EZGU AMAL – INSONIY FAZILAT
Bola ko‘ngli misoli gulga uxshaydi. Uni asrab-avaylashga barcha birdek mas’ul. Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan 37-jismoniy va ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor bo‘lgan bolalar va o‘smirlar maktabida bo‘lib o‘tgan tadbir ham bolajonlarni ko‘ngliga bir olam zavq-shavq ulashdi.
Ushbu “Go‘zallik va nafosat bayrami”da P.Barovskiy nomidagi Tibbiyot kolleji o‘quvchilari hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat Pedagogika universiteti talabalari ishtirok etishdi. Bolajonlar tomonidan ijro etilgan qiziqarli sahna ko‘rinishlari, quvnoq raqslar, qo‘shiq va she’rlar kechaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Ushbu ta’lim maskanida ayni vaqtda 253 nafar imkoniyati cheklangan o‘quvchilar ta’lim oladi. Maktab direktori Shahnoza Abdullayeva boshchiligida bolalar sportini rivojlantirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga katta e’tibor berilgan. 2012 yildan boshlab P.Barovskiy nomidagi Tibbiyot kolleji mazkur ilm dargohi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Ushbu hamkorlikdan maqsad ishlab chiqarish amaliyotida maxsus ta’lim muassasining faoliyatini o‘rganish asnosida imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus fanlarni o‘qitish jarayonlarida o‘quvchilarni egallagan nazariy bilimlarini mustahkamlash jarayonining samaradorligini oshirishdan iborat.
Bugungi bayram shukuhi, bolajonlarning yuzu ko‘zidagi quvonch hislari barchani to‘lqinlantirib yubordi. Tadbir so‘ngida tibbiyot kolleji o‘quvchilari bolajonlarga esdalik sovg‘alarini topshirdilar.
Dilfuza MUSAYEVA,
P.Barovskiy nomidagi Tibbiyot kolleji o‘qituvchisi