HALOLLIKDAN HIKMAT IZLAB
Bu oilaga nafaqat jaloyirliklar, balki karmanaliklar ham astoydil havas qiladilar. Bizning ham farzandlarimiz shu oila farzandiga o‘xshasin, shu oila farzandlari kabi odobli, bilimdon bo‘lsin, deb chin dildan niyat qiladilar.Oila sardori Razzoq aka Rajabovning qishloqdoshlari orasida obro‘-e’tibori ancha baland. Karmana tuman Qishloq xo‘jalik boshqarmasida va sobiq “Narpay” davlat xo‘jaligida uzoq yillar bosh hisobchi, iqtisodchi va statist lavozimlarida ishlagan bu qadrli insonga kichiklar Razzoq aka, Razzoq tog‘a, deb murojaat qilishsa, kattalar Razzoqjon, deydi mehr bilan hurmatini joyiga qo‘yib. Hamqishloqlari oddiy va kamtarin bu insondan hamisha maslahat olishga shoshadilar.
Razzoq aka katta-yu kichikka birday maslahatgo‘y. Shirin so‘zini odamlardan ayamaydi, odamlarga intiladi, ular bilan samimiy va dilkash gurunglar qiladi. Uning o‘zi kabi suhbatlari mazmunli, gurunglari qiziqarli. Bu inson bilan bir bor suhbatlashgan kishining yana suhbatlashgisi, yana diydorlashgisi keladi…
Razzoq akaning xotirasiga havas qilsa arziydi. Salkam yetmish yillik tarixni yaxshi biladi. U kishi ba’zi voqealarni yili, oyi, hatto kunigacha aniq aytib bera oladi. Akaning hayotida yaxshi-yomon kunlar ham o‘tgan. Masalan, sobiq sho‘ro tuzumida ro‘y bergan “paxta ishi” voqealarida moskvalik qattol tergovchilar zulmidan Razzoq aka ham omon qolmagan. U kishi tergovchilar huzuriga dasta-dasta hujjatlar solingan jildlar bilan emas, shundoq o‘zlari – qog‘oz-qalamsiz borganlar. Barcha so‘roqlariga aniq va lo‘nda javoblar berib, tergovchilarni lol qoldirgan. Gdlyanning o‘zi kabi qahri qattiq zulmkor tergovchilari u kishi aytgan katta-kichik raqamlarni keyin hujjatlar bilan solishtirib ko‘rib, Razzoq akaning xotirasiga tan berganlar. To‘g‘ri va halol ishlagani uchun tergov guruhi bu insonning ishidan, faoliyatidan xato va kamchilik topa olmadi. Hatto ularning do‘q-po‘pisalari, zulmga asoslangan so‘roq usullari ham ish bermadi. Sohasini nihoyatda puxta biladigan Razzoq Rajabov mustahkam iroda bilan o‘zining haqligini, to‘g‘riligi va halolligini isbotlay oldi. Aslida shu darajaga yetishning o‘zi bo‘lgani yo‘q. U bolaligi va yoshligini shunday eslaydi:
– O‘tgan asrning 1954 yilida maktabga borganman. O‘sha davrlardagi hayot ancha og‘ir va mashaqqatli edi. Maktabga borib kelishning o‘zi azob. Lekin qiyinchiliklarga qaramasdan yaxshi o‘qirdim. Bitta kostyum-shim bilan maktabni tugatdim. O‘qituvchining og‘zidan chiqqan gapini ilib olardim. Maktabni bitirish arafasida otam olamdan o‘tdilar. Biz, 12 nafar farzand onam bilan qoldik. Men katta farzand bo‘lganim uchun onam uylanasan, deb turib oldilar. Avval ko‘nmadim. Keyin oiladagi vaziyatni ko‘rib rozi bo‘ldim. 1968 yil 28 avgustda to‘yimiz bo‘ldi. Sirtdan Toshkent iqtisodiyot universitetini bitirdim. Mana, 45 yildan buyon ayolim bilan tinch-totuv va ahil yashab kelyapmiz. 6 nafar farzandning ota-onasi, 15 nafar nabiraning bobo-buvisimiz. “Qo‘sha qarish”, deb shuni aytsalar kerak-da…
Oila va farzandlar tarbiyasi borasida bu oilaning o‘z tajribalari va saboqlari bor. Tarbiyaning asosiy ildizlari milliy an’analar, qadriyatlar bilan bevosita uyg‘unlashib ketgan. Bundan tashqari oilaning yo‘lboshchilari – rahmatli Rajab bobo bilan Saodat momoning oiladagi o‘zaro insoniy munosabatlari va bir-birlariga bo‘lgan insoniy mehr-muhabbatlari ham farzandlar qalbiga, hayotiga ko‘chgan. Bu oilada azaldan bir-birlariga mehr-oqibatli bo‘lish, har qanday holatda hurmatlarini joyiga qo‘yish, qadrlash hamda uy-ro‘zg‘or ishlarida beminnat yordam berish to‘g‘ri taqsimlangan. Ayniqsa, o‘ta murakkab davrda, eng og‘ir sharoitda ham halollik oilaning asosiy mayog‘i bo‘lib qolgan. Bu oilaning ajdodlari va avlodlari halollikdan hikmat izlab, qut-baraka topib yashab kelayotir.
– Bilasizmi, har bir oilaning asrovchi mustahkam qo‘rg‘oni bo‘ladi, – deydi Razzoq aka suhbatni davom ettirib, – rahmatli otam ham, onam ham juda halol insonlar bo‘lganlar. Biz, farzandlarini ham halol rizq bilan boqqanlar. Ular oilaning haqiqiy halovati faqat halollikda, deb bilganlar. Halol bo‘lsang hammaning oldida so‘zing o‘tkir, yuzing yorug‘ bo‘ladi, derdilar. Qishloqdagi ko‘plab halol oilalar haqida maroq bilan gapirib berardilar. Esimda bog‘imizda 22 ta o‘rik daraxti bor edi. Yeganimizdan tashqari o‘riklardan uch qop g‘o‘lin olardik. To yana o‘rik pishguncha ana shu g‘o‘lin bilan tirikchilik qilardik. G‘o‘lin bizning non-oshimiz edi, sabr-qanoatimiz edi, ekilgan turfa nihollar serhosil daraxtlarga aylandi. Endi oldingi mazali g‘o‘linlar ham yo‘q. Lekin halollik hamisha oilamizni asrovchi qo‘rg‘on bo‘lib kelayotir. Harom-harish aralashsa oiladan baraka qochadi. Harom-harish pullar bilan voyaga yetgan bolalarda mehr-muhabbat va oqibat bo‘lmaydi. Halollik odamni sabr-qanoatli, insof-diyonatli bo‘lishga o‘rgatadi. Halollikda hikmat ko‘p…
– Ota-onamizning bir-birlariga bo‘lgan insoniy mehri, samimiy munosabatlari oilamizning tarbiya jarayonidagi ob-havosini va asosiy muhitini belgilab bergan, – deydi oilaning katta farzandi Karmana tumanidagi 14-umumta’lim o‘rta maktabining tarix fani o‘qituvchisi Zilola Rajabova. – Maktabda o‘qigan paytlarimizda barcha majlislarga otam borardilar. Kundaliklarimizni deyarli har kuni tekshirib ko‘rardilar. U kishi fanlarni ancha mukammal biladilar.
Otam ham, onam ham biz farzandlarini ovoz chiqarib urishmaganlar, qattiq gapirmaganlar. Otam hamon farzandlari bilan yaqin do‘stiday, yaqin o‘rtog‘iday muomalada bo‘ladilar. U kishi maktabda yaxshi o‘qigani bois, bizlar bilan barcha fanlardan tez-tez savol-javob qiladilar. Oilamiz an’anasiga ko‘ra past yoki yomon baho olish azaldan uyat hisoblanadi. Shu bois hammamiz oliy ma’lumot oldik. Bu ibratli an’ana biz, farzandlarning ham oilalarimizga ko‘chgan. 6 nafar farzand – turli sohalarda o‘z kasbimiz bo‘yicha ishlab, Mustaqil yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shyapmiz. Masalan, ukalarim va singillarim; Nazirjon Rajabov – Toshkent iqtisodiyot universitetida katta o‘qituvchisi, Anvarjon Rajabov – Navoiy shahar hokimi o‘rinbosari, Gullola Rajabova – “Mikrokredit” bankning Navoiy viloyati boshqarmasida xodim, Navbahor Rajabova – Karmana tumanidagi 21-umumta’lim o‘rta maktabida ingliz tili o‘qituvchisi va Qahramon Rajabov – “Qizilqumsement” OAJda reja bo‘limi boshlig‘i vazifalarida mehnat qilyaptilar. Har doim ota-onamiz, oilamiz sha’ni uchun o‘qib-o‘rganishdan charchamaymiz. Oilamizning ibratli an’analarini farzandlarimizga ham o‘rgatyapmiz.
Bu xonadonda farzandlar bilim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, kitobga mehr bo‘lakcha. Xonadon sohibi Razzoq akaning o‘zi kitobxonlik masalasida hamisha o‘rnak. Oila-a’zolari “O‘tgan kunlar”dan “Boburiynoma”gacha, “Navoiy”dan “Ulug‘bek xazinasi”gacha, “Ufq”dan “Yolg‘onchi farishtalar”gacha, “Oltin zanglamas”dan “Ikki eshik orasi”gacha bo‘lgan adabiyotimiz durdonalarini qo‘lma-qo‘l o‘qib chiqqanlar. Oilaviy kitobxonlik oila-a’zolarining madaniyati va ma’naviyatini yuksaltirishni ular yaxshi biladilar.
– Muhtaram Prezidentimiz bejiz 2012 yilni “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilmadilar, – deb mulohazalarini davom ettiradi Razzoq aka. — E’tibor bering, “Mustahkam oila” iborasida katta hikmat bor. Oila mustahkam bo‘lmasa, jamiyat mustahkam bo‘lmaydi. Asosiy gap mustahkam oilani bunyod etishda. Har doim, hamisha mustahkam oilalar sharofati bilan jamiyat taraqqiy etgan. Mustahkam oilalar jamiyat barqarorligini ta’minlagan. Biz, o‘zbeklar uchun oila hamisha muqaddas sanaladi. Komil inson tarbiyasi ham oiladan boshlanadi.
Bola tarbiyasida oilaning vazifasi naqadar yuksakligini unutmaylik. Aslida uyning egasi ona. Shu uchun onani bolalar oldida koyimaslik yoki unga tanbeh, bermaslik kerak. Farzandlar oldida ota-onaning samimiyati va mehri balqib turishi kerak. Masalan, oila davrasida yoki mehmonlar oldida kelinga tanbeh bermasdan, uning kamchiliklarini o‘g‘il yoki qaynona asta tushuntirishi joiz. Shunda o‘rtaga sovuqchilik tushmaydi. Sovuqchilik tushsa mehr qochadi. Kelin tarbiya ko‘rgan va dono bo‘lsa, oilada baraka, mehr mustahkam bo‘ladi.
Eng muhimi oilada ham, oila-a’zolari orasida ham yolg‘onga aslo o‘rin bo‘lmasligi kerak. Bolaga, agar falon ishni qilsang, senga bir narsa olib beraman, deb hech qachon aldamaslik lozim. Bir yolg‘on ko‘p yolg‘onni boshlab keladi. Yolg‘on va yolg‘onchilik – oilaning zangi.
Sabr-qanoat qilgan oila baraka topadi, tinch-totuv yashaydi. Qanoatsiz oila xor bo‘ladi. Bolani yoshiga qarab mehr qo‘yish kerak. Uning orzu-istaklarini insof bilan tushuntirib amalga oshirish lozim. Oilada albatta otaning nufuzi baland, shu bilan birga u har jihatdan ibrat bo‘lishi shart. Otaning obro‘yi, mehriga juda ko‘p narsa bog‘liq.
Bilasizmi, odam hayotdan nolib yashamasligi kerak. Nolish ojiz odamning ishi. Odam shunday aql va donolik bilan yashashi kerakki, hech qachon birovga ziyoni tegmasligi, ortiqcha yuk bo‘lmasligi lozim…
Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobida yozganidek: “Aqli raso har qaysi inson yaxshi anglaydiki, bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”.
Bebaho ne’mat – farzandlarini voyaga yetkazib, ularni jamiyatning fozil insonlari qilib tarbiyalagan, ularning ezgu orzu va intilishlarini amalga oshirishda hamisha madadkor bo‘lib kelayotgan Razzoq aka va Quralay opani chin ma’nodagi oilaparvar insonlar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, Razzoq aka do‘stparvar, do‘st va do‘stlikni benihoya qadrlaydi. U kishining Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo va Xorazmda uzoq yillik do‘stlari bor. Sog‘inib qolsa, tamom, shartta do‘stlar diydoriga oshiqadi. U do‘stlar bahona mamlakatimizning vodiy va vohalarini kezishdan aslo erinmaydi, charchamaydi. Mustaqil mamlakatimizdagi bunyodkorlik, yuksalish va barcha sohalarda bo‘layotgan ulkan taraqqiyotni ko‘rib, yurtdoshlarimiz kabi terisiga sig‘maydi. Bolalarday yayraydi. Hayrat tuyg‘ulari quyilib kelaveradi:
– Bilasizmi, ukajon, O‘zbekistonda bo‘layotgan jahonshumul o‘zgarishlarni ko‘rib yuragim to‘lib-toshadi. Ichimda; shunday go‘zal va obod yurtimizga iloyo, ko‘z tegmasin, deb Xudoyimdan qayta-qayta so‘rayman, duolarimda takror-takror aytaman. Qani endi yosh bo‘lsam-u, yeng shimarib ishga kirishib ketsam…
O‘zbekistonimizning gullab-yashnashida, taraqqiy etishida shubhasiz mustahkam va ibratli oilalarning munosib o‘rni va ulushi bor. Jumladan, Razzoq Rajabovlar oilasining ham. Niyatimiz: halollikdan halovat va hikmat topayotgan bunday ibratli oilalar soni ko‘payaversin!..
Ashurali JO‘RAYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist