UZOQ UMR KO‘RISH SIRI TOPILDI
Aynan qaysi genlar umrni uzaytiradi? Nima sababdan ba’zi bir oilalar uzoq umr ko‘radi? Qarish jarayonini sekinlashtirish mumkinmi? Yosh bilan bog‘lik kasalliklardan qanday himoyalansa bo‘ladi? Ushbu savollar deyarli barcha insonlarni qiziqtiradi.
Har bir xalqda o‘zining millatiga xos uzoq yashash retsepti mavjud. Masalan, amerikaliklar uzoq umr ko‘rish uchun doimo harakatda bo‘lish kerak deb hisoblasa, yaponlar ko‘proq guruch va baliq mahsulotlarini tanovul qilish, fransuzlar esa sifatli vino ichish kerak deb hisoblashadi. O‘tkazilgan so‘rov natijalari bo‘yicha esa 60 foiz insonlar baxtli hayot kechirish va yaxshi ta’minlanganlik uzoq umr ko‘rishning asosi deb javob berishgan.
Yaqinda Isroilda o‘tkazilgan VIII Yevropa biogerontologiya kongressida yuqoridagi muammolar yuzasidan olimlar so‘zga chiqishdi. Ularning ta’kidlashicha genlar uzoq umr ko‘rish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. “Uzoq umr ko‘rish genining boshqa genlar bilan o‘zaro ta’siri” mavzuida isroillik talabalar professor Vadim Freyfeld qo‘l ostida tajribalar o‘tkazishdi. Ular o‘z kuzatuvlari natijasida yangi gen yordamida uzoq umr ko‘rish va kasallikni oldindan aniqlash mumkinligini isbotlashdi. Mazkur genning andazasi yaratilsa, uning yordamida keksa yoshdagilarda uchraydigan bir qancha kasalliklarning oldini olish mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha saraton, artrit, katarakta, osteoporoz o‘rta yoshlilarga xos xastaliklari sanaladi. Andozasi olingan mazkur gen yordamida insonlarda ushbu kasalliklar bilan bir qatorda yana bir nechta kasalliklarni oldindan aniqlash va o‘rtacha umr ko‘rish yoshini 20-40 yilga uzaytirish mumkin bo‘ladi.
Olimlar 2040 yilgacha o‘rtacha umr ko‘rish yoshini ikki barobarga oshirish mumkinligini ta’kidlashmoqda.
D. MUHIDDINOVA