GO‘ZALLIK VA SALOMATLIK AYYOMI
Mustaqillik yillarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, aholi orasida jismoniy madaniyatni shakllantirish, xotin-qizlar, bolalar o‘rtasida hamda oilaviy sportni rivojlantirish, qishloq joylarida sportni yanada ommalashtirish, ayol murabbiylarni rag‘batlantirish borasidagi islohotlar amalda o‘z aksini topmoqda.
Xabaringiz bor, o‘tgan yili o‘zbekistonlik gimnastikachilarimiz yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarib, xalqaro chempionatlarda zafar qozonib qaytdilar. Hozirda asosiy terma jamoamiz 2013 yilda Janubiy Afrika Respublikasida o‘tadigan musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Yurtboshimizning tashabbusi bilan tobora keng ko‘lam kasb etayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” tamoyillari asosida xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilganligi ushbu g‘alabalarning asosini tashkil etadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun yurtimizda 2 million nafarga yaqin xotin-qiz jismoniy tarbiya va sportga jalb etilgan. Ular orasida, ayniqsa, badiiy va sport gimnastikasi, akrobatika, tramplin, zamonaviy raqs va fitnes mashg‘ulotlarini o‘zida birlashtirgan gimnastrada sporti tobora ommalashmoqda. Ushbu sport turlari bo‘yicha ko‘plab musobaqa, festival va spartakiadalarning tashkil etilayotgani bunda muhim omil bo‘layotir.
Joriy yilning 24-25 noyabr kunlari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Gimnastika federatsiyasi va Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida “Gimnastika barcha uchun” O‘zbekiston ochiq chempionati tashkil etildi.
“Universal” sport saroyida o‘tkazilgan an’anaviy “Gimnastika barcha uchun” O‘zbekiston ochiq chempionatida 500 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahslashdi. Ular orasida maktab va kollej o‘quvchilari bilan bir qatorda uy bekalari, korxona va tashkilot xodimlarining ham borligi mamlakatimizda sport aholining barcha qatlami o‘rtasida keng ommalashayotganini namoyon etdi.
Ikki kun davom etgan ushbu musobaqada kompozitsiyasining mazmun-mohiyati, ijro mahorati, ishtirokchilarining raqs va gimnastika elementlarini bajarish qobiliyati bilan ajralib turgan Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari jamoalari turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Musoboqa dasturida bu yil ilk marotaba turli vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslar tashkil etilib unda, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xodimlari birinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning keng ko‘lamda o‘tkazilgani Yurtimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasi aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga intilish kuchayib borayotganidan dalolatdir.
Navro‘z NORBOBOYEV