YUMUSHINGIZ YANADA YeNGIL
Elektr quvvatisiz ishlaydigan kir yuvish mashinasi haqida eshitganmisiz? Bu tinib-tinchimagan olimlar nimalarni o‘ylab topishmaydi deysiz.
“Drumi” nomli kir yuvish mashinasi bir kilogrammgacha og‘irlikda bo‘lgan kirlarni hech qanday elektr quvvatisiz tozalab berishi mumkin. Kir yuvish mashinasining hajmi oddiy katta chelak sig‘imicha keladi. Bir marta kir yuvish uchun unga 10 litr suv va ozgina kir yuvish kukuni solish zarur. Ushbu agregatning balandligi 55 santimetr. Besh daqiqa davomida bu mitti kir yuvish mashinasi kiyimlaringizni top-toza qilib yuvadi. Uning oddiy kir yuvish mashinalaridan afzalligi shundaki, uning og‘irligi 7 kg bo‘lib, suvni besh barobargacha tejash xususiyatiga ega. Bu mashinani dam olish maqsadida tabiat qo‘yniga chiqaningizda ham hech qiynalmay o‘zingiz bilan birga olib ketishingiz mumkin. Uning yonidagi oyoq bilan bosiladigan moslamasi tufayli barabanni aylantirish mumkin. Natijada kir mashina ishlaydi. Uning tubidagi kichik teshikchani ochib, ishlatib bo‘lingan suv to‘kib tashlanadi.