Kasb-hunar ta’limi: bugungi bilim ertangi kun tamal toshi
Har galgidek maktabdan qaytgan Kamola shosha-pisha choyini ichdi-yu oyisiga uy ishlarida ko‘maklashishga kirishdi. G‘ayratli qiz bir zumda yumushlarini o‘rinlatib deraza tokchasidagi gultuvaklarga suv quya boshladi. Darpardani chetga surayotib ko‘chadan o‘tayotgan o‘rilgan sochlari o‘ziga yarashgan havorang formali qizlarga ko‘zi tushdi. Shu kundan boshlab qizning dilida ularga havas uyg‘ondi.
Orzularning uchqur qanoti Kamola Qoraboyevani Yashnobod Temir yo‘l kasb-hunar kolleji tomon yetakladi. U hozirda kollejning “Temir yo‘l stansiyalaridan foydalanish va xizmat ko‘rsatish” yo‘nalishi III bosqich o‘quvchisi.
– O‘qishimni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida davom ettirib kelajakda oliy ma’lumotga ega mutaxassis bo‘lmoqchiman. Mazkur sohaning yurtimiz rivojiga qo‘shayotgan ulkan hissasi bizni yanada ko‘proq o‘qib-o‘rganib, uning haqiqiy bilimdoni bo‘lishga undaydi, – deya g‘urur bilan so‘zlaydi Kamola.
Joriy yilda mazkur kollejni 500 nafardan ziyod yigit-qiz tamomlaydi. Ular bilan suhbatlashish jarayonida yoshlarimiz xalq farovonligi, yurt istiqboli yo‘lida bilim olayotgani, izlanayotganligining guvohi bo‘lasiz.
– Dadam ham temir yo‘l xodimi. O‘z kasbiga bo‘lgan cheksiz hurmatini ko‘rib hamisha otamdek bo‘lishga intilaman. Kollejda olgan bilimlarimni yanada mustahkamlash uchun o‘qishni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida davom ettirishni maqsad qilganman. Bu fikrimni tinglab ota-onam ham, ustozlarim ham xursand bo‘lishdi. Ularning meni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashi kuchimga kuch, g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shadi, – deydi Olimxo‘ja Nizomiddinov.
Ayni vaqtda 1 ming 700 nafardan ortiq yigit-qiz tahsil olayotgan mazkur kasb-hunar kollejida o‘quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Ilm maskani rahbari Nodir Abdurahmonovning tashabbuskorligi bois kollejdagi mavjud Temir yo‘l vagonlariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, Transport vositalaridan foydalanish va ta’mirlash, Metallarga ishlov berish yo‘nalishlariga qo‘shimcha ravishda Refrejatorli vagonlarga xizmat ko‘rsatish, Temir yo‘l stansiyalaridan foydalanish va xizmat ko‘rsatish, Avtomobillarga xizmat ko‘rsatish texnik-mexanigi yo‘nalishlarining ochilgani ham yoshlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Shuningdek, mazkur ta’lim dargohida keng qamrovli ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
– Kollejimizda ustoz-shogird maktabi yo‘lga qo‘yilgani yoshlarga ta’lim-tarbiya berish borasida yuksak samara bermoqda. Bu borada Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat Pedagogika universiteti bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Maxfirat To‘xtaxo‘jayeva, Tohir Karimov, Norxol Ibragimova, Go‘zal O‘rinova, Alisher Boymatov, Gulchehra Nurmatova singari ustozlarning boy tajribasi yosh kadrlarga ibrat maktabi vazifasini o‘taydi. Ilm maskanida o‘tkazilayotgan konferensiyalar, seminarlar yoshlarning bilim ko‘nikmalarini yanada boyitishga xizmat qilmoqda, – deydi kollejning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilbar Tursunova.
Bilim dargohida turli fan hamda sport to‘garaklari faoliyat olib bormoqda. Ilm maskanida yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan yigit-qizlar nafaqat fan olimpiadalari, balki sport sohasida ham ko‘plab muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmoqda. O‘tgan yili yoshlar o‘rtasida sportning “O‘zbek jang san’ati” yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Muhayyo Hasanova 69 kg. vaznda I o‘rinni egallagan bo‘lsa, Ibrohim Ilhomjonov Namanganda o‘tkazilgan “Barkamol avlod” sport musobaqalarida erkin kurash bo‘yicha II o‘rinni qo‘lga kiritdi. Joriy yilda sportning stol tennisi turi bo‘yicha Toshkent shahar bosqichida II o‘rinni egallagan Nurbek Xudoyqulov yana yangi musobaqalarga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.
Ayni vaqtda ta’lim dargohida bitiruvchilarni ishga joylashtirish borasida uch tomonlama shartnoma tuzilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasining mintaqaviy temir yo‘l stansiyalari, mazkur kompaniyaga qarashli bir qator korxonalarda bitiruv amaliyotini o‘tayotgan yoshlar kelgusida o‘z sohasining yetuk bilimdoni bo‘lib, yurtimiz bo‘ylab “Afrosiyob” kabi tez yurar poyezdlarda yo‘lovchilarga malakali xizmat ko‘rsatishiga aslo shubha yo‘q.
Jamila HAYDAROVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri