Keksalikdagi parvarish muruvvat va bag‘rikenglikka asoslanadi
Parkinson kasalligi – titroq xuruji
Ushbu kasallik markaziy asab tizimining sust rivojlanuvchi xastaligi bo‘lib, surunkali rivojlanib boradi. Bu xastalik bradikineziya (umumiy harakatning kamayishi), tremor (titrash), rigidlik (qotib qolish) kabi belgilar bilan kechadi. Yana kasallik harakatlarning sustligi, mushaklarning qattiq taranglashuvi, bemor tinch turganda tremor va reflekslarning buzilishi bilan ta’riflanadi.
Bu xastalik 100 ming nafar aholi o‘rtasida 60 tadan 180 tagacha uchraydi hamda yosh o‘tgan sayin bu kasallikning uchrash ehtimoli ortib boraveradi. 60 yoshdan keyin ushbu kasallik bilan 1-5 foiz aholi og‘riydi. Dunyo bo‘yicha 10 mln.ga yaqin odam ushbu dardga chalingan. Bu esa Parkinson kasalligining Alsgeymer xastaligidan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi neyrodegenerativ (asab tizimining buzilishi) kasallik ekanligidan dalolat beradi. Bu kasallik ko‘proq erkaklar orasida uchraydi. Parkinson kasalligi (idiopatik parkinsonizm) va parkinsonizm sindromi bir-biridan farq qiladi. “Parkinson kasalligi” deganda nasliy omillar sababli rivojlangan kasallik tushuniladi. Buni davolash qiyin. “Ikkilamchi parkinsonizm” deganda boshqa bir kasalliklar sababli rivojlangan xastalik tushuniladi. Masalan, bosh miya jarohatlari va uning qon tomirlari kasalliklari, turli xil zaharlanishlar va dorilar sababli rivojlangan ikkilamchi parkinsonizm kuzatiladi. Agar xastalikka sababchi asosiy omil davolansa, ikkilamchi parkinsonizm belgilarini bartaraf etish mumkin. Demak, ikkilamchi parkinsonizm Parkinson kasalligiga qaraganda yengilroq davolanadi. Ko‘p hollarda buning sababi miyaning ichki qismida joylashgan qora moddaning buzilishidir. Ushbu kasallikka ensefalit (bosh miya yallig‘lanishi)lar, bosh miya tomirlarining zararlanishi, yatrogen(tibbiyot xodimlarining noo‘rin hatti-harakatlari sababli vujudga keladigan) omillar, neyroleptik preparatlarni shifokor ruxsatisiz va pala-partish ichish sabab bo‘lishi mumkin. Parkinson kasalligining rivojlanishida nasliy omillar katta ahamiyatga ega. Chunki, kasallik nasldan-naslga dominant (ustun yoki oshkora) tarzda uzatiladi. Bu kasallik bemorning farzandlariga to‘la o‘tadi degani emas. Vaholanki, Parkinson kasalligining o‘zi emas, balki unga moyillik avloddan-avlodga ko‘chadi. Demak, ushbu dardga moyilligi bor odamlarda turli tashqi salbiy ta’sirlargina xastalikni yuzaga keltirishi mumkin.
Turli kimyoviy moddalar va vositalar bilan surunkali zaharlanish kasallik rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Masalan, oltingugurt, marganets, qo‘rg‘oshin, metil va etil spirtlari, fosfororganik birikmalar, is gazi ya’ni, miyada dofamin moddasi almashinuviga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar shular jumlasidandir. Asab tizimi infeksiyalari miyaning ichki qismida joylashgan qora moddani zararlaydigan viruslar parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Masalan, ensefalit kasalligini bunga misol qilish mumkin. Dorilarning nojo‘ya ta’siri ham xastalikni rivojlantiradi. Parkinsonizmga eng ko‘p sababchi bo‘ladigan dorilar – bular aminazin, galoperidol va shu guruhga kiruvchi dorilardir.
Giyohvand moddalarni qabul qiladiganlarda parkinsonizm eng ko‘p rivojlanadi. Chunki, giyohvand moddalar aynan qora moddada ishlab chiqariladigan dofamin moddasini parchalaydi. Bosh miya dofaminergik neyronlari qoramtir moddasida, zangorisimon joyda va boshqa dofamin saqlovchi sohalarda nerv to‘qimalarining nobud bo‘lishi yuzaga keladi. Miyadagi dumsimon yadroda ularning miqdori kamayadi. Parkinson kasalligi va parkinsonizmning yetakchi klinik belgisi harakatlarning sustligi va mushak tarangligining oshishi hisoblanadi. Parkinsonizm xastaligiga yuqorida ta’kidlab o‘tilgan uchta asosiy klinik belgidan tashqari bemorning o‘ziga xos bukchayib turish vaziyati xarakterli. Xasta kishining bosh va tanasi oldinga engashib turadi. Qo‘llari tirsak, bilak va kaftlar orasi bo‘g‘imlaridan yarim bukiladi. Ko‘pincha ular ko‘krak qafasining yoki tananing yon yuzalariga mahkam yopishib turadi. Oyoqlar tizza bo‘g‘imidan yarim bukiladi. Bemorning yuz ifodasidan mimikaning kamligi qayd qilinadi. Erkin harakatlar sur’ati kasallik rivojlangan sari asta-sekin susayadi. Ba’zan bemor ancha erta butunlay harakat qilolmay qoladi. U lapanglab, mayda-mayda qadam tashlaydi. Oyog‘ini sudrab yuradi. Agar bemorni shifokor sekin oldinga itarsa, u yiqilib tushmaslik uchun yuguradi. Bu harakatlar xasta kishi o‘tirganda, turganda, boshini orqaga tashlaganda ham beixtiyor ro‘y beradi.
Kasal odam yurganda qo‘llar uyg‘un harakat qilmaydi. Bunday bemorlar sekin, shivirlab gapiradi. So‘zining oxiri ichida qoladi. Sust harakat qilganda oyoq-qo‘llarda mushaklar tarangligining oshishi tufayli ularning o‘ziga xos qarshiligi, ya’ni, “tishli g‘ildirak’’ fenomeni qayd qilinadi. Bemorning oyoq-qo‘llarini shifokor sekin bukib-yozganda bo‘g‘imlar usti, xususan, bilak bo‘g‘imi ikkita tutashgan tishli g‘ildirakka o‘xshab qoladi. Xastalik bemorda butun tana yoki uning biror qismidagi mushaklarning bir maromda beixtiyor tebranma harakatlar bilan qisqarishi yoki bo‘shashishi tarzida namoyon bo‘ladi. Tinch holatda 50-80 foiz bemorlarda titrash kuzatiladi. Kasallik boshlanishida bir tomonlama titrash, tinch holatda esa tebranish, juda kuchli harakatlanganda bu holatning kamayishi yoki butunlay yo‘qolishi kuzatiladi. Uyqu vaqtida qaltirash bo‘lmaydi. Bemor ruhiy zo‘riqqanda va charchaganda qaltirash kuchayadi.
Titrash ko‘proq qo‘l panjasi, oyoqlar, jag‘, til va qovoqlarda kuzatiladi. Xasta kishining harakatlari sekinlashadi va uning tezligi chegaralanib boradi. Parkinson kasalligida harakatning izdan chiqishida niqobsimon yuz qiyofasi paydo bo‘ladi. Bunda og‘iz ochiq, qad-qomat ham majburan egilgan bo‘ladi. Bundan tashqari chaynash qiyinlashganligi sababli qalqish yuzaga keladi va halqum mushaklarining harakati susayganligi sababli yutish harakatlari buziladi. Natijada bemorda so‘lak oqishi kuzatiladi. Ushbu kasallikda yana nutq sekinlashgan va tushunarsiz bo‘ladi. Ko‘rish faoliyatining izdan chiqishi sabali kipriklarning ochilib-yopilishi harakati kamayadi. Ko‘zning aylanma mushaklari va qovoqlar qisqarishi bu dardga xos alomat. Bemorda yog‘ bezlari faoliyatining kuchayishi, qabziyat(ich qotish) yoki peshob va najasni tutolmaslik hamda jinsiy faoliyatning buzilishi yuzaga keladi. Ko‘pincha 50 foiz bemorlarda qariyalar aqli zaifligi-demensiya ham rivojlanadi.
Parkinson kasalligi birinchi marta 1817 yilda ingliz shifokori J.Parkinson o‘zining “Titrovchi falaj haqida esse” kitobida yozib qoldirgan va kasallikni qaltirovchi falajlik deb atagan. Hamma gap shundaki, bu kasallik bilan uning o‘zi og‘rigan edi. U o‘zida kechayotgan kasallik belgilarini yon daftarchasiga yozib yuradi. Uning qo‘llari doimo titrar, butun tanasi qaltirar va gavdasi bukchayib borayotgan edi. Shifokor tanasidagi barcha mushaklari go‘yoki qotib borayotganini, bemalol qadam tashlab yura olmayotganini sezadi…
Jeyms Parkinsonning o‘zida bu kasallik belgilari yoshi 50 dan oshgandan so‘ng paydo bo‘la boshlagan edi. Yana bir nechta shunday bemorlarni o‘rgangan shifokor “Ushbu kasallik 50 yoshdan oshgan kishilarda uchraydi” deb yozadi. 1874 yili mashhur fransuz nevrologi Jan Marten Sharko bu kasallikni chuqur o‘rganib, unga Parkinson nomini beradi.
Parkinsonizm dardiga uchragan bemorlarga sutli va o‘simlik mahsulotlaridan tayyorlangan ovqatlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Taomnomada go‘sht, tuxum, sariyog‘ kamroq bo‘lishi lozim. Qovurilgan ovqatlar yeyish tavsiya etilmaydi. Bemorni umri davomida e’tibor bilan davolash zarur. Uning holati tez yomonlashsa kundalik tartibga rioya qilmaganlikdan dalolat beradi. Shuningdek, ruhiy tushkunlik yoki boshqa qo‘shilib keladigan kasalliklar ham xastalik kuchayishiga sabab bo‘ladi. Bemorlarda harakat faolligini uzoq vaqt davomida saqlashga intilish kerak.
Harakat buzilishi kuchayib borishining oldini olish uchun har bir bemorga o‘ziga xos jismoniy mashqlar dasturini belgilash yaxshi natija beradi. Davolanish ko‘p holatlarda kasallik belgisiga qarab olib boriladi. Xastalikni avj olib borishini sekinlashtiradigan dorilar guruhi hozirgi kunda topilmagan. Ba’zi hollarda neyroxirurgik operatsiya qilinadi. Uning samaradorligi taxminan 60 foizga teng.
Kasallik sekin va beto‘xtov rivojlanib mudhish oqibatga olib kelishi mumkin. Bemorning yaqinlari unga insonparvarlik nuqtai nazaridan mehru muhabbat bilan muruvvat ko‘rsatishlari zarur. Zero, oiladagi do‘stona va sog‘lom muhit, oqilona ovqatlanish, ruhiy xotirjamlik bemor parvarishida katta ahamiyatga egadir.
Parkinsonizmni oldini olish uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, infeksion kasalliklarni o‘z vaqtida davolash, ushbu xastalikni yuzaga keltiruvchi dori vositalarini iste’mol qilmaslik va turli zaharli ta’sir qiluvchi moddalar bilan ishlamaslik yoki muloqotda bo‘lmaslik tamaki, spirtli ichimliklar, hamda giyohvand moddalarni iste’mol qilmaslik, tushkunlik va ruhiy zo‘riqish holatlaridan saqlanish kerak.
Abdurahmon ABDUG‘ANIYEV,
Toshkent tibbiyot akademiyasi davolash fakulteti VII bosqich talabasi