Quyoshdan bahramand nihollar
Yaqinda Buxoro shahridagi 32-sonli “Mehribonlik” uyiga Fransiyadan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Muassasaning sobiq tarbiyalanuvchisi Yulduz Sufiddinova navbatdagi sport musobaqalarida unga ishonib topshirilgan hakamlik vazifasini a’lo darajada uddalaganini tarbiyachi opalariga quvonib so‘zlab berdi. Bunday muvaffaqiyatlarining zamirida esa mazkur dargohda faoliyat yuritayotgan barcha ustozlarining mehnati va g‘amxo‘rligi beqiyos.
Buxoro shahrida joylashgan 32-sonli “Mehribonlik” uyiga bunday qo‘ng‘iroqlar tez-tez bo‘lib turadi. Bu dargohda kamol topayotgan 90 nafar bola ham ana shunday ulkan orzular bilan kamolga yetayotir. Zero, buning uchun ularda qulay muhit, eng muhimi davlatimizning ko‘magi va ishonchi bor.
Mazkur muassasaning tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmasa-da, bolajonlar uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Zamonaviy yotoqxonalar, ko‘rkam oshxona, barcha jihozlarga ega kompyuter xonalari, kutubxona, tibbiyot xonasi – barcha-barchasi bolalar xizmatiga shay. Buning zamirida esa bolajonlarning tinch va xotirjam bilim olib, kamol toptirish maqsadi mujassam.
– Bolalarning muvaffaqiyatlaridan qalbimiz faxrga to‘ladi, – deydi muassasa rahbari Saida Sharipova. – “Mehribonlik” uyida 60 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Bu yerda milliy hunarmandchilik va sport yo‘nalishi bo‘yicha 13 ta to‘garak mavjud. Ayni damda to‘garaklar Buxoro shahar “Barkamol avlod” bolalar markazi, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasining Buxoro filiali, 25-bolalar va o‘smirlar sport maktabi, “Semurg‘” sport majmuasi, 4-son musiqa va san’at maktabidan jalb etilgan ustoz-pedagoglar tomonidan olib boriladi. Bu esa bolani kasbga yo‘naltirish va ulardagi mavjud iste’dodni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Muassasa tarbiyalanuvchisi Azizabonu Mamirova 2014-yilda boks bo‘yicha Bolgariyada o‘tkazilgan jahon chempionatida ishtirok etib faxrli o‘rinni egallab qaytdi. Shuningdek, u Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Gulhayo Ramazonova ham sportning kurash sport turi yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishib, murabbiylarini mamnun qildi. Surayyo Mustafoyeva esa musiqa va san’at yo‘nalishida o‘z iqtidorini namoyish qilmoqda, kelajakda ustozlarining undan umidi katta. Bunday iqtidorli o‘quvchilar “Mehribonlik” uyida talaygina.
Aytish lozimki, 32-“Mehribonlik” uyida tarbiyalanuvchilarning ijtimoiy himoyasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Tarbiyalanuvchilar “Mehribonlik” uyi yaqinidagi umumta’lim maktablariga biriktirilgan bo‘lib, ularning bilim olish darajasi, darslarni o‘zlashtirishi, ta’lim jarayonida o‘ylantirayotgan masalalari yuzasidan muassasa rahbariyati hamisha nazorat qilib turadi. Ammo taqdir taqozosi bilan uch nafar tarbiyalanuvchi 1-sinfda o‘qiydigan Jasmin Karimov, 3-sinf o‘quvchisi Pyotr Gorov, 5-sinfda o‘qiydigan tarbiyalanuvchi Sadriddin Jalilov maktabga qatnab bilim olish imkoniyatiga ega emaslar. Ammo rahbariyat tomonidan bolalar uchun inklyuziv ta’lim tizimi tashkil qilingan. Ular belgilangan dars jadvali asosida malakali o‘qituvchilardan saboq olishmoqda.
– Jasmin Karimov bosh miyaning shikastlanishi oqibatida o‘ng oyog‘i harakatdan qolgan, – deydi muassasaning ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilafruz Tosheva. – Yaqinda Jasmin Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi. Hozirda sog‘lig‘i tiklangan, ahvoli ancha yaxshi. Bola ortoped-travmatolog Alisher Ikromov nazoratida.
Mehnat ortidan iliq fikr bildirib, uni e’tirof etish kishiga ma’naviy ko‘mak bo‘lib, keyingi ishlariga ilhom bag‘ishlaydi. Ayniqsa, bola amalga oshirgan mehnati-yu, ijodiga oz bo‘lsa-da baho bersa unda rag‘bat va shijoatning ko‘tarinkiligiga guvoh bo‘lasiz. Bolajonlarning qobiliyati va iste’dodlarini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirish maqsadida kuni kecha mazkur go‘shada “Kamalak jilosi” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlovga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, “Sen yolg‘iz emassan” respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi xayrihoh bo‘lishdi. Tanlovda milliy hunarmandchiligimiz, amaliy san’atimizning sayqali bo‘lmish kashtachilik, rassomchilik, mis-kandakorlik, tasviriy san’at kabi yo‘nalishlarda bolalar o‘z ijodini, mehnatini namoyish etishdi. Qizlarning bejirim savatlarga harir matolardan, turfa munchoqlardan ishlagan nafis gullari chamandagi chechaklarni eslatadi. Yohud o‘g‘il bolalarning chizgan rasmlari, mis-kandakorlik yo‘nalishidagi ishlanmalari kishi e’tiborini tortmay qo‘ymaydi. Bularning ortida esa ustozlarning mehnati, g‘ayrati o‘quvchilarga sabot bilan bergan ta’lim-tarbiyasi va kasbiga fidoyiligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Muassasa rahbarining e’tirof etishicha, mazkur dargohda faoliyat yuritib kelayotgan qator tarbiyachilar viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan muntazam mukofotlanib boriladi. Ayniqsa, hukumatimiz tomonidan “Mehribonlik” uyi tarbiyachisi Mamlakat Ismatovaning “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishi quvonchli voqea bo‘ldi.
Yuqorida ta’kidlangan ko‘rik-tanlov shartiga ko‘ra “Tasviriy san’at” yo‘nalishi bo‘yicha Shahzod Aripov “Bobom bilan suhbat” nomli rasmi bilan 1-o‘rinni egalladi. Yasmina Gilmutdinova esa “Kashtachilik” yo‘nalishi bo‘yicha choklari toza hamda tekis sayqal berilgan “Anor guli” deb nomlangan kashtasi bilan 1-o‘rinni egalladi. “Mohir qo‘llar” yo‘nalishi bo‘yicha Dilnora Teshayeva “Oqqush” va “Gulsavat” nomli ijodiy ishlari bilan qatnashib, g‘olib bo‘ldi. Nozimjon Baqoyev “Kandakorlik” yo‘nalishida tanlovda “Bilakuzuk naqshi” bilan ishtirok etdi va respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Yaqinda sakkiz nafar sobiq tarbiyalanuvchimizning nikoh to‘yida ishtirok etdik, – deydi muassasa rahbari. – Ularning baxtli kunlariga guvoh bo‘ldik. Yosh oilalar uchun davlatimiz tomonidan qurib, foydalanishga topshirilgan uch qavatli turar joylardan ajratib berildi. Bu esa ularning yanada farovon yashashiga zamin hozirlaydi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri