Ayol siyrati suratlarda
Toshkent Fotosuratlar uyida “Ayol go‘zal – hayot go‘zal” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.
Yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoyalash, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyat yaratish doimiy e’tiborda. Bu boradagi keng ko‘lamli ishlar samarasida jamiyatda o‘z munosib o‘rniga ega ayollar safi kengaymoqda. Ushbu ko‘rgazmada ana shunday faol xotin-qizlarning hayoti va intilishlari ifodalangan 200ga yaqin ijodiy ish namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmadan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi fotorassomlar sho‘basi a’zolari, ijodiy maktab-studiyasi bitiruvchilarining foto asarlari o‘rin olgan. A.Jumayev, V.Shlosberg, V.Sokolov, I.Sodiqzoda, M.Levkovich, H.Atoyev, U.Abdurazzoqova, P.Aleksey, H.Paydoyev, Sh.Sharopov, B.Akramov kabi taniqli fotoustalar bilan birga, iqtidorli yoshlar tomonidan olingan suratlarda xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga doir ezgu ishlar, shijoatli yoshlarimizning orzu-umidlari aks ettirilgan.
I.XUDOYQULOV