Salom, tansiq bahor!
I
Yana ko‘k tubida sayraydi qushlar,
Yana yerda ko‘hna yam-yashil ko‘rpa.
Yana tandan ketdi mudrashu tushlar,
Yana yoshdek dilda o‘ylar ming turfa.
Gar ibora qadim, qofiya siyqa,
Ajdod o‘lmasligin haqiqati bu.
Bahor deding: birdan olam antiqa
Va senda eng yolqin, tirik bir tuyg‘u.
Yoshingni, dardingni, iztirobingni
Bir silkinish bilan otasan yiroq.
Xayoling yetmagan, umid tutmagan
Eng yiroq ufqlar kelar yaqinroq.
Va sen yana qalbi otashga to‘liq,
Tog‘ni talqon qilgich qudrat taningda –
Mehnatga tushasan, hosil ham bo‘liq,
Bu yil yetilajak shonda aqalli,
Zarracha mahsuling bo‘lishi aniq.
II
Ey bahor, to‘ymagich jonim bor,
Sen bilan tug‘ildi u egiz.
Borlig‘ing quchmoqqa holim bor,
Ishlaylik yil bo‘yi ikkimiz.
Yaralish – tug‘ilish uduming
Charchagan qonimga et payvand.
Yil bo‘yi yashil suv, ko‘k nuring
Tomirda yugursin yuz ming chand.
Yil bo‘yi niholday sarg‘aymay
Saraton zug‘miga beray dosh.
Qahraton qahridan mung‘aymay,
Qonimda kez, yashil, Yosh Quyosh…
Zulfiya,
1979 yil