HAFTALIK KO‘TARINKI RUHDA O‘TMOQDA
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida 21 aprel kuni “Tasviriy va amaliy san’at” festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, tasviriy san’at yo‘nalishidagi tadbirlar, turli tanlov va ko‘rgazmalar navqiron avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularni san’atning eng nodir namunalaridan keng bahramand etish, yangidan-yangi iste’dod sohiblarini voyaga yetkazishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Bu yilgi festival Keksalarni e’zozlash yiliga bag‘ishlangan. Besh kun mobaynida Markaziy ko‘rgazmalar zali, Xalqaro madaniyat karvon saroyi, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod memorial bog‘-muzeyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyida tasviriy san’at sohasida samarali mehnat qilgan va ayni paytda ham ijod qilayotgan musavvirlar, haykaltaroshlar, usta-hunarmandlarning ijod namunalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.
Tasviriy san’at haftaligining har bir kuni Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Respublika rassomlik, dizayn kollejlari, ixtisoslashtirilgan tasviriy va amaliy san’at maktab-internati faoliyatiga bag‘ishlanadi. Atoqli rassomlar, mohir musavvirlar, amaliy san’at ustalari ishtirokida o‘tkaziluvchi mahorat saboqlari yoshlarning bilim va mahoratini yanada boyitishga xizmat qiladi.
Xalqaro madaniyat karvon saroyida tashkil etiladigan haykaltaroshlik, arxitektura dizayni, amaliy dekorativ san’at, xalq amaliy san’ati namunalaridan iborat ko‘rgazma turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan rassomlar ijodi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Toshkent Fotosuratlar uyida bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazmada dastgohli va mahobatli rangtasvir, grafika, miniatyura, hattotlik, teatr va kino rassomlari, fotomusavvirlar ijodi eng sara namunalaridan bahramand bo‘lish mumkin. O‘zbekiston an’anaviy milliy liboslar ko‘rigi san’atsevar yoshlarning moda yo‘nalishida ham faol izlanayotganini yana bir karra namoyon etadi.
V.PO‘LATOVA