SILGA QARSHI DORI YARATILDI
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti direktori Abbosxon To‘rayev hamda ilmiy xodim Shavkat Shomuratov tomonidan “Biomayrin” nomli sil kasalligiga qarshi kombinatsiyalashgan ta’sirli preparat yaratildi.
Ushbu dori vositasi kapsula ko‘rinishida bo‘lib, antibakterial ta’sirga ega. Mycobacterium tuberculosis mikobakteriyalarining turli rivojlanish bosqichlarida samarali ta’sir ko‘rsatadi. Preparat tarkibiga kiruvchi faol moddalar kombinatsiyasi monoterapiya vaqtida vujudga keladigan rezistentlik turg‘un rivojlanishini kamaytiradi.
Hozirgi kunda ushbu preparat yuzasidan klinik sinovlar o‘tkazilib, tibbiyot amaliyotida qo‘llashga kirishilmoqda.
Ma’lumot uchun: “Biomayrin” preparati makromolekulyar dorivor tizimda (MM 12 kDa), modifikatsiyalangan poligalakturon kislotasiga sil kasalligiga qarshi preparatlar izoniazidni (8 foiz) azometin bog‘i vositasida, etambutol (16 foiz) va rifampitsinni (13 foiz) ion bog‘i vositasida biriktirish orqali olingan.