Sog‘lom buyraklar – organizm tayanch nuqtasi

Ba’zan yon-atrofimizdagi biror tanishimizning belim og‘riyapti yoki buyragimda sanchiq turdi, degan so‘zlarini eshitib qolamiz. Buyrak xastaliklari hatto yosh bolalarda ham uchraydi. Ammo bu alohida mavzu. Quyida biz Siz aziz mushtariylarga bu qo‘sh a’zo faoliyati haqida ma’lumot berishni joiz deb bildik.

Buyraklar umurtqa pog‘onasining chekka yonboshida bel sohasining qorin pardasi ortidagi klechatkada joylashgan. O‘ng buyrak tepasida jigar, chap buyrak tepasida qora taloq mavjud. Buyrak shakliga ko‘ra loviyani eslatadi. Uzunligi 10-12 sm, og‘irligi 140-160g. bo‘lgan buyrak yupqa biriktiruvchi to‘qimali parda (kapsula) va atroflari qalin yog‘ to‘qimali qatlam bilan o‘ralgan.

Buyraklar organizmdan uning hayot faoliyati jarayonida hosil bo‘ladigan xiltlar va organizm uchun keraksiz, zaharli moddalarni tashqariga chiqarib yuboradi.

Ularda peshob hosil bo‘ladi. Keyin bu keraksiz suyuqlik buyraklardan qovuqqa tushadi va peshob chiqaruvchi kanal orqali tashqariga chiqariladi.

Buyrakda tashqi po‘stloq va ichki miya qavati ko‘rinib turadi. Uning po‘stloq qavatida tarmoqlangan buyrak arteriyasidan tashkil topgan koptokchalar bo‘ladi. Har bir buyrak koptokchasi maxsus kapsula bilan o‘ralgan bo‘lib, ular Shumlyanskiy-Boumen kapsulasi deyiladi. Bu kapsulani o‘ziga xos filtr bilan taqqoslasa bo‘ladi. Bu yerda qonda yig‘ilib qolgan organizm uchun zararli moddalar buyrak tanasi koptokchalaridan kanalchalarga tushib, kapsuladan ajralib chiqadi. Buyrakda 1-, va 2-, tartibdagi kanalchalar farq qilinadi. Ular buyrakning tashqi po‘stlog‘i va miya to‘qimalarida joylashgan bo‘lib, hammasi buyrak jomlariga qo‘shilib peshob nayi orqali qovuqqa yig‘iladi.

Qon buyraklar orqali uzluksiz kechayu kunduz bir daqiqada taxminan 1 litr o‘tib turadi. Shu tufayli organizm xiltlardan tozalanadi. Fiziologik sog‘lom odamda bir kecha-kunduzda ko‘pi bilan 2 litr peshob ajralib chiqadi. Biroq, ko‘p miqdorda suyuqlik ichilganda bu miqdor ko‘payadi. Issiq kunlarda va quyuq ovqatlar yeyilganda bu holat kamayadi.

Buyraklar faoliyati markaziy asab tizimi tomonidan boshqariladi. Peshob ajralishi ruhiy asab zo‘riqishlarida oshishi yoki kamayishi mumkin. Qattiq hayajonlanish beixtiyor peshob ajralishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bemorning shikoyatlarini so‘rashda bel sohasidagi og‘riqqa(buyrakda yallig‘lanish jarayoni, toshlar, xavfli o‘sma, turli yopiq jarohatlar) ahamiyat berish kerak. Og‘riq o‘tkir(buyrak sanchig‘i xuruji) yoki simillab turadigan, doimiy (surunkali yallig‘lanish jarayonida) bo‘ladi. Bemor tez-tez peshob ajratishidan va bu vaqtda og‘riq turishidan, peshobda aralashmalar rangi o‘zgargan (oq, to‘q qizil rangli) shikoyat qilishi mumkin. Bu nefrit, glomerulonefrit, piyelonefrit, o‘sma, tosh kasalliklari, sistit, (qovuq yallig‘lanishi)uretrit uchun xos.

Yana o‘qing:  Ruhiy tushkunlik vaqtida kim yordamlashadi?

Peshobning mutloqo ajralmasligi sinduriya deyiladi (buyraklar zararlanganda, masalan, zaharlanganda peshob hosil bo‘lishi to‘xtaydi). Peshobning kam ajralishi oliguriya va uning ko‘p ajralishi poliuriya fiziologik chetlanishlar oqibatida, shuningdek, buyrak kasalliklari va boshqa a’zolar hamda tizimlar kasalliklari oqibatida yuz berishi mumkin. Sog‘lom odamda peshobning nisbiy zichligi 1,017 dan 1,024 gacha o‘zgarib turadi. Doimo nisbiy zichligi past peshob ajralishi-gipostenuriya-buyraklar faoliyati buzilganda bo‘ladi. Buyrak va peshob yo‘llari kasalliklari turli-tuman bo‘ladi. Biroq, asosan mahalliy (sil, buyrak-tosh kasalligi va piyelonefrit) va umumiy (nefrit, nefroz, glomerulonefrit) kasalliklariga bo‘linadi. Bironta kasallikka xos belgi bilan birga peshob chiqarish a’zolarning qator kasalliklari uchun o‘ziga xos belgilar ham mavjud.

Bemorni ko‘zdan kechirishda yuzining shishganligi hamda oqarganligini payqash mumkin. Shishga to‘g‘ri baho berish uchun Mak-Klyur-Oldrich sinamasi mavjud. Bilakning ichki yuzasi terisi ichiga 0,1 ml natriy xlorid izotonik eritmasi yuboriladi. Hosil bo‘lgan kichikroq qavariq tezroq(10-15 daqiqada) so‘riladi. Sog‘lom odamlarda esa bu qavariq 40-45 daqiqadan so‘ng so‘rilib ketadi.

Peshob laboratoriyada tekshirilganda patalogik o‘zgarishlar aniqlanadi. Ya’ni, yuqorida aytib o‘tilganidek. Buyraklar xastalanganda peshobda gemoturiyadan tashqari(qon elementlari), piuriya (yiring paydo bo‘lishi), albuminuriya (oqsil) kuzatiladi. Peshobni bakteriologik tekshirilganda unda turli mikrob turlari aniqlanadi.

Buyrak kasalliklari diagnostikasida funksional sinamalarning ahamiyati katta. Misol tariqasida klinik olim Zimnitskiy taklif qilgan sinamani keltirish mumkin. Ertalabdan boshlab bemorlardan har uch soatda peshob yig‘iladi. Kunduzgi diurez (ertalab 8:00 dan soat 20:00 gacha ajratilgan peshob miqdori) va tungi diurez(soat 20:00 dan ertasiga ertalab soat 8:00 gacha) hisobga olinadi. Peshobni 8 ta shishi idishga yig‘iladi. Har bir idishdagi peshob miqdori va nisbiy zichligi aniqlanadi. Normada tungi diurez umumiy diurezning (bir kecha-kunduz ichida ajratilgan peshob miqdori) qariyb 30 foizini tashkil qilishi kerak. Peshob miqdori bir kecha-kunduzda ichida ichilgan suyuqlik miqdoriga taxminan mos keladi. Uning nisbiy zichligi turli porsiyalarda o‘zgarib turadi. Bu ko‘rsatkichlarning buzilishi (peshob nisbiy zichligining pastligi, tungi diurezning kunduzgidan ustunlik qilishi) buyrak faoliyatini izdan chiqaradigan(masalan, surunkali nefrit yoki piyelonefritda) kuzatiladi.

Buyrak kasalligida o‘rta yoshdagi kishilarga xos bo‘lgan belgilardan arterial bosimning oshishini qayd qilib o‘tish mumkin. Bu o‘tkir va surunkali nefritda kuzatiladi. Ko‘z tubining o‘zgarishi ham shunday belgilardan sanaladi. Surunkali nefrit kasalligi bo‘lgan bemorlarda qon bosimining oshishi natijasida avvaliga ko‘z to‘r pardasi tomirlari siqilishi yuz beradi. Keyinchalik esa tomirlar sklerozi rivojlanadi.

Yana o‘qing:  Nima uchun past tezlikdagi internet sog‘liq uchun xavfli?

Buyraklarni tekshirishning ob’yektiv klinik usullarida muayyan qiyinchiliklarga duch kelinadi. Chunki, sog‘lom buyraklarni ko‘zdan kechirish, ushlab paypaslab(palpatsiya) ko‘rish va perkussiya (tukillatib urib ko‘rish) mumkin emas. Sababi buyraklar qorin parda orqasida joylashgan. Orqadan qalin va to‘g‘ri bel mushaklari bilan o‘ralgan. Uning oldingi tomonida ichaklar bor. Bemorni ko‘zdan kechirishda patologik o‘zgarishlarni buyrak ancha kattalashganda (masalan xavfli o‘smada) va oldingi qorin devori tomonidan yoki bel sohasida o‘ng yoki chap tomonidani bo‘rtib chiqib turgan hollardagina payqash mumkin.

Buyraklar bemor yotgan va tik turgan holatida palpatsiya qilinadi. Ularni tekshirishda o‘ziga xos paypaslash va tukillatib urib ko‘rish qo‘llaniladi: shifokor chap kaftini belga o‘ng yoki chap buyrak sohasiga qo‘yadi. Kaft qirrasi yoki barmoqlar uchi bilan o‘rtacha kuch ishlatib buyraklar joylashgan sohaga urib ko‘radi. Agar shunday urib ko‘rishda bemor og‘riq sezsa bu holatda shifokor-olim Pasternatskiyning musbat belgisi to‘g‘risida fikr yuritiladi bu piyelonefritda (buyrak jomchalaridagi yallig‘lanish jarayonida), (buyrak-tosh) kasalligida uchraydi.

Buyrak toshlari odam organizimida ovqatlanishdagi pala-partishlik (bir xil ovqatlanish yoki ko‘p ovqat yeyish, go‘sht va qizil vinoni suiste’mol qilish) avitaminoz, xususan, A darmondorisi yetishmaganida moddalar almashinuvi(tuz va minerallar) jarayonlarining buzilishi natijasida kuzatiladi. Yana buyrak jomchalaridagi dimlanish holatlarida, peshob turib qolganda toshlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘luvchi peshob kislota tuzlari (uratlar) kristallaridan hosil bo‘lishi mumkin.

Buyrak toshlarining tarkibi turlicha bo‘lishi mumkin. Ularning yumshoq, qattiqligi hamda ko‘rinishi va ranglari shunga bog‘liq. Oksalatli toshlar to‘q qo‘ng‘ir tusli, qattiq, yuzasi g‘adir-budir bo‘ladi. Fosfatli toshlar och kulrang, uratli toshlar sariq-qizil rangli, silliq oksalatli toshlarga qaraganda unchalik qattiq emas. Buyrak toshlari yakka-yakka va ko‘p sonli (60-80 tagacha va ko‘proq) bo‘lishi mumkin. Ularning kattaligi qum zarrasidan to yirikligi tuxumday bo‘ladi.

Bemor buyragida toshlar borligini uzoq yillargacha sezmasligi mumkin. Kasallikning asosiy belgisi buyrak sanchig‘i xuruji hisoblanadi: belning o‘ng va chap tomonidagi kuchli og‘riq chov sohasiga o‘tadi. Bunda bemor qusib va hatto hushini yo‘qotadi. Peshobda qon, yangi eritrotsitlar paydo bo‘lishi mumkin. Buyrak sanchig‘i paydo bo‘lishiga qattiq jismoniy zo‘riqish, silkitadigan yo‘lda yurish, sakrash, bel sohasini biron joyga urib olish sabab bo‘ladi. Bu holatlar bevosita tosh ko‘chishiga turtki bo‘liadi. Peshob yo‘li bekilib qolganda (peshob dimlanishi) gidronefroz hosil bo‘ladi. Buyrak jomi yig‘ilib qolgan zararli suyuqlikdan cho‘zilib, kengayadi. Agar tosh qovuqqa o‘tgan bo‘lsa (odatda u katta emas, silliq bo‘ladi) buyrak sanchig‘i darrov to‘xtaydi.

Yana o‘qing:  “Ilik uzildi”

Dumaloq tosh buyrak jomida bo‘lsa u atrofidagi to‘qimalarni muttasil ta’sirlantiradi. Natijada buyrak kasalligining o‘ziga xos belgilari bo‘lgan yallig‘lanish jarayoni (piyelit va piyelonefrit) paydo bo‘lishi kuzatiladi. Bunda bemor belida to‘mtoq, doimiy og‘riq bo‘ladi. Vaqti-vaqti bilan peshobda o‘zgarishlar kuzatiladi, unda yiring paydo bo‘ladi. Bolalar asosan o‘ynab va to‘p tepib, sakrab yurganida to‘satdan qornida, belida kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Ular uyga kirib yotib oladilar. Zahartang qilsada peshob chiqara olmaydi. Peshobi tomchilab chiqadi.

Buyrak sanchig‘i xuruji vaqtida bel sohasiga issiqroq grelka qo‘yish yoki iliq vanna qilish tayinlanadi. Hozirgi vaqtda buyrak xastaliklariga tashxis qo‘yishda eng qulay yengil diagnostik usul ul’tratovush tekshiruvi hisoblanadi. Tibbiy ko‘rik jarayonida toshlarning soyasi buyrak jomida, peshob nayida va qovuqning kirish joyida katta-kichik ko‘rinishda yaqqol ko‘rinadi. Xurujlar orasidagi vaqtda bemorlarga tavsiya qilinadigan parhez ovqatlarni aniqlab olish zarur. Buning uchun peshob bilan ajralib chiqqan mayda toshlarni asosiy tarkibi aniqlanadi.

Fosfatli toshlarda peshob reaksiyasi ishqoriy bo‘lganda karbonatli mineral suvlar, nordon sut mahsulotlari, limon choy, ozroq miqdorda go‘sht berish tayinlanadi.

Uratli toshlarda bemorning taomnomasida ishqoriy mineral tuzlar meva-sabzavotlar ko‘p bo‘lishi va go‘sht chegaralanishi kerak.

Umuman olganda ovqat ratsionni turli-tuman (yuqorida aytilganlarni hisobga olgan holda) va sifatli (oqsillar, yog‘lar, vitaminlar, uglevodlarga boy) bo‘lishi kerak.

Bemor ko‘p haraktlanishi, gimnastika bilan shug‘ullanishi, yetarli miqdorda suyuqlik ichishi kerak.

B.HAMIDOV,

oliy toifali jarroh,

M.NOROV,

magistr rezidenti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: