Bobo, duongizga ehtiyojim bor

Abbosjon kasb taqozosi bilan Toshkentda istiqomat qiladi. U nufuzli respublika tashkilotining faol xodimi. Yosh bo‘lishiga qaramay jamoasida o‘z obro‘siga ega. Erishgan yutuqlarida bobosining o‘gitlari, pand-nasihatlari, qimmatli duolari ahamiyatli ekanini dildan his etadi. Vaqt bo‘ldi deguncha dovon oshib Farg‘onaga, ota makoni – Uchko‘prikning “Yallama” mahallasiga shoshiladi. Ota-onasi, bobosi uning diydoriga peshvoz chiqadi.

Tili biyrongina jajji Muhiddin oilaning quvonchiga quvonch qo‘shadi. Shiringina kulgisi xonadon fayzini boyitadi. Mo‘ydin ota esa pildirab hali u quchoqdan hali bu quchoqqa o‘zini otayotgan evarasini ko‘rib, mamnun jilmayadi. To‘rtinchi avlodining ham sog‘-salomat ko‘z o‘ngida ulg‘ayayotganidan quvonadi. Axir, to‘rt avlod baxti-kamolini ko‘rish, ularning ta’lim-tarbiyasiga mas’ullik hissi bilan yashashdan ortiq baxt bormi dunyoda?!

Otaxon ayni vaqtda to‘qson ikki yoshda. Ikkinchi jahon urushi faxriysi. Hayotning og‘ir-engilini his etgan, shodligiyu, g‘am-qayg‘usini boshidan kechirgan. Qariyb o‘ttiz besh yil “Yangi Farg‘ona” gazetasida bosh muharrir lavozimida faoliyat yuritgan. Besh nafar farzandi bor. Bobo ona Vatan, bolalari, evara-chevaralarining e’zozida umrguzaronlik qilayotir. Ammo ularning bosib o‘tgan umr yo‘llari naqadar mashaqqatli ekani sermazmun nigohlarida aks etadi. Mo‘ydin ota olis xotiralarga cho‘madi. Navqiron yigitlik davrlarini eslaydi.

– Bilagimiz kuchga, qalbimiz orzu-umidlarga limmo-lim edi. Ammo tengqurlarimizda ertangi kunga ishonch yetishmas, qalbimizda halovat yo‘q edi. Bolalik xotiralarimizning quvonchli sahifalari juda kam. Turmush ehtiyojlari bizdan baxtiyorlikni o‘g‘irlab qo‘ygandi. Esimda, 8-9 yoshga to‘lganimda qurg‘oqchilik tufayli butun mamlakat ocharchilikdan aziyat chekdi. Keyin mash’um qatag‘on ajdarhodek kishilarni o‘z komiga torta boshladi. “Qama-qama”lar avjiga chiqdi. Otam quloq qilindi. Keyin esa millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan urush boshlandi. Biz shunday murakkab davrda irodamizni tobladik, hayotga muhabbat qo‘ydik.

Bobo bir muddat tin oladi. Qalbini sukunatga topshiradi. – Bolam, – deya so‘ng menga yuzlanadi. – Sizlarga havasim keladi. Shunday osoyishta yurtning farzandisizlar. Barcha imkoniyat muhayyo. Kamsitish, bo‘hton, inson irodasini bukib qo‘yadigan turli illatlardan butkul xoli zamonada yashayapmiz. Nabira, evara-chevaralarimning dunyoqarashi, intilishlari, yutuqlarini ko‘rib beixtiyor men ham bolalikka qaytib, qaytadan el-yurt xizmatiga kamarbasta bo‘lgim keladi.

O‘rta ma’lumot bilan maktabda bir muddat o‘qituvchilik qilgan 18 yoshli yigit Ikkinchi jahon urushiga safarbar qilingach, dastlab telegraf xizmatlariga yollandi. Keyin esa turli frontlarda jang qilib, urushni tankka qarshi divizion komandiri darajasida yakunladi. Urushdan qaytgach Qo‘qondagi o‘qituvchilar tayyorlash bilim yurtini bitirib yana muallimlik kasbini davom ettira boshladi.

Yana o‘qing:  El taqdirini o‘z taqdiri deb bilganlar

– Odamlar o‘tgan kuniga shukrona aytar, ertaga qozoniga nima solishni o‘ylab boshi qotardi. Ammo xalqimizga xos bo‘lgan qo‘ni-qo‘shnichilik, o‘zaro mehr-oqibat rishtalari mustahkam ediki, hamma bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilar, imkon doirasida bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zardi. Men ham o‘sha yillari oila qurganman. Esimda, olti sotix yerning sholisidan olgan hosilimga to‘y qilgandim. Shukr, ayolim bilan yetmish yil birga yashadim. Biror marta o‘rtamizdan “ola mushuk” o‘tmagan, – deydi bobo mamnuniyat bilan. – Hozir ayrim yosh oilalarda uchrab turgan o‘zaro munosabatlarning ajrim holatlarigacha borib yetayotganini esa hech bir vaj bilan oqlab bo‘lmaydi. Shunday osoyishta zamonning qadriga yetmaslik, oilasi farovonligi, bolalarining kelajagi uchun qayg‘urish o‘rniga arzimagan moddiy yoki ma’naviy ehtiyoj tufayli “Vatan ichra Vatan” deya e’tirof etiladigan oilaning tanazzulga yuz tutishi noshukrlikdan boshqa narsa emas. Hamma qurbiga yarasha ro‘zg‘ori to‘kis, usti but yashash imkoniga ega.

Darhaqiqat, azaldan keksalarimiz shunday muammolar uchun o‘zini javobgar sezgan. Nasihatlari, yo‘l-yo‘riqlari bilan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshqarib borgan. Otaxon bu borada mahalla-ko‘ydan maslahatlarini ayamaydi. Mo‘ydin ota Ergashev suhbat orasida nafaqaga chiqqandan so‘ng ham tuman faxriylar kengashi raisi sifatida ko‘p yillar faoliyat yuritganini eslatib o‘tadi.

Joriy yilda 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 70 yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida ularga 700 ming so‘m miqdorida pul mukofoti beriladi.

Mo‘ydin Ergashev ko‘pgina shogirdlarni tarbiyaladi. Uning tajribasidan bahramand bo‘lgan ijodkorlar orasida respublikada nom qozonganlari ham talaygina. Qolaversa, otaxon farzandlari kelajagi yo‘lida ham ibratli ishlarni amalga oshirdi. U mamnuniyat bilan farzandlarining baxti-kamolidan to‘lqinlanib so‘zlaydi. Hammasining turmushi farovon, obro‘li kasb-kor egasi ekanidan sevinadi. Nevara-evaralarining deyarli barchasi oliy ma’lumotli ekani, poytaxtda respublika tashkilotlarida ham faoliyat yuritayotganlari borligi boboning kuchiga kuch qo‘shadi. Sulolasi, o‘zining avlodlari zukko, aql-zakovatli bo‘lib ulg‘ayayotganidan masrurlik hissini tuyadi. O‘zbek xalqi o‘zligini qayta topgani, tadbirli, azmi qat’iy va shijoatli el sifatida qad rostlaganidan g‘ururlanadi.

Mamlakatimizda Mo‘ydin Ergashevga o‘xshagan, hayot yo‘li ibratli otaxonu onaxonlar talaygina. Ularning har bir gapi, nasihat va maslahatlari so‘nmas hikmat kabi yosh avlodning qalbiga muhrlanib borayotir. Xalqimiz azaldan keksalar bilan kengashib, ularning yo‘l-yo‘riqlari, dono o‘y-fikrlari bilan o‘rtoqlashib kelgani ham ayni haqiqatdir. Joriy yilning Prezidentimiz tashabbusi bilan Keksalarni e’zozlash yili deb e’lon qilingani so‘zimizning tasdig‘idir.

Yana o‘qing:  KEKSALARGA BAYRAM DASTURXONI

Abbosjon poytaxtga, ishga qaytishga hozirlik ko‘radi. Mo‘ydin otaning duosini olishga chog‘lanadi. Bobo nabirasini qayta-qayta bag‘riga bosadi. Borlaringga shukr bolam, deya yelkasiga qoqib qo‘yadi. Abbosjon esa “Umringiz bundanda uzoq bo‘ling. Siz bizga hamisha tirgak bo‘lasiz. Hamisha duongizga ehtiyojim bor bobojon”, deya xayrlashadi.

Bahodir HALIMOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: