan bahra olamiz. Opamning raqsga tushishi, ukamning quvnoq she`r aytishidan zavqimiz yanada oshadi. Oyijonim olgan sovg‘alarini bizga ulashadi. Shodlanib ketamiz. Qishki ta‘til onlarining zavqini tuyamiz. Bir olam taassurotlar bilan uyga qaytar ekanmiz, darhol qo‘limga qalam qog‘oz olib qish manzaralari haqida she`r yozishga kirishdim.
Nurbekjon TO‘XTAMURODOV, “Nafis g‘unchalar” to‘garagi a`zosi