YURTIMIZDA ILK KURASH MAKTAB-INTERNATI OCHILADI
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Surxondaryo viloyatida maktab o‘quvchilari uchun sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etilmoqda.
2015-2016 o‘quv yilidan boshlab Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi 20-umumta’lim maktabi negizida faoliyat yuritadigan mazkur maktab-internatni tashkil etishdan maqsad yoshlarni milliy kurash bilan muntazam shug‘ullanishlariga kerakli sharoitlarni yaratish, ularning mahoratlarini oshirish, sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish hamda shu bilan bir qatorda ularning bo‘sh vaqtlarini unumli sarflashga erishishga qaratilgan.
Maktab-internatiga har yili tanlov asosida 20 nafar o‘quvchi 5-sinfga qabul qilinib, malakali murabbiylardan milliy kurash sirlarini o‘rganadilar.
Hozirda hamkor tashkilot va idoralar bilan mazkur maktab-internatning ustavi, o‘quv-mashg‘ulotlar rejasi, o‘quvchilarni tanlab olish tartibi bo‘yicha nizom ishlab chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun shuni aytish joizki, 2012 yildan boshlab Toshkent shahrida O‘zbekistonRespublikasi Vazirlar Mahkamasining 323-sonli qarori asosida tashkil etilgan sport kurashlari bo‘yicha ihtisoslashtirilgan olimpiya zahiralari maktabi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.