Zamonaviy, malakali va tezkor xizmat
Norin TTB haqida shunday fikr yuritish mumkin
Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlik hamda sog‘lom oilani shakllantirish masalalari ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Bu borada olib borilayotgan islohotlar avvalo aholi salomatligini saqlash va tibbiy madaniyatni yuksaltirishga yo‘naltirilgan.
Namangan viloyati Norin tuman Tibbiyot birlashmasi Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi va tibbiyot oliygohlari mutaxassislari ishtirokida 12 nafar Ikkinchi jahon urushi faxriysi va 222 nafar keksa nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda zarur tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi.
151 ming 223 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan Norin Tibbiyot birlashmasi 285 bemor o‘rniga mo‘ljallangan. Muassasadagi mavjud 18 ta bo‘lim va 17 ta QVPlarda jami 187 nafar oliy ma’lumotli shifokorlar hamda 860 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
E’tiborli tomoni shundaki, joriy yilda birlashmada keksalar uchun yuqori texnologiyali diagnostika va davolash usullaridan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida ko‘z kataraktasiga chalingan 3 nafar, glaukomaga chalingan 8 nafar bemorlarga ko‘z jarrohlik, peshob-tosh, prostata bezi adenomasi, saraton xastaligiga chalingan 3 nafar bemorga ham invaziv urologik operatsiyalarini amalga oshirish rejalashtirildi. Shuningdek, tuman IIB va Bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda 281 nafar ro‘yxatga olingan o‘qish yoki ish sababli xorijga chiqib kelgan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kasalligi aniqlangan 14 nafar bemor sog‘lomlashtirishga yo‘naltirildi.
Tibbiyot birlashmasining sa’y-harakati bilan aholining 68 ming 50 nafari joriy yilning 1-choragida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan 19 ming 54 nafari ambulator va statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi. Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan 22 ming 49 nafar fertil yoshidagi ayollarning, ekstragenital kasalligi mavjud bemorlarning 14 ming 253 nafari, ya’ni 13,5 foizi sog‘lomlashtirildi.
Birlashmada istalmagan homiladorlikning oldini olish uchun tug‘ish yoshidagi ayollarni zamonaviy kontratsepsiya vositalari bilan qamrab olish o‘tgan yilga nisbatan 1 ming 159 taga, in’yeksion kontratsepsiya bilan qamrab olish 458 taga, ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasi bilan qamrab olish 29 taga oshirilgani olib borilayotgan targ‘ibot ishlarining samarasidir.
– Yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, bunyodkorlik va obodonchilik ishlari qatorida, bizning birlashmada ham “Investitsiya dasturi” doirasida “Norin santexmontaj” MCHJ tomonidan qurilish va rekonstruksiya hamda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bunday bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 8 mlrd. 683 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani hukumatimizning tibbiyot xodimlariga, xususan, el salomatligi yo‘lida ko‘rsatayotgan katta g‘amxo‘rligi ifodasidir, – deydi muassasa rahbari, oliy toifali jarroh Abduvali Mavlonov. – Ayni paytda, Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi binosida qurilish ishlari olib borilmoqda.
Muassasada faoliyat yuritayotgan G‘ofirjon Mamajonov, Ulug‘bek O‘rmonov kabi malakali jarrohlar, bosh ginekolog Umida Nizomova, pediatrlar Muxtor Temirov, Janona Fozilova, terapevtlar Azimjon Rustamov, Fayzulla Mansurov, Shuhratjon G‘aniyev, patronaj hamshiralari Sabohat Madaminova, Malika G‘afforova, Gulchehra Mamasoliyevalar xizmatlaridan aholi minnatdor.
M. QODIROVA