Sport xabarlari (2015-18)
ShASHKACHILARIMIZ ENG YAXShI
Poytaxtimizda 25 aprel kuni 64 va 100 katakli shashka bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Osiyo shashka konfederatsiyasi hamda O‘zbekiston shashka federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada qit’amizning yigirmaga yaqin davlatidan 250 nafardan ziyod sportchi g‘oliblik uchun bahslashmoqda.
Tadbir doirasida Osiyo shashka konfederatsiyasi tomonidan 2014 yilning eng yaxshi sportchilari aniqlandi. Unga ko‘ra shashka bo‘yicha jahon va Osiyo chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi Shahzoda Tursunmurodova “Yilning eng yaxshi sportchisi”, O‘zbekiston qizlar terma jamoasi “Yilning eng yaxshi terma jamoasi” deb topildi.
Musobaqada mamlakatimiz sharafini shashka bo‘yicha jahon va Osiyo chempionatlari g‘olib va sovrindorlari – Saidqosim Aliyev, Samandar Kalonov, Ozodbek O‘rmonaliyev, Alisher Ortiqov, Abduqodir Toshtemirov, Shahzoda Tursunmurodova, Sayyora Yo‘ldosheva, Vasfiya Berdiqulova, Nigina Bozorova kabi tajribali shashka ustalari bilan birga iqtidorli yosh sportchilar ham himoya qilmoqda.
YUNON-RUM KURASHI
Rossiyada yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda sportchilarimiz 4 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Polvonlarimizdan Ahmad Mahmudov, Aram Vardanyan, Mirzohid Tursunov, Jahongir Turdiyev o‘z vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Qamariddin Zayniddinov, Mirzabek Rahmatov, Daler Rahmatov kumush, Islom Bahromov esa bronza medal bilan taqdirlandi.
TENNIS
Qozog‘istonda Xalqaro tennis federatsiyasi taqvimiga kiruvchi “Fyuchers” turniri yakunlandi.
Musobaqada mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Temur Ismoilov final bahsida belaruslik Yaroslav Shilyaga qarshi kortga chiqdi va 7:6, 6:1 hisobida g‘alaba qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
T.ORTIQOVA