Quyoshdek mehribon Vataning – onang…

Istiqlol yillarida yurtimizda “Har bir bolaga mehr va e’tibor” shiori ostida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ko‘plab ta’lim va sport muassasalari qurib foydalanishga topshirilib, mavjudlarining faoliyati va ularning moddiy texnik bazasi takomillashtirilmoqda. Shu bilan bir qatorda ijtimoiy himoya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar ham o‘z samarasini bermoqda. Mamlakatimizda mavjud “Mehribonlik” uylari, “SOS – bolalar mahallalari” va “Oilaviy bolalar uylarining” tarbiyalanuvchilari uchun haqiqiy oila muhiti yaratilmoqda.

Buni birgina, Navoiy viloyati Navoiy shahridagi “Mehribonlik” uyida tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlarni Vatan ravnaqiga daxldorlik hissi bilan ulg‘ayishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

120 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur muassasada bugungi kunda 109 nafar (45 nafari qiz bola, 64 nafari esa o‘g‘il bola) tarbiyalanuvchi istiqomat qiladi. Muassasaning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, barcha bolalar yoshiga ko‘ra guruhlarga bo‘lingan. Masalan, “Farhod” guruhida o‘n yoshdan, o‘n uch yoshgacha bo‘lgan 13 nafar o‘g‘il bola bor. “Sitora” guruhida esa to‘qqiz yoshdan, o‘n bir yoshgacha bo‘lgan qizlar bor. “Shirintoy” guruhida maktab yoshigacha bo‘lgan bolajonlar bor. Shu tariqa bolajonlar “Alpomish”, “Barchinoy”, “Lochin”, “Xumo”, “Temuriylar” kabi sakkizta guruhga bo‘lingan.

Har bir guruhning xonalari ham alohida. Har bir xona maishiy texnika va zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Bolalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Guruh yotoqxonalarida alohida karavot va shaxsiy buyumlar uchun kiyim javonlari o‘rnatilgan. Har bir guruhga alohida tarbiyachilar tayinlangan bo‘lib, bolalarning muassasadagi va maktab hayotidagi faoliyati tarbiyachilar tomonidan doimiy nazoratda.

Bolalarning kun davomida ovqatlanishlari sanitariya talablariga to‘liq javob beradi. Taom uchun mahsulotlar har kuni ertalab olib kelinadi. Yangi va yaxshi ozuqalar bolalarning sog‘lom ulg‘ayishlarini kafolatlaydi.

“Issiq jonning isitmasi bo‘ladi”, deydi xalqimiz. Ayniqsa, kichik yoshdagi bolajonlarning organizmi turli kasalliklarga qarshi chidamsizroq bo‘ladi. Shu bois muassasada maxsus shifokorlar xonasi tashkil etilgan. Malakali hamshiralar haftaning har shanba kuni barcha bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. Shundan bo‘lsa kerak, tarbiyalanuvchilarning hali birortasi jiddiy kasallik bilan og‘rigan emas. SHifokorlar bolajonlarni xastalanmasligining oldini olib profilaktika maqsadida tibbiy ko‘rik o‘kazadilar.

Muassasada mo‘jaz kutubxona ham mavjud. Bu yerda bolalarning o‘qib-izlanishlari uchun yetarlicha kitoblar bor. Kutubxonaga qo‘shni xonada dars tayyorlash sinfxonasi ham tashkil qilingan. Bolalar kechki nonushtadan so‘ng birgalikda dars tayyorlaydi.

Яна ўқинг:  МАЛИНА САРАТОНГА ҚАРШИ ЯНГИ ВОСИТА

– Men maskanimizni yosh bilimdonlar uyi deb atayman, – deydi kutubxona mudirasi N.Yadgarova. – Bolalar soatlab mutolaa qilishadi. Chet tilidagi adabiyotlarni o‘qish orqali til o‘rganish malakalarini ham oshirib borishmoqda. Horijiy tillarda chop etilgan yangi-yangi adabiyotlarni ham olib kelishimizni so‘rashganda, ko‘nglim ko‘tariladi. O‘qigan adabiyotlarini muhokama qilish orqali esa o‘z mustaqil fikrlarini ifodalash bilan bir qatorda uni himoya qila olish xususiyati ham shakllanib bormoqda, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir so‘z bilan aytganda ular mustaqil shaxs sifatida ulg‘aymoqdalar.

Albatta, ilm sarhad bilmas bo‘stondir. Bolalarning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqi ertangi kunga bo‘lgan intilishidan dalolat beradi. Muassasa xodimlari bolalarni doimiy qo‘llab-quvvatlamoqda. Maskanda yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy kechalar o‘tkaziladi. Davra suhbatida bolajonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan bir qatorda, ijod namunalaridan ham o‘qib berishadi. Bundayin tadbirlar natijasida yosh ijodkorlarning qalami charxlanmoqda. Bu yili bo‘lib o‘tgan Zulfiya nomidagi davlat mukofotining shahar bosqichida muassasaning besh nafar qizi ishtirok etdi. “Barchinoy” guruhi tarbiyalanuvchisi Ziguris Yekaterina viloyat bosqichida faol ishtirok etdi. Rus millatiga mansub bu qizaloq o‘zbek sheriyatiga chuqur mehr qo‘ygan.

Muassasada tarbiyalanayotgan maktab yoshidagi bolalar shahardagi 1-sonli, 16-sonli va 18-sonli umumta’lim maktablarida tahsil oladi. Bolajonlar o‘z qiziqishiga ko‘ra shahar hududidagi hamda “Mehribonlik” uyidagi ichki to‘garaklarga to‘liq jalb etilgan. Muassasada “Mohir qo‘llar”, “Rassomchilik”, “Kompyuter savodxonligi”, “Musiqa”, “Sport”, “Chet tili” to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, har bir to‘garakning ichida yana turli yo‘nalishlar mavjud. Masalan, “Sport” to‘garagida futbol, tennis, basketbol, suzish, shaxmat va shashka yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, shahardagi 1-sonli musiqa maktabida 30 nafar, 8-sonli musiqa va san’at maktabida 22 nafar, Barkamol avlod markazida tashkil etilgan “Biserchilik” to‘garagiga 20 nafar, “Yosh muzeyshunos” to‘garagiga 20 nafar, tarbiyalanuvchilar tahsil oladigan maktablarning turli fan va sport to‘garaklariga 46 nafar, “So‘g‘diyona” sport saroyidagi “Qilichbozlik” to‘garagiga 2 nafar, “Yengil atletika” to‘garagiga 3 nafar, “Qizilqum” professional futbol klubiga 13 nafar tarbiyalanuvchi jalb qilingan.

– Uch yoshimdan buyon sportning karate turi bilan shug‘ullanaman, – deydi tarbiyalanuvchi Azizbek Haydarov. – Qator musobaqalarda ishtirok etib, shoxsupaga ko‘tarilyapman. Harakatlarimni aslo to‘xtatganim yo‘q. O‘zimning faxrli yutuqlarim bilan yurtimning g‘amxo‘rligini, bizga bildirgan ishonchini oqlayman. Maskanimizda, maktabdagi, to‘garakdagi do‘stlarim davrasida juda baxtliman. Bir bola uchun qancha imkoniyat, sharoit zarur bo‘lsa barchasi muhayyo.

Яна ўқинг:  Замонавий, малакали ва тезкор хизмат

– Bolalarimiz o‘ta iqtidorli, intiluvchan, har birining qat’iy maqsadi va belgilab olgan yo‘li bor, – deydi muassasa direktori D.Orziyeva. – Men bolalarim bilan faxrlanaman. Viloyatdagi, Respublika miqyosidagi barcha musobaqalarda faol ishtirok etishga harakat qiladi. Ko‘pchiligi fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan. Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, barcha sohalarda o‘z iqtidorini namoyish etib kelishmoqda. Muassasamizda turli millat bolalari tarbiyalanadi. Ular aka-uka, opa-singil bo‘lib bir-birlariga tirgak bo‘lishmoqda. Do‘stlik, hamjihatlik tushunchalari bolalikdanoq ularning ongida shakllanib bormoqda. Bularning barchasi, hukumatimiz tomonidan yosh avlodga yaratayotgan shart-sharoitlarining samarasidir.

Darhaqiqat, hamjihatlikda hikmat ko‘p. Bolalarni yurtga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, millatlararo totuvlik ruhida kamol topishi uchun muassasada turli tadbirlar, davra suhbatlari, muqaddas qadamjolarga sayohatlar uyushtiriladi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan 9-may – Xotira va qadirlash kuni munosabati bilan bolajonlar Nurota tumanidagi “Nurato” ziyoratgohiga borishdi. Safar davomida mazkur ziyoratgohning tarixi, eski qal’a rivoyatlarini eshitib, o‘zlari uchun yangi ma’lumotlar oldilar. Nur taratib turgan sarchashmadan suv ichib, undagi hech qaerda uchramaydigan g‘aroyib baliqlarni tomosha qilishdi. Bir olam taassurotlar bilan qaytgan bolalar diyorimizning mislsiz tarovatidan, ajdodlarimizning ulkan ishlaridan qalblari faxrga to‘ldi.

– Maskanimizda tashkil etilgan kutubxonadagi badiiy adabiyotlarda olimlarimizning ishlari to‘g‘risida ko‘p o‘qiganman, ammo bularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib his etganim o‘zgacha zavq bag‘ishladi, – deydi “Sitora” guruhi tarbiyalanuvchisi Muhayyo Jumayeva. – Xotira va qadrlash kuni, bu kunning xalqimiz hayotidagi o‘rni nechog‘li ahamiyatga ega ekanini ulg‘ayganim sayin chuqurroq anglab yetyapman. Mustaqillik sharofati bilan yoshlarning taqdiri davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani men va do‘stlarimning kelajakka bo‘lgan umid va intilishiga qanot bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, ezgulik tushunchasi elimizning qon-qoniga singib ketgan qadriyatlardan biridir. Bu qadriyat ruhida kamol topayotgan yoshlar ajdodlarga munosib avlod bo‘lishlari shubhasiz. Bolalarning qo‘lga kiritayogan yutuqlari, tinimsiz o‘qib-izlanishlari, intilishlari zaminida qalbida Vatanga cheksiz muhabbat, uning ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shishga bo‘lgan ishtiyoqni ko‘rish mumkin.

Dildora QARShIBOYEVA,

Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: