Minnatdorlik maktubi
Yaqinda qizimning to‘satdan sog‘lig‘i yomonlashib uyga tez yordam chaqirishga to‘g‘ri keldi. Qibray tuman tibbiyot birlashmasining tez yordam bo‘lim boshlig‘i Tursunoy Mirnosirova boshchiligida shifokor O‘g‘iloy Rizayeva, feldsher Go‘zal Usmonovalardan iborat fidoyi xodimlari bir zumda uyimizga kelib, shirin so‘zlari va sifatli tibbiy muolajalari bilan ko‘nglimizga taskin berishdi.
Tuman tibbiyot birlashmasiga kirib borar ekansiz, mavjud sharoit dunyoning qator rivojlangan davlatlari tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda ekaniga guvoh bo‘lasiz. Ozodalik, saranjom-sarishtalik, tibbiy gigiyena talablariga to‘la javob berayotgan muassasada faoliyat yuritayotgan xodimlar tunu kun aholi xizmatida.
Qibray tuman tibbiyot birlashmasida muassasaning jonkuyar xodimlari tomonidan bosh shifokor Rustam Unarov boshchiligida bugungi kunda tuman aholisiga malakali va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Ozoda Yuldasheva, Malika Ortiqova, Dilfuza Ibragimova, Nargiza Karimova singari malakali shifokorlar el salomatligini asrash, ularning dardiga darmon bo‘lish yo‘lida tinim bilmay mehnat qilayotir. Ular bilan bir qatorda hamshiralar Feruza Isayeva, Salomat Rahimova, Yoqutxon Karimova, Xumora Ergasheva hamda katta hamshira Nargiza Karimovalar birinchi o‘rinda o‘zlarining shirin muomalalari bilan fuqarolar dardiga darmon bo‘lishmoqda. Yangi zamonaviy binoda faoliyat yuritayotgan muassasa barcha zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan. Birlashmaning yana bir necha yangi bo‘limlari uchun binolar qurilishi ishlari davom etmoqda.
Bularning bari mamlakatimizda inson salomatligini asrash yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlarning samarasidir. Zero, farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘ladi. Qudratli yurtning farzandlari sog‘lom bo‘ladi.
Malohat NAZAROVA