MO‘JIZAVIY TELEFON
So‘nggi yillarda fan-texnika olamida amalga oshirilayotgan ixtirolar inson aqlini shoshirib qo‘yadi. Yaqinda ana shunday zamonaviy telefonlardan biri ixtiro qilindi.
Dizayner Daizi Zheng mashhur Nokia kompaniyasi uchun koka-kolada ishlovchi qo‘l telefonini ishlab chiqdi. Qanchalik g‘alati eshitilmasin, biroq telefon koka-kola tarkibidagi uglevodlardan (shakar tarkibidagi) ajralib chiqayotgan elektr kuchi yordamida quvvatlanib ishlaydi. Shuni aytib o‘tish kerakki, bu g‘aroyib telefon tarkibida shakar mavjud bo‘lgan istalgan suyuqlikda ishlashi mumkin.
Kashfiyotchining so‘zlariga ko‘ra atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish maqsadida qurilmada standart batareyadan emas, aksincha biologik jihatdan toza batareyadan foydalanildi. Mazkur biobatareya elektr kuchini uglevodlardan, fermentlarni katalizator vazifasida qo‘llab ishlab chiqaruvchi energiyaning ekologik toza manbai hisoblanadi.
Telefonni quvvatlantirish uchun bizga bor-yo‘g‘i shirin suv kerak bo‘ladi. Qurilma quvvat olayotgan paytda u suv hamda kislorod ham ishlab chiqaradi. Biobatareya an’anaviy litiyli batareyalarga qaraganda uch-to‘rt baravar uzoqroq ishlash salohiyatiga ega. Shu bilan bir qatorda bu batareyaning yana bir afzalligi, u atrof-muhit uchun mutlaqo bezarardir.