USHOG‘I KO‘ZGA TO‘TIYo NON

Supa sahnidagi rayhonlarni mayin tebratayotgan yellar dilga bir olam huzur bag‘ishlaydi. Oppoq harir dasturxon atrofiga jamuljam oila a’zolarining nigohlari xonadon ulug‘lariga qadalgan, ularning duolari barobarida eng avvalo ushatilgan non yana bir yangi oilaning bunyod bo‘lishida qo‘yilgan ilk qadamdir. Bemorlar dardiga shifo, tanaga quvvatu darmon bo‘lgan bu ulug‘ ne’matning jon qadar e’zozlanishining siri ana shundan bo‘lsa kerak? Nogoh oyoq tagiga tushgan birgina ushoqni ham avaylabgina olib ko‘zga surtgan, sizu bizni ham shunga o‘rgatgan bobo-yu buvijonlarimiz buning sababini juda yaxshi bilishadi. Shovullagan bug‘doyzorlar rizq qo‘shig‘ini kuylaganida, bobo dehqon bir dasta kahrabo donalaridek tovlanib bo‘y tortgan bug‘doy boshog‘ini ko‘zga surtib, darvoza ustuni tepasiga ilib qo‘yar ekan to‘kinlikka shukronalar aytib xirmonga baraka tilaydi.

Onamning beozor farishtalari

Qiya ochiq darvozaning bir tabaqasini ochib ichkariga qadam qo‘yishim bilan dimog‘imga yoqimli hid urildi. Non hidi bunchalar xushbo‘y bo‘lmasa… Ming bir gullar iforidan-da totli. Ha, bu o‘sha menga qadrdon onajonimning qadoqli qo‘llaridagi hamisha bizga ilinib tutadigan, sharqiroq ariqchaga ukalarim bilan oqizoq qilib totgan kulchalarimiz hidi. Xayol bir dam sho‘xchan bolalik tomon tortadi. Eh-he o‘sha qadrdon dilga yaqin ariqchada qancha suvlar oqib o‘tdi ekan-a..? O‘g‘lim va qizimni “Buvijon, bu-vi-j-o-on biz keldik”, deya tandir yonida birin-ketin issiq nonlarni savatga solayotgan onamning bag‘riga otilishi bir zumda xayollarimni to‘zg‘itib yubordi.

– Voy, o‘rgilayin o‘zimning duru gavhar, shirin nabiralarimdan, buvisini ko‘rgani kelishibdi. Mana bu katta kulcha Nuriddinjonga, kichkinasi esa Mohinuroyga, – deganicha xuddi bolalar kabi quvonayotgan onajonimning tandir hovuridan qip-qizil tusga kirgan yuzlariga boqar ekanman, bolaligim tutib men ham assalomu alaykum onajon, menga-chi, menga-chi – deb erkalanib bag‘riga bosh qo‘ydim. – Sengami? Mayli savatdagilarning hammasi senga, – ta’kidlaydi bosh irg‘ab onajonim. Va birdan “Ko‘zing og‘ribdimi, shamollatdingmi? – ming bir xavotirda javobimni ham kutmasdan, – Tandirda oxirgi non qolgan. Shoshmay tur, uni uzib olay, ustidagi suv bilan ko‘zingni yuvasan”, – deydi kuyunchaklik bilan. Darvoqe, o‘zi kechadan buyon o‘ng ko‘zim sal qizarib, sanchib turuvdi. Yangi uzilgan non tandirdan chiqishi bilanoq ustiga odatdagidan sal ko‘proq suv purkagan volidam non yuzidagi suvni kaftlarim sari sal qiyshaytirib avaylab qo‘yadi. Kaftimdagi suv bilan avaylabgina qizargan ko‘zimni yuvishga kirishaman. Yana avvalgidek butun tanamga bir orom yugurib ko‘zim ravshan tortadi. “Non suvi bilan uch marta ko‘zingni yuvsang ko‘rmaganday bo‘lib ketasan. Chunki, farishtalar tandirga o‘t qalayotgan ayolning yelkasiga qo‘nib, non uzayotganida uning yuziga birgalashib suv purkasharkan. Non yuziga sepilgan suv oddiy emas, balki farishtalarning shifobaxsh suvi”, onajonim har galgi gaplarini yana bir bor takrorlab qo‘yishni aslo unutmaydi.

Yana o‘qing:  Yoz: suzish havzalari sizni chorlamoqda

Umr o‘taverar ekan. Endi esa ba’zida ko‘zlari qizarib, nogoh og‘rib qolgan farzandlarimga bu so‘zlarni takrorlar ekanman, yelkamda o‘sha onajonimning farishtalari, yonginamda esa volidamning o‘zi turgandek bo‘ladi.

Foydali xususiyatlari

Qadim-qadimdan bebaho ne’mat atalib hatto ushog‘i ham ming bora e’zozlanib ko‘zga surtiluvchi, dasturxon ko‘rki ana shu shifobaxsh nonning foydali xususiyatlari haqida Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bo‘lim mudiri Shuhrat Yusupovdan quyidagilarni bilib oldik.

Inson bir kunda o‘rtacha 300 grammdan 500 grammgacha non iste’mol qilib uning hisobiga 800-1000 kkal. energetik quvvat, 25-35 gramm oqsil va 150-200 gramm uglevodlarga bo‘lgan organizmning ehtiyoji qoplanadi. Bundan tashqari non mahsulotlari tarkibida V guruhiga mansub vitaminlar, RR va Ye vitaminlari, kaliy, kalsiy, magniy, natriy, fosfor va xlor makroelementlari hamda temir, mis, yod, marganets va ftor mikroelementlari mavjud. Ushbu mahsulotning ozuqaviy va biologik qiymati, foydalanilgan unning (bug‘doy, arpa, makkajo‘xori, no‘xot) turi va unga qo‘shilgan ozuqaviy (sut, o‘simlik yog‘i, jizza, mayiz, yong‘oq va boshqalar) qo‘shimchalarga bog‘liq. Ushbu ne’matning sifati – namlik, kislotalik va g‘ovaklik kabi fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlarga ham bog‘liqdir. Namligi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgan nonning sifati pasayib, hazm bo‘lishi qiyinlashadi. Shuningdek, kislotaligi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgan non, me’daning shira ishlab chiqaruvchi bezlarini faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, shiraning kislotaligi oshishiga olib keladi. G‘ovakligi kam bo‘lgan non mahsulotlari iste’mol qilinganda esa, me’da-ichak tizimida ishlab chiqarilgan hazm qilish shiralarining ta’siri pasayib, non mahsuloti to‘liq parchalanmay, uning tarkibidagi organizm uchun foydali bo‘lgan moddalar to‘liq so‘rilmaydi.

Namligi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgan non mahsulotlari hamda ularni noto‘g‘ri saqlash natijasida, ular Penicillim glaucum, Aspergillus glaucum, Mucor mucedo va boshqa mog‘or zamburug‘lari bilan zararlanishi mumkin. Bunday zararlangan non mahsulotlarini aslo iste’mol qilib bo‘lmaydi. Chunki, sifati buzilgan non mahsulotlarini iste’mol qilish og‘ir (mikotoksikoz) xastaliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ishlab chiqarishga nigoh tashlang

Xalqimizning dasturxonida birinchi o‘rinda turadigan shoh taom – non hisoblanadi, – deydi “Toshkent non” non ishlab chiqarish uyushmasi bosh texnologi Gulchehra Hoshimova. – Ayni vaqtda uyushma tizimida 45 ta korxona faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu korxonalarda Germaniya, Rossiya, Chexoslavakiya, Turkiya hamda Xitoy davlatlaridan keltirilgan jihozlar o‘rnatilgan. Mazkur korxonalarda “Toshkent don mahsulotlari” va “G‘alla-Altek” tegirmonlarida ishlab chiqarilayotgan va temir, rux, foliy kislotasi va V guruhidagi vitaminlar bilan boyitilgan birinchi navli un keltirilib vazni 0,6 kg. qolipli non (buxanka) ishlab chiqarilmoqda. Unni boyitish non mahsulotlari sifati va ta’miga aslo ta’sir ko‘rsatmaydi. Non yopishda boyitilgan un o‘zining foydali moddalarini 95 foizgacha saqlab qoladi. Boyitilgan undan tayyorlangan ushbu mahsulot oila a’zolaringizni nafaqat anemiya (kamqonlik)dan himoya qilib qolmasdan, balki farzandlaringizning miya va butun vujudi faoliyatini to‘laqonli rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Uglevodlar manbai hisoblanmish ushbu ne’matni iste’mol qilganda birvarakayiga choy va qahva iste’mol qilmagan ma’qul. Aks holda ular organizmning ovqatdagi temir moddasini o‘zlashtirishiga 70-100 foiz to‘sqinlik qiladi. Vaholanki, bularni oradan 30 daqiqa o‘tgandan so‘ng ichish tavsiya etiladi. Non tayyorlashda ishlatiladigan uning naviga qarab unda 56,2 foizgacha uglevod, 9,0 foizgacha oqsil va 2,0 foizgacha yog‘ moddasi bo‘ladi.

