Qalb harorati va ilm ziyosi bilan

So‘lim bahor ko‘klam tarovatini qirlar uzra namoyish qilmoqda, borliq uyg‘onish faslining epkinlariga yuz tutgan. Quyoshning zarrin nurlari ona Zamin uzra taralmoqda. Ko‘cha chetida “g‘uj-g‘uj” gullagan bodomlar mo‘l rizqu nasibadan darak bermoqda. Ana shu go‘zallikdan bahra olib har galgidek erta tongdanoq qadrdon maktabi tomon oshiqqan Gulnora Jumaniyozovani ilm maskani hovlisida kasbdoshlari, shogirdlari qarshi olishdi. Opa ular bilan iliq salomlashar ekan hali zamon boshlanadigan saboqlar jarayonidagi o‘ziga xos yangiliklar, o‘quvchilarning fanni o‘zlashtirishi, intizomi va davomati, kelgusi rejalar haqida qizg‘in suhbat boshlandi. Saboqlarga chorlovchi qo‘ng‘iroq ovozi yangraganda esa galdagi vazifalar allaqachon belgilab olingan edi.

Darhaqiqat, ertasini bugunidan ravshan ko‘rayotgan Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 11-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi jamoasining o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishdagi samarali ishlari haqida har qancha so‘zlasak arziydi.

Chunki, “Ijodiy muhitni rivojlantirish o‘quv yili” munosabati bilan “Eng namunali maktab” nomiga musharraf bo‘lgan ushbu ta’lim maskani qator yillardan buyon respublika maktablari o‘rtasida reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni egallab kelmoqda. 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining eng yaxshi veb-saytlar tanlovi bo‘yicha “Eng yaxshi ta’lim muassasasi veb-sayti” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ilm maskani o‘quvchilarining o‘tayotgan har bir kuni muvaffaqiyatlar sari yetaklaydi.

– Bugun mamlakatimizda yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasini tuman, shahar va qishloqlarimizda qad rostlagan zamonaviy ta’lim maskanlari misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin, – deydi muassasaning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nazira Rajabova. – 2009 yilda to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan maktabimizda bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mavjud kimyo, biologiya hamda fizika xonalari zamonaviy laboratoriya uskunalariga ega. Barcha fan xonalari yangi mebellar to‘plami bilan jihozlangan. “Ziyonet” tarmog‘iga ulangan kompyuter jamlanmalari hamda maktab qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan turli fan va sport to‘garaklari o‘quvchilarning ma’nan va jismonan sog‘lom ulg‘ayishiga zamin yaratayotir. Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan o‘qituvchi va o‘quvchilarimiz kun sayin yangi-yangi muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmoqda.

Mazkur ta’lim maskanida ayni vaqtda 2 ming nafarga yaqin yoshlar ta’lim-tarbiya olishmoqda. Ularga 120 nafardan ziyod malakali pedagoglar saboq berayotir.

Yana o‘qing:  BU YURTGA G‘ALABALAR YARASHADI

Yangilikka intilish, uni tezda ilg‘ab, ta’lim-tarbiya jarayoniga tatbiq etish jamoaning asosiy yutuqlari omilidir. Albatta barcha muvaffaqiyatlarga avvalo jamoaning ahilligi, sog‘lom muhit yaratilganligi, qolaversa, har bir topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashish orqali erishilmoqda. Ta’lim maskanida faoliyat yuritayotgan tajribali ustozlarning 12 nafari “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovining g‘olib va sovrindorlari safidan o‘rin olishgan. Islom Ro‘ziyev, Mavjuda Usmonova, Ulug‘bek G‘ulomov, Samad Jumayev, Zamira Hamidova, Asatillo Fayziyev singari malakali o‘qituvchilarning shogirdlari turli ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. “Jaholatga qarshi ma’rifat” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida “Eng yosh ijodkor” nominatsiyasi g‘olibi Mahdiya Bobonazarova, bilimlar bellashuvining respublika bosqichida biologiya fani bo‘yicha I o‘rin sohibasi Iroda Xolmurodova, tarix fani bo‘yicha I o‘rinni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 22 yilligiga bag‘ishlangan “Prezident asarlarini o‘rganamiz” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida oliy o‘rinni egallagan Sabina Xudoyqulova, ona tili fani bo‘yicha faxrli birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan Gulnigor Hamroyeva kabi iqtidorli o‘quvchilar maktabning faxri hisoblanadi. Birgina bu emas, maktabning sportsevar o‘quvchilari ham ko‘plab musobaqalarda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan. Amirbek Dilmurodov sportning erkin kurash turi bo‘yicha Turkiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro “Gomlik” bo‘yicha ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Muhammad Olimov sportning milliy kurash, Elyor Kenjayev qo‘l jangi, Dilnavoz Otamurodova badiiy gimnastika bo‘yicha qator nufuzli musobaqalarning g‘olibi. Sanayversak yutuqlar zalvorli, muvaffaqiyatlar bisyor.

Qariyb o‘n yildan buyon ana shu muqaddas dargohni ardoqlab, unga rahbarlik qilib kelayotgan Gulnora opa Jumaniyozova har kuni yana bir yangilik sari intiladi. Ayolning o‘z kasbini ardoqlashi, o‘zgalar tashvishi bilan yonib yashashi, oila atalmish gulzorning chamandek yashnab turishiga hissa qo‘shishining o‘zi bir baxt. Ana shu baxt zamirida esa tinimsiz mashaqqat, halol mehnat, totli halovat mujassam.

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: