ShIFOBAXSH OLCHA
Xalq tabobatida olcha suvi bronxit, traxeit va yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishida balg‘am ko‘chiruvchi, isitmani tushiruvchi vosita sifatida tavsiya etiladi. Shuningdek, olcha ishtahani ham ochadi.
Olcha mevalarida glyukoza, fruktoza, saxaroza, kletchatka, pektin, oqsil moddalari va yog‘lar bor. Shuningdek, unda ko‘pgina vitamin A, V1, S, RR hamda kaliy, kalsiy, magniy, natriy, temir, yod, marganets singari qator mikrounsurlar mavjud.
Zamonaviy tibbiyotda olchadan turli yallig‘lanishlarga qarshi ta’sir ko‘rsatadigan antiseptik, anemiya (kamqonlik) va sklerozga qarshi vosita tariqasida foydalaniladi. Bu meva tarkibidagi kumarinlar va oksikumarinlar qon ivuvchanligi ko‘payib ketganda ajoyib samara beradi. Shu jihatdan olcha miokard infarktini boshdan kechirgan odamlarga foydali. Uning mevalarida burishtiruvchi ta’sir ko‘rsatadigan va ichakdan zaharli moddalar so‘rilishini kamaytiradigan pektin moddasi bor. Olcha mevasi chanqoqni bosadi, ovqat hazmini yaxshilaydi, ichni yumshatadi. Urug‘idan tayyorlangan emulsiya peshob-tosh kasalligi, surunkali kolit (qabziyat), ichak atoniyasi (tarangligini bo‘shashib qolishi)ni davolashda ishlatiladi.
Dilnoza ROZIQOVA