EZGU YO’LDA SALOMATLIK KARVONI
Po‘lat izlarda oshiqib borayotgan poyezd yugurik xayollarga monand ildamlaydi. Adiru qirlarda, dala-yu kengliklarda ko‘klamdan bahra olib yastanib yotgan maysalar ozod yurt shamolida tebranib sekin qo‘l silkiydi. Vagonning ochiq darchasidan ufirib kirayotgan tabiatning insonga muruvvati, ulug‘vor ezgulik ifodasi – musaffo havodan ko‘ksingni to‘ldirib nafas olasanu cheksiz quvonch tuyasan…
Qo‘shni kupeda xandon kulgu yangraydi.
Ushbu karvonning boshqa yo‘lovchi poyezdlardan farqli jihati bor. Bunda barcha bir-birini yaqindan taniydi. Ezgu vazifalarini sidqidildan ado etayotgan, el salomatligiga kamarbasta insonlar yana bir xayrli safarga otlangan.
“Salomatlik” poyezdi bu gal mamlakatimizning janubiy vohasi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining ekologik jihatdan noqulay, chekka va tog‘li tumanlariga yo‘naltirildi.
Kezi kelganda aytish joiz, istiqlol yillarida aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilash, salomatligini saqlash borasida yuksak natijalarga erishildi. Birgina yillarga nom berish asnosida qabul qilinayotgan davlat dasturlarining hayotimizga keng tadbiq qilinishi xalqimiz turmush darajasining oshib borayotganidan dalolat beradi.
“Salomatlik” poyezdi ilk ish kunini “Sariosiyo” stansiyasida boshladi.
Insonning o‘z salomatligiga e’tibori uzoq umr ko‘rish garovidir. Shu bois peron bu taomilni to‘g‘ri anglagan Uzun va Sariosiyo tumanlari aholisi bilan gavjum.
– Dorulomon kunlarga yetkazganiga shukr, – deydi uzunlik 93 yoshli Ikkinchi jahon urushi va mehnat faxriysi Abdurasul bobo. – Elga e’tibor, xalqning turmush darajasi oshirilishiga qaratilgan bunday imkoniyatlar yurtimizdagi odil siyosatning, tinchlikning, obodlikning mevasidir. Qirg‘in-barot urushni, notinch zamonlarni ko‘rganmiz. Shukrki, bolalarimiz obod va osoyishta Vatanda unib-o‘syapti.
Ulug‘larimiz duoga qo‘l ochganda, avvalo, salomatlikni, yurtga tinchlik va osoyishtalikni so‘raydi. Albatta, jismu joni, ruhi salomat inson hayotdan zavqlanib yashaydi, mustahkam iroda bilan turmush tashvishlariga barham berib, orzularining ro‘yobga chiqishi uchun intiladi, izlanadi. El-yurt koriga yaraydi. Jonajon yurtimizda sog‘lom hayot kechirish, baxtiyor turmush bunyod etish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Zero, bu yurtda inson qadri aziz!
Qumqo‘rg‘on tumani “Umid nihollari” mahallasida istiqomat qiluvchi, 10 nafar farzand, 65 nafar nabira, 138 nafar chevaraning suyukli momosi Zarifa momo Abdullayeva bu yil 102 yoshni qarshiladi. Onaxon bilan suhbatga chog‘lanarkanmiz, u mamnuniyat bilan tinch va farovon zamonga shukronalar aytadi. Vatanimizning yuz yillik tarixidan so‘zlaydi. Hovlida bamaylixotir o‘ynab yurgan evara-chevaralariga bir muddat termuladi:
– Qiyqirishini qarang-a, bularning, – degancha zavq bilan tabassum qiladi u. – G‘ami, tashvishi yo‘q. Inson manfaatlari ustuvor bo‘lgan mamlakatning farzandlari-da. Shu norasidalarning baxtu kamolini, orzu-umidlarga esh lahzalarini ko‘rayotganimga shukr. Istiqlolning eng katta ne’mati ham aslida shu xotirjamlik. Xotirjam insonning kunlari fayzli, ishi unumli bo‘ladi. Bugungi odil siyosat, ozod va obod zamonning qadriga yetish kerakligini yoshlarga bot-bot uqtiraman. Qarang, bola tug‘ilmasidan turib uning salomatligi uchun qayg‘uradigan, keksalarini e’zozlab, boshida ko‘taradigan davlat fuqarosi bo‘lish ulkan baxtdir.
Ha, mamlakatimizda farovon turmush-tarzini ta’minlash, aholining ijtimoiy shart-sharoitlarini yaxshilash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yurtimizning chekka va ekologik noqulay hududlariga yo‘naltirilgan “Salomatlik” poyezdi aksiyalari fikrimiz tasdig‘idir. Ayni vaqtga kelib aholini ijtimoiy himoyalashning bu usuli Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida faqat ikkitani tashkil etadi. Shulardan biri esa O‘zbekistonda tashkil etilgani, Markaziy Osiyoda yagona ekani qalbimizni faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldiradi.
2001 yilda “O‘zbekiston Temir yo‘llari” DATK tomonidan tibbiy sanitar salomatlik poyezdi tashkil etilgan. Vagonlarda maxsus tibbiyot xonalari, kutish zallari, EKG, stomatologiya, qonning umumiy analizini olish uchun laboratoriya kabineti, alohida rentgen vagoni tashkil etildi va eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Vagon-poliklinikaning ozodaligini saqlash, uni tom ma’nodagi ko‘chma tibbiy muassasaga aylantirish maqsadida uzoq yillik tajribaga ega vagon xizmatchilari jalb etildi. Akrom aka Islomov ana shunday o‘z kasbining fidoyilari safidan o‘rin oldi. Avvalida oddiy vagon xizmatchisi, 2007 yildan boshlab “Salomatlik” poyezdi vagon xizmatchilari guruh rahbari.
– Uzoq yillardan buyon temir yo‘l sohasida xizmat qilib kelmoqdaman, – deydi Akrom Islomov.
– Yurtimizdagi obodonchilik va bunyodkorlikni har qancha ta’riflasak oz. Har gal yo‘lga otlanarkanman, ona Vatanimizning qiyofasi kundan-kun chiroy ochayotgani, olis hududlargacha ulkan inshootlar barpo etilayotganining guvohi bo‘laman. “Salomatlik” poyezdi doirasida yurtimizning chekka hududlariga hafta-o‘n kunlab safar uyushtiramiz. Bolalarim, olti nafar nabiramni sog‘insamda, u yerlik insonlarning chehrasidagi mamnunlik, qalbidagi samimiyati kishini to‘lqinlantirib yuboradi. El xizmatida, ularning salomatligi yo‘lida mehnat qilayotganimdan faxrlanaman.
Mehr-muruvvat, saxovat xalqimizning yuksak insoniy fazilatlaridir. Jismu jonimizga singgan azaliy qadriyatlarimizda ham u o‘z aksini topgan. Hamisha hamjihat el topsa hovuchida, yo‘qsa shirin kalomi bilan bir-birining dardini yengil, ehtiyojini bartaraf etadi.
– “Salomatlik” poyezdi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining olis, tog‘li va ekologik jihatdan yashashga noqulay bo‘lgan hududlarida istiqomat qilayotgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga fondimiz tomonidan ijtimoiy ko‘mak berildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bo‘lim boshlig‘i Anvar Usmonov. – Xususan, 3 ming 455 nafar aholiga dori-darmon, kiyim-kechak, poyabzal, nogironlik aravachalari, uy-ro‘zg‘or buyumlari va sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordami yetkazib berildi.
Yurtimizda aholi salomatligini saqlash, ijtimoiy sohada olib borilayotgan yuksak islohotlar, yosh avlodning benuqson dunyoga kelishi va barkamol voyaga yetishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bemisl g‘amxo‘rlik xalqimiz ezgu an’analarining ozod va obod Vatan quyoshi kabi yorqin nur va iliqlik baxsh etib turganidan dalolatdir.
Galdagi safar ham mamlakatimizda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, aholining kam ta’minlagan qatlamini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Shifokorlar tomonidan kasallik aniqlangan bemorlarga sog‘lomlashtirish yuzasidan tavsiya va maslahatlar hamda ularning viloyat, tuman shifoxonalariga davolanishi uchun yo‘llanmalar berildi.
Tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan aholining 571 nafarini xotin-qizlar tashkil etdi. Ulardan 478 nafari esa fertil yoshidagi ayollardir. Tadbir davomida 534 nafar bola va 325 nafar erkak, 200 nafar keksa, 39 nafar imkoniyati cheklangan aholi qatlami chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasining “Salomatlik tibbiy-sanitariya yordam poyezdi” shifokorlari, fondning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari filiallarining ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari mutaxassislari shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalarining malakali shifokorlari tomonidan amalga oshirildi.
– Ma’lumki, chekka va ekologik sharoiti noqulay bo‘lgan hududlarda yashovchi aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida tekshiruv o‘tkazish katta ahamiyat kasb etadi, – deydi “Salomatlik” poyezdi shifokorlar guruhi rahbari O‘tkir Mardonov. – Shu bois ko‘rik davomida aniq laboratoriya tahlillariga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashhislar qo‘yildi. Jumladan, qon va peshob umumiy tahlili, biologik surtmalarning tahlili, eritrotsit, leykotsit, ECHT (eritrotsitlarning cho‘kish tezligi) tekshiruvlari va qondagi gemoglobin miqdorini aniqlash maqsadida 1 ming 920 ta tekshiruv o‘tkazildi. Xususan, 642 nafar aholiga flyurografiya, 885 nafar aholiga EKG, 623 nafar aholiga UTT va 640 nafar aholiga laboratoriya xizmatlari ko‘rsatildi.
Tibbiy ko‘rik davomida katta yoshdagi aholi orasida turli xastaliklar (yurak qon-tomir tizimi, nafas olish, ovqat hazm qilish, kamqonlikning turli darajalari, asab va endokrin kasalliklar, tayanch-harakat tizimi xastaliklari, shu bilan bir qatorda, stomatologik kasalliklar) aniqlandi.
“Salomatlik” poyezdi doirasida Ikkinchi jahon urushi va mehnat faxriylari holidan ham xabar olindi.
Xayrli safar Dehqonobod stansiyasida yakuniga yetdi. Poytaxt tomon oshiqayotgan karvonga adirlar bag‘ridan alvon lolaqizg‘aldoqlar qo‘l silkiydi. “Salomatlik” poyezdi xizmat safarida munosib hissasini qo‘shgan fidoyi insonlar chehrasida biroz horg‘inlik aks etsada qalbdagi cheksiz mamnuniyatni his etasiz.
Bu mamnunlik yurtga muhabbat, el ishiga kamarbastalik, kasbga sadoqat mahsuli. Shunday ekan, ezgu yo‘lda salomatlik karvoni ravon odimlayveradi.
Faxriddin HAYITOV