Bulutlarga yondosh osmon ostida
Qadim zamonlarda Farg‘ona vodiysining atrofi tog‘ bilan o‘ralganligi sabab “Dovon” yurti deb atashgan. O‘zining boy va go‘zal tabiat, mo‘tadil iqlimi bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortgan dovon yurtini egallashga urinishlar ko‘p kuzatilgan. Ammo u yerga hujum qilmoqchi bo‘lgan dushman tub aholining juda qattiq qarshiligiga duch keladi. Atrofi tog‘ bilan o‘ralgan hududda dovonliklarning tog‘dan tog‘ga mohirlik bilan o‘tib yurishlarini ko‘rib o‘zini yo‘qotib qo‘ygan dushman askarlari tog‘lar orasida sargardonlikda qolib halok bo‘lgan. Dovonliklarning oddiy arqon “ko‘prik” yordamida u qoyadan bunisiga epchillik bilan o‘ta olishlari haqida ko‘plab afsonalar yaraldi… Ular tildan tilga ko‘chib uzoq uzoqlarga taraldi… Shu tariqa Dovon yurtining samoviy tulporlari singari, g‘ayritabiiy qobiliyatga ega odamlari haqidagi xabarlar ham atrofga yoyildi… Bu esa chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning anchayin kamayishiga olib keldi. Bu bugun biz sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan dorbozlikning ibtidosi edi.
Dastlab jang san’ati sifatida vujudga kelgan dorbozlik bora-bora ko‘ngilochar tomoshaga aylandi.
Tog‘ askarlari biron xavf tug‘ilsa olov yoqib xalqni xabardor qilishgan. Mazkur jang usuli raqiblarga qarshi katta naf keltirgani sabab, askarlar o‘rtasida dorbozlikni o‘rgatish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Natijada murabbiylar paydo bo‘ldi. Urush tugab tinchlik hukm surgan davrlarda dorbozlar xalq orasida arqonda yurib tomosha ko‘rsatishgan va bora-bora bu dorbozlik san’atining milliy xalq o‘yiniga aylanishiga sabab bo‘lgan.
Shu-shu avloddan avlodga o‘tib kelayotgan dorbozlik san’ati xalqimiz orasida keng ommalashdi. Oilaviy dorbozlarning dor ustida chaqqon harakatlarini yurak hovuchlab kuzatgan odam ular mahorati va jasoratiga tan bermay iloji yo‘q.
Vaqtlar silsilasida dorbozlik san’atiga ham ma’lum bir vaqt e’tibor go‘yo susayganday edi. Shukrki, istiqlol sharofati bilan ko‘plab milliy qadriyatlarimiz singari u ham o‘z qadri va qaddini tikladi.
Bugungi kunda yurtimizda ko‘plab dorboz oilalari mavjud. Ular bayram va tantanalarda xalqimizning ko‘nglini hushnud etmoqda.
– Dorbozlik otadan bolaga o‘tib kelayotgan madaniy meroslarimizdan biridir, – deydi mashhur polvon Tursunali Mamajonov. – Qadim-qadimdan bolani dorbozlikka o‘rgatish uchun uni go‘dakligidan, endi “atak-chechak” qilib yurishni boshlagan vaqtidan dor ustiga olib chiqishgan. Sababi bolada qo‘rquv hissi ikki yoshdan shakllanadi. Qo‘rquv nimaligini bilmay ulg‘aygan bola esa kelajakda yuksakda turgan qilichning damiday arqon ustida erkin harakatlana oladi.
Dorbozlik sportning san’at darajasiga chiqqan turidir. Zero, dorbozning harakatlarini kuzata turib unda gimnastika, akrobatika va yana shunga o‘xshash ko‘plab sport turlari elementlarini ko‘rishingiz mumkin. Sport turi sifatida bolaning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilish bilan bir qatorda, dorbozlik xalq madaniy merosi sifatida milliy qadriyatlarni qadrlash, insonlarning ko‘nglini ko‘tarish singari ezgu fazilatlarni shakllantiradi. Shuningdek, bu san’at turi bolada sog‘lom turmush tarziga oshno bo‘lish tushunchasini ham uyg‘otadiki, bu o‘z-o‘zidan ularning salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Navro‘z sayllari davomida har bir go‘shada xalq o‘yinlari uyushtiriladi. Bular orasida dorbozlarning chiqishlari tomoshabin qalbida o‘zgacha zavq uyg‘otadi. Shu sababdan dorbozlikka, dorbozga nisbatan xalqning mehri o‘zgacha. Tomosha vaqtida dor ustidagi harakatlardan tashqari xalq o‘yinlarining qadimiy turlaridan morbozlik (ilon o‘ynatish), simbozlik, masxarabozlik, huqqabozlik, sangbozlik, yog‘och oyoq o‘yinlari, ko‘zboylog‘ichning chiqishlari ham namoyish etiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan yig‘ilganlarning kayfiyatini ko‘taradi, ularga haqiqiy bayramona shukuh taqdim etadi.
Istiqlol yillarida milliy qadriyatlarimizni tiklashga katta e’tibor qaratildi. Navro‘z bayramining milliy ayyom sifatida nishonlanishi esa shubhasiz, bayram bilan bog‘liq ko‘plab xalq madaniy-ma’rifiy merosining yana ommalashishiga zamin yaratdi. Har yili hukumatimiz tomonidan o‘tkaziladigan Navro‘z bayrami tantanalari dasturidan xalq qo‘shiqlari, o‘yinlari, topishmoq, lapar, o‘lan, aytishuvlarning ham muntazam o‘rin olayotgani so‘zimizning tasdig‘idir.
– Navro‘z sayli boshlanishini intiqlik bilan kutyapmiz, – deydi Ziyohiddin Husanov. – Nabiralarim sumalak, halim, ko‘k somsa va yana ko‘plab bahoriy taomlarni iste’mol qilish bilan birga, bayram tomoshalariga chiqishni alohida intizorlik bilan kutadi. Dorbozlar ko‘rsatadigan tomoshalar ularda ayricha taassurot qoldiradi. Nabiralarimning Navro‘z tarixi, dorbozlik tarixi haqidagi savollariga javob topish asnosida xalqimiz tarixini o‘rganishayotgani, qalbida milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat tuyg‘usining shakllanib borayotganini sezaman.
Dorbozlik san’ati dunyoning turli burchaklarida mavjud bo‘lib, har biri o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
– Dunyoda dorbozlik san’atiga ega bo‘lgan xalqlar ko‘p, – deydi Tursunali Mamajonov. – Ammo o‘zbek dorbozchiligi ularning hech biriga o‘xshamaydi. Bizdagi dorlarning balandligi 12 metrni, uzunligi 4 metrni tashkil etadi va bu dunyodagi eng baland dor hisoblanadi. Turli chet davlatlarga gastrol safarlari bilan borganimizda xorijliklarning san’atimizga, tariximizga, yurtimiz haqida bilishga bo‘lgan qiziqishlarini ko‘rib o‘zbekligimdan yanayam faxrlanib ketaman.
Bobosining tarbiyasini olib ulg‘ayayotgan yigitlar kelajakda o‘z tarixini, o‘tmishini unutmaydigan, qadriyatlarini qadrlaydigan va eng asosiysi o‘zbek sport san’atini dunyoga tanitishda ulkan hissa qo‘shadigan inson bo‘lib voyaga yetishlariga shubha yo‘q. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan 32 ta dorboz oilasining safi yildan yilga kengayib borishi, qadimgi, ammo qadrli san’atning kelajagi porloqligidan dalolat berib turibdi.
Farhod TOLIPOV