Yana o‘qing:  YARANI BITKAZUVCHI VOSITA YARATILDI

Ayni vaqtda aholi o‘rtasida qalqonsimon bez xastaligini oldini olish maqsadida yod elementlari bilan boyitilgan batonlar ham ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, bug‘doy kepagi qo‘shib tayyorlanayotgan nonlar qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun foydalidir. Ular ich qotishi va yo‘g‘on ichak xastaligini oldini olishda qo‘l kelmoqda. Shuningdek, “Ishtaha”, “Aromat”, “Shodiyona”, “Lazzat” kabi javdar va bug‘doy unlari aralashmasidan tayyorlangan mazkur tansiq ne’mat me’da va ichak yo‘llarini faollashtirib ortiqcha semirib ketishning oldini olishda tavsiya etiladi. Javdar unidan tayyorlangan nonlar bug‘doy unidan tayyorlangan nonlarga nisbatan energetik qiymati past, lekin oziq tolalarida vitaminlar ko‘p va ichaklarda harakat funksiyasini yaxshilaydi. Shuning uchun ularni iste’mol qilganda qabziyat (ich qotishi) yoki ichak harakatini susayib qolishi tufayli yuz beradigan noxush holatlar kuzatilmaydi.

Ko‘pchilik sevib iste’mol qiladigan shirin kulchalar asosan oliy navli undan tayyorlanadi. Uning tarkibiga xamirturush, shakar, tuxum, tuz, sut, kunjut, margarin kabi xomashyolar qo‘shib tayyorlanadi. Vazni 0,05 kg. dan 0,2 kg.gacha bo‘lgan shirin kulchalar inson organizmida hazm bo‘lishi qiyinroq bo‘lsada, ko‘pchilikka xush yoqadi. Bunday kulchalar ko‘proq yoshlarga tavsiya etiladi.

O‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lgan qotgan nonlar ham inson organizmi uchun muhim o‘ringa ega. Ularda ko‘p miqdorda klechatka mavjud. Qotgan nonda kishi organizmi uchun zarur bo‘lgan natriy, kaliy, kalsiy, fosfor, temir mikroelementlari bor. Shu bilan birga bunday non tarkibida uglevod miqdori ko‘p bo‘lib, me’da-ichak tizimida juda tez hazm bo‘ladi. Yumshoq nonga nisbatan qotgan nonning afzallik tomoni shundaki, katta yoshdagi va yosh bolalarda uchrab turadigan metereoizm (ichaklarda gaz hosil bo‘lishi) kasalligini oldini olishda yordam beradi. Bundan tashqari ovqatdan zaharlangan organizmga qotirilgan nonlar me’da-ichak yo‘llarini faollashtirishda va uning quvvatini tiklashda yordam beradi. Nonlarni qotirish jarayonida undagi vitaminlar o‘z kuchini yo‘qotmaydi va inson organizmidagi amino kislotalarni va fermentlarni tiklab beradi. Shuningdek, ular ortiqcha vaznni yo‘qotishda qo‘l keladi. Me’da va 12 barmoqli ichak xastaliklarida ushbu nonlarni ehtiyot qilib iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Non va non mahsulotlarini saqlaydigan xona alohida, quruq va toza bo‘lishi lozim. Yaxshi shamollatiladigan, zararkunandalardan himoya qilingan eng issiq va sovuq vaqtlarda xona harorati 6 darajadan kam bo‘lmagan, yaxshi yoritilgan, maxsus yog‘och polkalarda saqlangan non iste’mol uchun yaroqlidir.

Yana o‘qing:  Baxt kulib boqqan kun

Uy sharoitida esa maxsus non saqlagichlardan foydalanish tavsiya etiladi. Yoz mavsumida ushbu ne’matni selofan paketlarda saqlash mumkin emas. Shuning uchun uni o‘z ehtiyojiga qarab xarid qilish va ularni muzlatkichlarda saqlash lozim.

Gulchehra opa ta’kidlaganidek har bir narsada me’yor zarur. Unga amal qilgan kishi nafaqat o‘zini balki oila a’zolarining ham salomatligini asragan bo‘ladi.

Darhaqiqat, tiriklik manbayi bo‘lmish non qadri jon qadar aziz. Uni asrab-avaylab, qadriga yetishimiz va farzandlarimiz, nabiralarimizga bu muqaddas ne’matning ulug‘vorligini bot-bot eslatib turishimiz ham farz ham qarzdir. Zero, VATAN, ONA, NON, OBI HAYOT qadri e’zozi hamisha ulug‘dir.

Jamila HAYDAROVA,

Sog‘lom avlod” muxbiri

SHU O‘RINDA

Qolipli (bulka) nonlarni saqlash muddati 24 soat, baton hamda yopilgan nonni esa 16 soatgacha saqlash tavsiya etiladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: