O‘ZBEK QIZI XALQARO TANLOV G‘OLIBI
Ispaniyaning Kosta-Bravo shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro musiqa tanlovida hamyurtimiz Farangiz Jo‘rayeva 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Skripka yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda mamlakatimizdan tashqari dunyoning Fransiya, Ispaniya, Shvetsiya, Finlandiya, Yaponiya, Rossiya, Azerbayjan va boshqa bir qator davlatlardan ishtirok etgan yosh ijrochilar o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.
Farg‘ona shahar 4-sonli bolalar musiqa va san’ati maktabi o‘quvchisi Farangiz Jo‘rayevaning xalqaro tanlovdagi ishtiroki hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi va faxrli 1-o‘ringa munosib deb topildi. Uning skripkadagi nozik ijrosi dunyoning yetakchi san’atkor-ijrochilari olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Shuni ta’kidlash joizki, 2015 yilning bugungi kuniga qadar bolalar musiqa va san’at maktabi tarbiyalanuvchilari 20 dan ortiq xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, ulardan 25 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Shavkat XO‘JAQULOV,
Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi