Dilfuza SHOMALIKOVA. HIKOYALAR

BAHOR BILAN RAQS

– Qish uyquga ketdi. Bahorning ko‘zi ochildi, – buvimning ovozi eshitildi. U gohida o‘zi bilan o‘zi gaplashadi. Shunda oldiga yugurib boraman.

– Kurtaklarni qara bolam, gulga aylanaman, deb turibdi.

– Voy, daraxtlar ham gapiradimi?

– Ah bolam-a, gapirish nima bo‘pti-ya… Ko‘klam kuyini chalsa gullar raqsga tushadi.

Buvimning gapi tugashi bilan onam qo‘limdan tutdi:

– Bo‘laqol, kech qolamiz.

Eshikda bog‘cha opam kutib oldi.

– Tezroq kiraqol, – deb kiyimimni almashtirishga yordamlashdi.

– Hamma o‘ziga sherik tanladi. Sen ham o‘ylab tur. Birozdan keyin yangi raqs boshlaymiz.

Qarasam, o‘rtoqlarim qo‘llarini ushlab olishgan: Aziza bilan Furqat, Artur bilan Sveta, Mohinur bilan Shamshod… hammaning sherigi bor. Bog‘cha opamiz menga qaradi.

– Men… bahor bilan raqs tushsam maylimi? – dedim. Ular jilmaydi. Xona burchagidagi gul to‘la savatni ko‘tardim. Musiqachi opamiz pianinoga qo‘llarini qo‘ydi. Keyin gulsavatni ko‘targancha aylandim. Hamma qarsak chaldi.

BOLA OPICHLAGAN CHUMOLI

Buvimnikiga boradigan bo‘ldik. Uyi uzoq emas. Katta ko‘prikdan o‘tsak bo‘ldi. Chinorning yonidagi ko‘chadan beshinchi uy. Shunday ko‘rinib turadi – xolvarang eshik.

Oyim avval meni, keyin ukamni kiyintirdi. Buvimga ovqat ham oldi. Jamshid oyimning qo‘lidan tushmaydi, uni ko‘tardi, ovqatni ham. Meni qo‘limdan yetakladi. Ko‘prikning boshiga yetganimizda to‘xtadik. Soyabon qilingan joyga o‘tirdik. Katta-kichik toshlar orasidan chumolilar kirib-chiqardi.

– Qarang, oyijon, – dedi Jamshid, – chumoliyam bolasini opichlab olibdi. U qo‘llarini tizzasiga qo‘yib, sekin-sekin chumolining orqasidan ergashdi.

– Voy, – dedi sal o‘tmay, – bolasi tushib oldi. Kichki-ina bo‘lsayam, yurishini qarang. Onasidan qolmayapti…

– Bo‘ldi, ketdik, – Oyim ukamga qo‘lini uzatdi, – qani kel-chi…

– Yo‘q oyijon, endi men katta bolaman, o‘zim yuraman. Xo‘pmi?

GULNING ONASI CHIROYLIMI?

Mening oyim o‘qituvchi. Buvim – shifokor. Buvimning ham onasi bor – faqat kampir.

– Oyijon kampirlarning ham onasi bo‘ladimi?

– Ha, bolam.

– Daraxtlarniyam, qushlarniyammi?

– Albatta, jamiki jonivorlarniyam. Yaralgan hamma mavjudotning onasi bo‘ladi…

– Eng chiroyli kimning onasi?

– Bilmasam, bolam.

– Gulniyam onasi bormi?

Яна ўқинг:  29 МАРТ – ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ПРЕЗИДЕНТИ САЙЛОВИ КУНИ

– Ha bolam, bor-da onasi.

– U juda-juda chiroylimi?

– Judayam.

– Sizdan hammi?

Onam jilmayib, hech nima demadi.

– Yo‘q, ishonmayman… eng chiroylisiyam sizdek emas… Sizdan keyin, – barmoqlarimni ko‘rsatdim, – ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi ular…

Birinchi faqat – Siz… siz…

Oyim barmoqlarimni mahkam ushladi. Kaftlarimni birlashtirib, qo‘limni siladi.

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: