Muallimning fazilati

kasbiga sadoqati va shogirdlarga mehri bilan ezgudir

Bundan besh yil avval o‘g‘lim Toshkent davlat iqtisodiyot unversiteti qoshidagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabiga imtihonlar asosida qabul qilindi.

Shu bahonada ota-onalar majlisiga qatnashib, ustozlar bilan suhbatlashib, o‘qituvchilarni, ularning dars berish usullarini o‘rgandim. Ayniqsa, pedagog Nargiza Karimovaning tajribasi va ilmiy salohiyati diqqatimni tortdi.

Nargizaxon bilan ta’lim-tarbiyada ota-ona va ustozlarning o‘rni, o‘quvchilarning psixologiyasi, o‘smirlardagi ruhiy, jismoniy hamda ma’naviy o‘zgarishlar xususida suhbatlashamiz. Uning o‘quvchilarga ta’lim berish jarayonini ko‘p bor kuzataman. U har bir darsini jonli tarzda olib borishga harakat qiladi. Bunda o‘quvchilarning mutolaa qilgan asarlarini bir-biriga solishtirish, to‘rt guruhga bo‘linib bahs-munozaraga kirishish usulidan foydalanadi. Bunda g‘olib guruh savol berish huquqini qo‘lga kiritadi. Bir o‘quvchi maqol yoki she’rning yarmini, ikkinchisi esa qolgan yarmini aytish bo‘yicha musobaqalashadilar. O‘rni kelganida mantiqiy savollardan ham foydalanadi.

Ba’zi maktablarda a’lochi o‘quvchi birinchi, yaxshi o‘qimaydiganlari, to‘polonchilari esa yil davomida oxirgi partalarda o‘tiradi. A’lochi a’lochiligicha, o‘zlashtirishi sustlari esa o‘z holicha qoladi. Nargizaxon rahbarlik qilayotgan sinfda esa hafta mobaynida bolalar o‘rinlarini almashib o‘tiradi.

Olmazor tumanidagi ziyoli oilasida tug‘ilib voyaga yetgan Nargiza 119-sonli maktabda tahsil oladi. Barcha fanlarni a’lo baholarda o‘zlashtiradi. Nargiza, ayniqsa, adabiyot faniga o‘zgacha mehr qo‘yadi. Ustozi Mahfuza opa Abdullayeva har darsda uni adabiyot olamiga olib kiraveradi. Keyinchalik esa u O‘zbekiston Milliy unversitetining filologiya fakultetida ta’limni davom ettiradi. Adabiyotning hali o‘ziga noma’lum bo‘lgan hayratga boy so‘qmoqlaridan yurgani sayin qalbida yaxshilik va ezgulik urug‘lari nish otayotganini sezadi.

Nargizaxon universitetda Ozod Sharofiddinov, Begali Qosimov, Raxmatilla G‘ulomov, Omonulla Madayev, Sanjar Sodiqov, Karim Nazarov kabi ko‘plab ustozlardan saboq oladi.

O‘qishini tugallagan Nargiza avvaliga Shayxontohur tumanida joylashgan 40-sonli gimnaziya maktabida, turmushga chiqqanidan so‘ng esa 295-maktabda o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan muhabbat bilan saboq bera boshlaydi.

2004-yildan esa Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay ota-onalar, hamkasblari, o‘quvchilarining hurmatiga sazovor bo‘ladi. Mehribon va talabchan ustoz sifatida nom qozonadi.

Яна ўқинг:  Миннатдорлик мактуби

Uning o‘quvchilarga bergan saboqlari beiz ketmayapti. Ustozi M.Abdullayeva kabi u ham voyaga yetayotgan qalblarga ezgulik va yaxshilik urug‘larini qadayapti. Bilimga, adabiyotga mehr uyg‘otmoqda.

Nargizaxon Karimova yigirma sakkiz yildan buyon yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Uning qo‘lida tahsil olgan ko‘plab o‘quvchilar bugungi kunda turli sohalarda, korxona va tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda.

Nargizaxon turmush o‘rtog‘i Shokirjon Karimning suyumli rafiqasi, Sherzodjon, Shuhratjon va Nasibaxonlarning ustozi va mehribon oyijoni. Dildoraxonning maslahatgo‘y qaynonasi, bir nafar nabiraning jonfido buvijonisi hisoblanadi.

Oygul UBAYDULLA qizi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: