JISMONIY VA YURIDIK ShAXSLAR MUROJAATI
Mamlakatimizda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 2014 yilning 4 dekabrida kuchga kirdi.
Ushbu qonun 5 bob, 31 moddadan iborat bo‘lib, davlat organlari va davlat muassasalariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Uning birinchi bobida “Umumiy qoidalar” aks etgan.
Ikkinchi bobida esa jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat etish huquqlarining kafolatlari belgilangan.
Uchinchi bobda murojaatlarni berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi o‘z ifodasini topgan.
To‘rtinchi bobi murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda davlat organlarining majburiyatlariga bag‘ishlangan.
Beshinchi bob yakunlovchi qoidalardan iborat.
Yangi qonunning avvalgi qonundan farqlari nimada degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi mumkin.
Birinchidan, yuridik shaxslarning davlat organlari va muassasalariga murojaatlari sohasidagi munosabatlari ilgari qonun yo‘li bilan tartibga solinmagan edi, endi bu qonun bilan mustahkamlandi.
Ikkinchidan, qonunda zamon talablaridan kelib chiqib, elektron shaklda murojaat qilish huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Endilikda jismoniy va yuridik shaxslar belgilangan tartibda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tegishli idora yoki mansabdor shaxslarga murojaat qilishi mumkin.
Uchinchidan, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvalida qabul vaqti va joyi ko‘rsatilishi hamda qabulga oldindan yozilish to‘g‘risidagi axborot mavjud bo‘lishi shartligi belgilandi. Bunday jadval ma’muriy binoning hamma ko‘rishi mumkin bo‘lgan joylariga joylashtiriladi. Qabul qilish tartibi davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida ham e’lon qilinadi.
Sh.TOSHPO‘LATOV,
Yuristlar malakasini oshirish markazi tinglovchisi