SARATONNING OLDINI OLUVCHI MAHSULOTLAR
Ko‘pgina onkologlar o‘sma (rak) kasalliklarini oldini olishda sifatli va to‘g‘ri ovqatlanish hamda sog‘lom turmush tarziga amal qilish, serharakatlik muhim ahamiyatga ega deyishmoqda.
Quyidagi mahsulotlarni tez-tez iste’mol qilish (agar ularga moneliklar bo‘lmasa) saraton profilaktikasida ijobiy ta’sirga ega. Ya’ni, sarimsoqpiyoz, brokkoli, gulkaram, bryussel karami, dukkaklilar (mosh, loviya, no‘xat, yasmiq, soya, arpa, tariq, suli) ayniqsa ularning undirilgani va to‘q yashil tusli ko‘katlar, uzum yoki qizil vino, ko‘k choy, pomidor, zig‘ir urug‘i, qo‘ziqorinlar, dengiz o‘tlari, sitrus mevalar, chernika mevasini iste’mol qilish, kofe (bir kunda bir finjon), aspirin (atsetilsalitsilat kislota) kun davomida ovqatlanishdan keyin yarim saot o‘tgach 2 dona tabletka ichish maqsadga muvofiq. Agar bu dori och qoringa ichilsa me’da shilliq qavatini yallig‘lantirib, yara paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Yana doimo jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, mudom harakatda bo‘lish tarkibida A, Ye, S, V guruhi bo‘lgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlaridan har kuni iste’mol qilish ham sizni bu darddan asraydi. Ayniqsa, sariq-qizg‘ish tusli mevalar pomidor, oshqovoq, xurmo, o‘rik, qizil lavlagi(qaynatilgani yoki olma, sabzi aralash sharbati), sabzi(qizil va sariq tusli), kalina, chakanda kabi reza mevalari, 1, 5-2, 5 foizli yog‘li sut va sut mahsulotlari, pishloq, yog‘siz qatiq, sut, suzma, yogurt, dimlangan va qaynatilgan yog‘siz mol, quyon go‘shtlari tanovul qilish maqsadga muvofiq. Mayda “Ekstra” tuzidan ko‘ra yirikroq tuz ma’qul.
Shuningdek, yog‘li, achchiq, sho‘r, dudlangan, tuzlangan, marinadli oziq-ovqat mahsulotlarini suiste’mol qilishdan ehtiyot bo‘lish zarur. Ichish, chekish va turli stress (ruhiy zo‘riqishli) holatlar, depressiya(tushkunlik) ham saraton rivojlanishiga zamin yaratadi.
GULSHIRIN