Yorqinoyning oydin yo‘li

“Qadamidan o‘t chaqnaydi” degan ibora aynan Yorqinoy Jumanovaga atab aytilgan desak mubolag‘a emas. Zero, Shahrisabzning Temirchi qishlog‘idagi 30-umumta’lim maktabida o‘qib yurgan kezlarida tez yugurish bo‘yicha hech kim unga teng kelolmasdi. Doimiy harakat va sog‘lom turmush tarzi bilan oshno bo‘lgan Yorqinoy kelajakda ham hayotini sport bilan bog‘lashini tasavvur qilmasdi. Boisi, otasi qiz boladan sportchi chiqishiga “tish tirnog‘i” bilan qarshi edi. Shu sababdan kelajakdagi rejalarida sportga o‘rin yo‘qdek tuyulardi unga. Ammo, ular tahsil oladigan maktabga O‘g‘iloy Mirzaxonova jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib kelgandan so‘ng bularning barchasi ijobiy tarafga o‘zgara boshladi.

Uning murabbiyligida maktablararo o‘tkazilgan kross musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 8-sinf o‘quvchisi Yo.Jumanova tezlik ko‘rsatkichini ham yaxshilab bordi.

– Yorqinoy, qizim, sport salomatlik kafolati bo‘libgina qolmay, o‘z iqtidoringni namoyon etish uchun katta imkoniyat hamdir. Qobiliyating bilan esa katta zafarlarni qo‘lga kiritishing mumkin. Buning uchun muntazam shug‘ullanish va qilayotgan ishingni sevish kerak bo‘ladi, – dedi O‘g‘iloy opa Yorqinoyni g‘alaba bilan tabriklab.

Bu so‘zlardan ruhlangan Yorqinoyning ko‘nglida sportchi bo‘lish orzusi kurtak yoza boshladi. Biroq, maktabni bitirib otasiga maqsadini bayon qilgan qiz qat’iy rad javobini oldi.

– O‘zingga yarashadigan kasb tanla. Sport bilan shug‘ullanish qizlarning ishi emas.

Ota so‘zini ikki qila olmagan Yorqinoy shu bilan pedagogika kollejiga o‘qishga kirdi. Kollejni bitirgach, o‘zi ta’lim olgan maktabida o‘qituvchi bo‘lib ish boshladi.

Oradan o‘tgan vaqt davomida bir on bo‘lsada Yorqinoyning sportga bo‘lgan mehri pasaymadi. Aksincha borgan sari ishtiyoqi ortib boraverdi. Shu bois ustozlari bilan maslahatlashib maktabda sport to‘garagi tashkil qildi.

Avvaliga to‘garakka bolalarni jalb etish biroz qiyin kechdi. Asosan qizlar bilan ish boshlagan murabbiya keyinchalik o‘g‘il bolalarni ham o‘z to‘garagiga qabul qila boshladi. Tumandagi ko‘plab maktablarda bo‘lib, tashviqot-targ‘ibot ishlarini olib bordi. Yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish yo‘lida o‘z mehnatlarini ayamadi.

Bu esa asta-sekin o‘z samarasini bera boshladi. To‘garak a’zolarining birin-ketin tuman hamda viloyat miqyosida g‘oliblikni qo‘lga kiritayotganlarini eshitgan ota-onalar ham o‘z farzandlarining sport bilan shug‘ullanishlari uchun Yorqinoy Jumanova murabbiyligidagi sport to‘garagiga olib kelishdi.

Yana o‘qing:  U – O‘N SAKKIZ QIZNING ONASI

Istiqlol in’om etgan imkoniyatlar tufayli amalga oshirilgan islohotlar samarasi o‘laroq ko‘plab sohalardagi iqtidorli yigit-qizlarimiz uchun talay imkoniyatlar yaratildi. Xususan, sportga, ayniqsa, bolalar sportiga katta e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy sport inshootlarining barpo etilishi, mavjudlarining to‘liq rekonstruksiyadan chiqarilib, zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlanayotgani bu sohada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning ham salmog‘ini oshirmoqda.

2008-2010 yillarda “Kamolot malikalari” sport musobaqasining respublika bosqichida sport maktabi tarbiyalanuvchisi O‘g‘iloy Rahmonova g‘olib bo‘ldi. Bu esa Yorqinoyga qo‘shimcha ishtiyoq va ertangi kuniga ishonch bag‘ishladi.

Shogirdlari bilan birgalikda muntazam mashqlar bajarishi natijasida Yorqinoyning yugurish bo‘yicha tajribasi oshib bordi.

– Sportda va hayotda qo‘lga kiritgan yutuqlarimda shubhasizki ustozimning o‘rni beqiyos, – deydi yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempioni Azizbek Samadov. – Musobaqalar davomida yuz beradigan har qanday vaziyatda ham o‘z xotirjamligini saqlab qolishi va to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi bilan ustozim shogirdlarini g‘alabalar sari yetaklab boradi. Mashg‘ulotlar davomida biz bilan baravar shug‘ullanishi esa o‘zimizga bo‘lgan ishonch va mas’uliyat hissini oshirib, faqat g‘alaba ruhi bilan bahslarga kirishishga undaydi.

Bugungi kunda Ziyoda Umirova, Marjona Abdurahmonova, Madina Umarova, Azizbek Samadov singari shogirdlari ayni vaqtda ustoz o‘gitlariga amal qilib ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.

– Sport salomatlik garovi bo‘lishi bilan birga eng samarali tarbiya vositasi hamdir, – deydi Yorqinoy Jumanova. – Shuning uchun ham bolalar va o‘smirlar, oila va mahalla sportiga, xotin-qizlar sportiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ayol murabbiylarning safini kengaytirish, ularni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yo‘lida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi mustaqilligimiz sharofatidan deb bilaman. Har bir kishiga mehnat qilishi uchun barcha imkoniyat yaratilgan.

Sportga nafaqat mehrini, qalb qo‘rini ham bag‘ishlagan Yorqinoy bugungi kunda shogirdlar mehrini qozongan. O‘zi suygan kasbidan saodatga erishish baxti nasib etgan qahramonimizning harakatlarini ko‘rgan odam borki uning g‘ayratiga, shijoatiga tan beradi. Sport bilan shug‘ullantirish barobarida shogirdlariga mustaqillikning naqadar ulug‘ in’om ekanini tushuntirishda ham faollik ko‘rsatib kelayotgan murabbiylarimizning kelgusi faoliyatlarida ham zafarlar yor bo‘lishi shubhasiz.

Farhod TOLIPOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: