OILA VA SALOMATLIK
Mazkur anjumanda mamlakatimizdagi chet el elchixonalari vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti, O‘zR FA iqtisodiyot instituti va BMTning aholishunoslik fondi (UNFPA) xodim va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Anjumanda mustaqillik yillarida hukumat tomonidan oila institutlarini rivojlantirishga qaratilgan farmon, qaror va farmoyishlarning amaldagi ifodasi, oilaning demografik rivojlanishi, aholini reproduktiv salomatligi va sog‘lom farzandni voyaga yetkazishda bugungi kunda oila oldiga qo‘yilgan vazifalarni tahlil qilish, davlat va nodavlat tashkilotlarning ijtimoiy sherikchiligini takomillashtirish orqali respublikada yosh oilalarning ijtimoiy-demografik jarayonlarini barqarorlashtirish, yoshlarni sog‘lom oila qurishga tayyorlashning optimal yo‘llarini topish, oilada ayollarning barkamol avlodni tarbiyalashdagi burch va mas’uliyatini kuchaytirish kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.
Yuqoridagi mavzular yuzasidan oilani ijtimoiy-ma’naviy jihatdan rivojlantirish, yoshlarni oilaparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi vazifalar belgilab olindi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA