Ko‘klam choyi
Biz tavsiya bermoqchi bo‘lgan vitaminlarga boy ko‘klam choyi immunitetni mustahkamlab, kayfiyatni ko‘tarish xususiyatiga ega bo‘lgan ichimlik hisoblanadi.
Ko‘klam choyini tayyorlash uchun na’matak va quritilgan yalpiz, turshak, olma qoqi kerak bo‘ladi. Meva qoqilari va quritilgan na’matak yaxshilab yuviladi. Ular teng miqdorda aralashtiriladi (bu aralashmani maydalasa ham bo‘ladi). Keyin esa tayyor bo‘lgan mahsulotlarni termosga solinadi. Ustidan qaynagan issiq suv solib damlab qo‘ying. Yalpizni havo o‘tkazadigan xaltachalarda quruq joyda saqlash kerak. O‘tkir hidli mahsulotlardan uni uzoqda tutish kerak. Chunki, hidini o‘ziga singdirib olishi mumkin. Tayyor bo‘lgan choy ertalab yoki kechki payt och qoringa uxlashdan 2 soat oldin ichiladi.
Shifobaxsh kokteyl
Bu foydali ichimlik me’da faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur kokteyl to‘yimli bo‘lib, u organizmida yog‘ yig‘ish xususiyatiga ega emasligi bilan ajralib turadi. Kokteylni uzog‘i bilan 5 daqiqada tayyorlash mumkin.
Ushbu tayyorlangan ichimlikni nonushtada yoki kun yarmida iste’mol qilish mumkin. Ichimlikni tayyorlash uchun 3 osh qoshiq suli yormasi, bir yarim stakan kefir, 1 osh qoshig‘ida asal, 1 choy qoshig‘ida istalgan muzlatilgan meva yoki banan bo‘lakchalari kerak bo‘ladi. Masalliqlar blendrda aralashtiriladi. Agar u bo‘lmasa idishga solib qoshiq yordamida yaxshilab aralashtirsa ham bo‘ladi.
Mazkur ichimlik tarkibida oqsil, yog‘, uglevod va vitamin va minerallar mavjud. Shunday qilib bu ichimlik uzoq vaqt sizni quvvat bilan ta’minlaydi.
Vitaminlarga boy kungaboqar pistasi
Kungaboqar urug‘i bizning organizmimiz uchun juda foydali. Pistani tabiat tomonidan o‘ziga xos ravishda yaratilgan “konserva” deb atashimiz mumkin. Buning boisi uning tarkibidagi inson organizmi uchun muhim bo‘lgan oziq moddalari uzoq vaqt davomida saqlanish xususiyatiga egaligidadir.
Bu mahsulot yarim to‘yingan yog‘ kislotalari, yog‘ va xolesterin almashinuvini normallashtirish xususiyatiga ega.
100 gr. pista o‘z tarkibida 311 mg. magniyni saqlaydi. Bu javdar noniga nisbatan olti barobar ko‘p demakdir. Magniy esa o‘z navbatida yurak qon tomirlari faoliyatini normallashtiradi.
50-60 gr. pista 20-30 gr. kungaboqar yog‘i bilan teng bo‘lib inson organizmini muhim bo‘lgan yarim to‘yingan kislotalar va Ye vitamini bilan ta’minlaydi.
Bu vitaminlar esa bizning hayot faoliyatimiz uchun juda muhim sanaladi. Ayniqsa, pista tarkibidagi Ye vitamini erkak va ayollarning reproduktiv a’zolariga ijobiy ta’sir etadi.
Organizmning zaiflashib qolishining oldini oladi. Jismoniy mehnat va sport bilan shug‘ullanuvchi insonlar uchun juda foydali. Shunday qilib ko‘cha-ko‘yda pistaga ko‘zingiz tushsa unga faqatgina zerikish tufayli chaqiladigan ovunchoq sifatida qaramang.
Malohat NAZAROVA