Bahodir lahzalar etadi davom
Polvon yuksaklardan ko‘z uzma bu dam,
Bor hali qanotsiz uchgan otlaring!
Bahor. Maysalar quloq yozgan ko‘pkari dasht. Olisda yuzasi jimir-jimir tovlanayotgan baliqchilik havzalari ko‘zga tashlanadi.
Bu yerda qadamiga intizor dalasidan bir kungina ko‘nglini uzolgan mirishkoru cho‘pontayog‘ini tin oldirishga qaror qilgan chorvadorlar jam bo‘lishgan. Sayhonlikda otlar pishqirig‘i qaynaydi, son-sanoqsiz tomoshatalablarning g‘ala-g‘ovuri avjiga chiqadi. Maydonda o‘tmishi ko‘p ming yilga boradigan asl qorabayirlarning kenja avlodlari uloqning tashlanishini kutadi. Polvonlar vujudini bemisl shijoatga chulg‘ayotgan hovurdan mast bo‘lib, qurdagilarning imosiga ilhaq turadi. Tulporlarning karrakday ochilgan og‘zidan, sarak-sarak qilayotgan tumshug‘idan pag‘a-pag‘a bug‘ otiladi. Uzun choponiga o‘ranib olgan otbozlar arg‘umoqlarini doira aylantirib, hushtak chalib ovutib sovitadi. Endigina to‘da ko‘rayotgan g‘unonlar o‘ynoqlab, soat milidek gir-gir aylanadi.
Osmonida ozod turnalar arg‘amchi tortishga chog‘lanayotgan o‘lkada to‘kinchilikning havosi kezadi. Qo‘raga chibich echkidan tuyagacha jam qilgan bakovul o‘ktam ovoz bilan tovushlaydi:
– Ermamat hojining ko‘pkarisiga Sarimsoq bug‘altir bir qo‘y, O‘rinboy sandiqchi bir serka, Abdurayim otboz bir gilam bilan bir qo‘y, Berdi rais ikki yuz ming so‘m pul ustida bir buxoro chopon, G‘olib bedanachi bir taka ustida ikki palos, Mirzaesagidan Amir avtobuschi bir toy, qorakisalik Hasan fermer bir toy, besh yuz ming so‘m pul, jiyani Hazrat dallol bir tuya solim aytgan…
Solim aytuvchilarning nomma-nom e’lon qilinishi ishqibozlarning sabrini qiyomga keltiradi. Chetroqda ot ustida turgan keksa polvon:
– Har zamonga – bir zamon! – deydi sherigiga qarab. – Turob aka, biz ham bir paytlar ikkita kosa yoki bir juft kalish uchun to‘da surib “polvonman” deb o‘tgan ekanmiz-da. Bugungi solimlarni qarang, zot katta bo‘lgandan keyin ko‘pkarining shavqiyam boshqacha bo‘ladi-da.
– To‘g‘ri aytasiz, – ma’qullaydi yuzini ajin qoplagan oqsoqol. – Zamonangga sallamno!
– Bugungi yig‘inda to‘yxonadan o‘ttiz “tavoq” bo‘ladi, – bakovul tag‘in davraga yuzlanadi. – Yana solim aytishni ko‘ngildan o‘tkazganlar bo‘lsa kelaversin. El oldida baqirib-baqirib e’lon qilaman. Ho-ov, mana Qirg‘iztepadan Oltmishboy inimiz keldi, uning nomidan bir tana ustida uch yuz ming so‘m pul…
Kun tushga yaqinlashavergani sayin solim aytuvchilarning safi qalinlashib boradi. Quvmada otlarini qizitish uchun bir qo‘l taka taqimlagan dongdor chavandozlar zerikib, to‘da-to‘da bo‘lib o‘tgan sarguzashtlardan gap suradi. Yosh polvonlar payt kelganligidan ayqirishib, kimo‘zarga o‘zlarini galaga uradi. Tizzabo‘y kurtik oralab kelayotgan yilqisevarlar qishlog‘ining otlarini og‘iz to‘ldirib maqtaydi. Chopag‘onlarini uchratsa “Hey, zotning zo‘riga chop!”, – deb g‘oliblikka undaydi. Sha’niga duo qilib, rag‘bat uchun bir-ikki so‘m uzatadi. Junbushi zo‘rlari “Tuyaga tashlasang bir qo‘y so‘yib mehmon qilaman”, deya va’da beradi. Qiyaliklarda joylashgan kabobchi va tog‘ora ko‘targan somsachilar izdihomning avjini ko‘rib, savdoni xomcho‘t qiladi. Onda-sonda uchrab qoladigan shaharliklar bo‘ynini gajak qilib turgan yoki ko‘kka sapchiyotgan asov otlarni hayratlanib tomosha qiladi.
Ko‘hna o‘tmishning siru sinoatlarini bag‘riga bosib yotgan kengliklarda sha’ni baland ajdodlarning muzaffar avlodlari zot talashadi, or-nomus talashadi. Bu xislat kayvonilar fotihasini olib maydonga tushayotgan chavandozlarga bobolaridan o‘tgan.
Tarixiy manbalardan ma’lumki, qadimdan turkiylar ot ilmini juda yaxshi bilishgan. Olimlarning ta’kidlashicha, ularning bu xislati o‘z davrida beqiyos maktab yaratishlariga turtki bo‘lgan ekan. Yana, ba’zilarning: “Texnika rivojlangunga qadar taraqqiyot jilovi otliqning qo‘lida edi” degan gapida ham jon bor. Fe’limizdagi otga yaqinlik ko‘pmingyillik hodisa. Bo‘lmasa, yilqini uyning jonli a’zosi sifatida qadrlarmidik?! Aslida, bu fazilat “Alpomish” va “Go‘ro‘g‘li”dagi epik tahayyulga singib ketgan afsonaviy otlarimizdan meros.
Yana bir gap. Moziyda sharqu g‘arb ostonalarini ko‘z ochib yumguncha bosib o‘tgan asl zotli qorabayirlarning bugungi avlodlariga birgina uloq maydonlari qolganidek, yovqur ajdodlarimizdan bizga ko‘pkari maydonlaridagi shijoat va g‘oliblikka intilish meros qolgan.
Tepada quyosh charaqlab tursa-da, adirlikning “hur-hur” shamoli etni jimirlatadi. Zo‘rlarning marrani ishg‘ol etishini kutayotgan tomoshatalablarga bu harorat ta’sir qilmaydi. Ular ich-ichidan ko‘tarilayotgan hovur bilan polvonlarini olqishlaydi. Qamchilarning vizillashi, chavandozlarning zardali urho-uri, olamonning hayqirig‘i kinolardagi jang simfoniyasini eslatadi.
Gala harakatga keladi. Uloqning hadisini olgan otlar to‘dadagi so‘qqi jon-jonidan o‘tib ketsa-da, suvliq g‘ijirlatib chavandozining takani taqimiga olishini kutadi.
Bakovulning guldirak ovozi yangraydi:
– Borishiga – bir qo‘y-bir serka, kelishiga – bir qo‘y-bir gilam bilan yuz ming so‘m pul.
Nihoyat, shoir bitgan lahzalar boshlandi:
Boshida quloqchin – uvada telpak,
Shunqor ko‘zlarida yonar shijoat,
Davrasi giryonu shashti jonsarak,
Chavandoz uloqni yerdan uzdi dast.
Hayqiriq, urho-ur tutdi samoni,
Otlar to‘dasida sapchidi tulpor,
Yelkasiga tashlab eski choponni
Polvonning padari turar beviqor.
Duldullar pishqirar, bosar g‘alayon.
Burgutlar galasi talashar go‘yo,
U-chi, bir chekkada shivirlar bu on:
“Yo, Haq madad bergin o‘zing, iloyo!”
Qamchi chatib o‘tdi raqib oldidan,
Ketdi oybotarga qarchig‘ay kabi.
“Sen, mening umrimni yashading shu dam,
Barakalla!” – derdi padarin qalbi.
Siltab tashlab o‘tdi toyning ulog‘in,
Kuch bermay shamoldek uchadi bedov.
Bu, dongli hayotning shonli sabog‘i,
Had bilmas umrning jig‘asi – asov!
Maydon terchilaydi, loylanar har yon,
Bahodir lahzalar etadi davom!
Anvar SUYUNOV