Osoyishta kunlarga shukrona aytaman

– deydi Ikkinchi jahon urushi faxriysi Sabritdin ota

Prezidentimizning farmoniga muvofiq Xotira va qadrlash kuni arafasida mamlakatimiz taraqqiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning mukofotlari bilan taqdirlandi.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi otaxon, sobiq militsiya mayori Sabritdin Nosirov “Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medaliga munosib ko‘rildi.

Sabritdin ota uzoq yillar Yuqori Chirchiq tumani IIBda samarali xizmat qilib kelgan. Chuqur bilim va ulkan tajribaga ega bu inson o‘tgan yillar davomida xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida kamarbasta bo‘lib, el-yurt orasida hurmat qozondi. Jonkuyar ustoz sifatida yosh mutaxassis xodimlarning malaka va tajribalarini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. O‘z zimmasidagi xizmat vazifalari, majburiyatlarini to‘liq anglab yetgan holda har bir ishga vijdonan, sidqidildan yondashish uning hayotiy shioriga aylangan.

Tajribali ustoz butun faoliyati davomida to‘plangan bilim va tajribalarini hamon o‘z shogirdlariga o‘rgatib borishdan charchamaydi.

Boboning eng birinchi shogirdlari uning farzandlaridir. Yoshligidan ularni ona Vatanni sevishga, uning ravnaqi va tinchligi uchun borini berib harakat qilishga o‘rgatdi.

85 yoshdan oshgan otaxon hamon o‘zgalarning yukiga yelka tutib, og‘irini yengil qilishga urinadi. Yoshlar bilan uchrashuvlarda xalqimiz tarixidagi voqea va hodisalarini so‘zlab berar ekan, ularda o‘z tarixi va buguni bilan faxrlanish tuyg‘ularini yanada shakllantirishga hissa qo‘shib kelmoqda.

– Son-sanoqsiz oilalarning boshiga og‘ir musibatlar yog‘dirgan, millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan Ikkinchi Jahon urushi yillarini eslasam bugungi dorilomon kunlarimizga qayta va qayta shukronalar aytaman, – deydi Sabritdin ota. Har safar hikoyalari so‘nggida yoshlarimizga bugungi tinch-farovon kunlarning qadriga yetish, Vatanni sevish va ardoqlash, elning koriga yarash zarurligi, ota-ona oldidagi burch nima ekanini bot-bot ta’kidlaydi.

2015 yildan boshlab 1941-1945 yillardagi urush va mehnat faxriylari yiliga bir marta o‘zlari uchun maqbul muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi hamda respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul sog‘lomlashtirish kursidan o‘tish huquqiga ega bo‘ldilar.

Urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalariga yo‘llanmalar qiymati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “Mustaqillik uchun kurash qanday sharoitlarda kechgani, xalqimiz istiqlolgacha qanday iztirobli, og‘ir kunlarni boshdan kechirganini bugungi avlodga o‘rgatish bizning muqaddas burchimizdir. Zero, odamzod o‘zining kechagi kunini xotirlay olsagina, tarixdan zarur xulosa chiqarib, uni anglab ongli hayot kechirishi, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetishi mumkin”.

Yana o‘qing:  Umid nashidasi

– Inson faqat ezgu ishlari bilan nom qozonishi lozim. Shu yo‘l bilan elga tanilish, obro‘-e’tibor qozonish nihoyatda mashaqqatli. Odamdagi insoniylik martabasi misqollab yig‘iladi, – deydi Sabritdin ota biz bilan suhbatda.

Yurtimizda Sabritdin ota singari xushxulq, samimiy, ona Vatanga sadoqatli, xalqining manfaati yo‘lida butun borlig‘ini bag‘ishlashga shay turgan insonlar talaygina. Ularning bosib o‘tgan umr yo‘li va mehnat faoliyati, yoshlar uchun ulkan tajriba maktabidir.

Sabritdin Nosirovning xizmatlari yana bir karra e’tirof etilib, otaxon joriy yilning 27 aprel kuni “O‘zbekiston IIV faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Xalqimizning baxtu saodati, tinchligi va ozodligi yo‘lida butun umrini baxsh etgan bunday insonlarning ibratli hayoti yoshlarimizda yuksak ma’naviy va vatanparvarlik, mamlakat taqdirga dahldorlik va chuqur mas’uliyat bilan yondashishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ularning pand-nasihatlari yoshlarimizni ma’naviy va axloqiy jihatdan tarbiyalash bilan birga ularga ajdodlar an’analarini yetkazishda ham alohida o‘rin tutadi. Yana Sabritdin ota kabi insonlar yoshlarga milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbatni va milliy iftixor tuyg‘ularini shakllantirishda ham alohida ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.

Shahzod UMIROV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi

“Xorijiy tillar” kafedrasi Bosh metodisti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: