Bir bosh uzum
Shahar markazidagi ikki qavatli uy barchaning e’tiborini tortardi. Har bir yo‘lovchi unga havas-la boqar, o‘zining ham shunday uyi bo‘lishini orzu qilardi. Keng va shinam hovlining o‘rtasida joylashgan katta favvora atrofida ekilgan turli xil ko‘zni quvontiradigan gullar mehmonlarning bahri dilini ochardi.
Eshik yonidagi so‘rida Kimyoxon aya yoshlikda birga o‘sgan dugonasi Marhamatxon bilan, bolalikdagi xotiralar, farzandlari hayoti to‘g‘risida suhbatlashib o‘tirishardi. Gapdan-gap chiqib Kimyoxon aya anchadan beri “husayni” uzumini yeyishni istayotgani, bu haqda keliniga og‘iz ochganida kelinining “Yashash og‘ir bo‘lib qolgan, ahvolimizni ko‘rgan odamning bizga rahmi keladi, o‘g‘lingizning ortiqcha puli bor ekanmi? Ro‘zg‘orni arang tebratyaptiku, o‘zimiz nochorligimizda so‘rayotgan narsangizni qarang. Ana muzlatkichdan qo‘lingizga ilingan narsani olishingiz mumkin”, degan javobi uning dilini vayron qilgani haqida gapirdi.
Dugonasining gaplarini tinglagan Marhamatxon: – “Xafa bo‘lmang, o‘rgilay, agar o‘g‘lingiz shu gaplarni eshitganida keliningizning pattasini qo‘liga tutqazgan bo‘lardi” – deya tasalli berdi. Hovlida o‘ynab yurgan Saidjonning kutilmaganda “Yo‘q, buvijon kechqurun ayam o‘rtangizdagi gaplarni oqizmay-tomizmay dadamga aytganida, dadam yaxshi qilibsan, yana kampirsho injiqlik qilib biror narsa so‘rasa boplab javob beraver”, – deya aytgan gapi Kimyoxon ayaning bag‘rini battar tilkaladi. Ko‘zlariga yosh qalqidi, ammo, dugonasining oldida istihola qilib o‘zini yig‘idan tiydi. Marhamatxon dugonasini xijolatli holatdan chalg‘itish uchun maktabda o‘tgan davrlari to‘g‘risida gap ochdi. Ketar chog‘i keyingi safar kelganida albatta uzum olib kelishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
Oradan ikki kun o‘tgach Kimyoxon ayaning vafoti to‘g‘risida gap tarqaldi. Fotihaga kelganlar uchun dasturxonni shunday bezatishgandiki, go‘yo bu xonadonda aza emas to‘y-tomoshaga taraddud ko‘rilayotgandek. Ular orasida har xil shirinliklar, turli navdagi mevalar, nafaqat diyorimizda yetishtirilgan, balki chet eldan keltirilganlari ham bor edi. Hech gapdan xabari yo‘q Marhamatxon aya qo‘lida bir bosh husayni uzum tutgancha bo‘lgan voqealarni eshitgach, dasturxonga nazar soldi-yu, onasi tirikligida emas vafotidan so‘ng noz-ne’matlarni to‘kib sochgan beburd farzandga qarata: “Shuncha izzat-ikromni begonalarga emas, o‘z onangga qilsang bo‘lmasmidi?!” – deya zardali tanbeh berdi. So‘ng hovlini yoshiga to‘g‘ri kelmagan chapdastlik bilan tark etdi. Ko‘zidan “duv-duv” yosh to‘kilayotgan o‘g‘ilning poyida esa bir bosh uzum sochilib yotardi.
Turonbeka JABBORLI